OCh-2020. Bugun O‘zbekiston olimpiyachilari yarim final yo‘llanmasi uchun maydonga tushadi

Sport 12:40 / 19.01.2020 33420

Bugun, 19 yanvar kuni Osiyo chempionati (U-23) chorak finali doirasidagi so‘nggi ikkita muhim uchrashuv o‘tkaziladi.

Dastlabki bahsda guruhimiz g‘olibi Janubiy Koreya olimpiya jamoasi Iordaniyaga qarshi maydonga tushadi. Rangsitda o‘tadigan bu bahs g‘olibini yarim final bahsida Avstraliya jamoasi kutib turibdi.

Kunning ikkinchi o‘yini biz uchun muhim bahs sanaladi. O‘zbekiston olimpiya jamoasi chorak finalning so‘nggi o‘yinida «D» guruhi g‘olibi Birlashgan Arab Amirliklari olimpiya jamoasiga qarshi saf tortadi. Musobaqaning eng yirik stadioni - Bangkokdagi «Rajamangala» o‘yingohida o‘tadigan qarama-qarshilik g‘olibini yarim final bahsida Saudiya Arabistoni jamoasi kutib turibdi.

O‘yindan oldingi matbuot anjumanida BAA ustozi juftlik favoriti sifatida O‘zbekistonni tilga olgan bo‘lsa, Lyubinko Drulovich shogirdlari raqibga nisbatan bir kun ko‘p dam olganligini va guruhdagi o‘yinlardan farqli ravishda chorak finalda o‘zbekistonlik futbolchilarning jismoniy holati eng yaxshi holatda bo‘lishini ta'kidladi.

O‘yindan avval aksariyat olimpiyachilarimizning klubdagi bosh murabbiylari Vadim Abramov va Ro‘ziqul Berdiyev futbolchilar bilan uchrashib, ularga ruhan dalda berishdi. Bu bahs Drulovichning ham faoliyatiga ilk baholarga sabab bo‘ladigan o‘yindir. O‘zbekiston olimpiya jamoasi bugungi muhim uchrashuvda muvaffaqiyatga erishib, Olimpiada ostonasi sanalmish yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga umid qilib qolamiz.

Osiyo chempionati. 1/4 final.

Janubiy Koreya – Iordaniya

Stadion: Rangsit, «Tammasat»

O‘yin boshlanish vaqti: 15:15

TV-translatsiya: «Sport»

BAA – O‘zbekiston

Stadion: Bangkok, «Rajamangala»

O‘yin boshlanish vaqti: 18:15

TV-translatsiya: «Sport»

Yarim final. 22 yanvar (chorshanba)

Avstraliya – J.Koreya/Iordaniya

Saudiya Arabistoni – BAA/O‘zbekiston

3-o‘rin uchun o‘yin. 25 yanvar

Final. 26 yanvar.

Ko‘proq yangiliklar: