«Budjetdan sarflanadigan har bir so‘m uchun Moliya vazirligi xalq vakillari oldida hisobot berishi lozim» - Prezident

O‘zbekiston 14:00 / 20.01.2020 11921

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlament nazoratini kuchaytirish masalasiga alohida e'tibor qaratdi. 

O‘tgan davrda parlament nazoratining yangi shakl va mexanizmlari hayotimizga kirib keldi. Jumladan, Qonunchilik palatasida hukumat a'zolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish tartibi – «Hukumat soati» instituti joriy etildi. Bundan tashqari, 2019 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi a'zoligiga nomzodlarni quyi palata majlisida ko‘rib chiqish amaliyoti tatbiq qilindi.

– Ta'sirchan parlament orqali samarali ijro hokimiyati faoliyatini yo‘lga qo‘yishga erishamiz. Shu sababli xalq orasida munozaraga sabab bo‘layotgan muammolar yuzasidan mas'ul rahbarlarning parlament va mahalliy kengashlarga tushuntirish berish tartibini joriy qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qonunchilik palatasi qo‘mitalari va boshqa tarkibiy tuzilmalari nazorat-tahlil ishlarini kuchaytirishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Quyi palatada tashkil etilgan Davlat budjeti boshqarmasi budjetni shakllantirish va ijrosi ustidan samarali nazorat o‘rnatishga xizmat qilmoqda.

Ma'lumki, bugungi kunda mamlakatimiz hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan katta hajmda mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Lekin ularning to‘g‘ri va unumli ishlatilishini nazorat qilish borasida shu hududlardan saylangan deputatlarning ishtiroki deyarli sezilmayapti. Holbuki, joylarda ajratilgan mablag‘lardan noto‘g‘ri foydalanish, ularni talon-toroj qilish, korrupsiya holatlari ham uchrab turibdi.

Shu bois xalq vakillari o‘z vakolatiga asoslanib, ta'sirchan nazorat o‘rnatishi zarurligi ta'kidlandi.

– Budjetdan sarflanadigan har bir so‘m uchun Moliya vazirligi xalq vakillari oldida hisobot berishi, barcha idoralar davlat mablag‘ining aniq maqsadlar uchun ishlatilishi bo‘yicha parlamentdan hayiqib turishi lozim. Shunda tartib bo‘ladi, shunda hamma deputat bilan hisoblashadigan bo‘ladi, – dedi Prezident.

Prezident Shavkat Mirziyoyev parlament va deputat so‘rovining ta'sirchanligini oshirish zarurligini ta'kidladi. 

- Afsuski, ayrim hollarda deputat so‘roviga rahbarning o‘zi emas, balki uning o‘rinbosari, hatto boshqarma boshliqlari javob qaytarmoqda. O‘zingiz ayting, qani bu masalada xalq vakilining obro‘si? Parlamentga va deputatga bo‘lgan hurmat shumi? Bunday salbiy holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, - dedi davlat rahbari.

Prezident parlament va deputat so‘roviga vazirlik va idoralar birinchi rahbarlarining shaxsan o‘zlari javob berishi shartligini qonunda belgilashni taklif qildi.

Saylovchi va deputatning o‘zaro munosabatlariga axborot texnologiyalarini keng joriy etish, internet tarmog‘i orqali parlament va deputat so‘rovini shakllantirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish darkorligi ta'kidlandi. 

– Xalq bilan muloqot tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, deputatlarni o‘z saylovchilari bilan bog‘lash imkoniyatini beradigan elektron portal va mobil ilovalarni ishga tushirish lozim. Toki ana shu tizim orqali saylovchi deputatning kundalik ishini kuzatib borish, qonun loyihalarini muhokama qilish va ular bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo‘lsin. Ya'ni, deputat faoliyatiga uning saylovchilari bevosita baho bersin. Ana shundagina fuqaro va parlament o‘rtasida xalqimiz bizdan kutayotgan haqiqiy ko‘prik paydo bo‘ladi, – dedi davlat rahbari. 

«Mening fikrim» veb-portali ishini takomillashtirish, unga tushayotgan murojaatlarni televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalarida deputatlar, mutaxassislar, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish maqsadga muvofiqligi ta'kidlandi.

Prezident deputatlar o‘zining yurish-turishi, muomala madaniyati, odobi va etikasi bilan barchaga ibrat va namuna bo‘lishi lozimligini ta'kidladi.
 
Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda deputatlarning malakasini doimiy oshirib borish yuzasidan yangicha tizim – deputatlik o‘quvlarini joriy etishni taklif qildi.

Davlat rahbari o‘z nutqining yakunida xalq ishonchi haqida gapirdi.

– Ana shunday ishonch, hurmat va e'tiborga munosib bo‘lish – bu juda katta baxt. Bag‘rikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning ana shu ishonchini har birimiz o‘z joyimizda amaliy ishlar bilan oqlashimiz kerak. Bu bizning nafaqat fuqarolik, balki eng avvalo, ona Vatanimiz oldidagi farzandlik burchimizdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisida kun tartibidagi masalalar ko‘rib chiqilib, ular bo‘yicha palataning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: