Toshkentda bo‘lajak biznesmenlarni tayyorlaydigan oliy ta'lim muassasasi – «Birinchi tadbirkorlik universiteti»ni ochish rejalashtirilmoqda

Light 09:00 / 18.01.2020 7021

Ushbu maqolada sizga O‘zbekiston ta'limining kelajagi, 2030 yilgacha oliy ta'lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasi, bitiruvchilarning kompaniyalarda ishlashga qanchalik tayyorligi haqida, shuningdek oliy ta'lim sohasidagi yetakchi tadbirkorlar va mutaxassislarning tashabbuskor guruhi nima uchun Toshkentda xususiy universitet – TEAM University'ni ochishga qaror qilgani haqidagi bir qator intervyular taqdim etiladi.

Mazkur material akademik doiralar mutaxassislari va biznes-hamjamiyat vakillarining bir qator fikrlarini, shuningdek, TEAM University loyihasining bir qismi bo‘lgan shaxslarning fikrlarini o‘z ichiga oladi. Intervyular qisqa formatda taqdim etilgan, uning to‘liq versiyasi TEAM University loyihasining quyidagi ijtimoiy sahifalarida nashr etiladi:

Alan Frans – TEAM University Vasiylik kengashi raisi, oliy ta'lim sohasida mutaxassis, yaqin vaqtlarga qadar Westminster International University in Tashkent universitetining birinchi prorektori lavozimida ishlagan.

– So‘nggi 25 yil davomida O‘zbekistondagi oliy ta'lim tizimi markazlashgan boshqaruvdan markazlashmagan boshqaruvga o‘tish va globallashish sharoitida moslashish va rivojlanish zaruratiga duch keldi. Bunda asosiy to‘siq bo‘lgan omil tizimning mas'ul vazirliklar tomonidan nazorat qilinadigan yuqori darajada markazlashtirilganligi edi. Bu diversifikatsiyalangan o‘quv dasturlarini ishlab chiqishni, o‘qitishning yangi usullarining paydo bo‘lishini va ta'lim sohasiga zamonaviy texnologiyalarning kirib kelishini cheklab qo‘ygandi. Vestminster, Inha kabi xalqaro universitetlarning paydo bo‘lishi, qanday qilib oliy ta'limda yangi jarayonlarning rivojlanishi butun mamlakatimiz taraqqiyotiga foyda keltirishi mumkinligini ko‘rish imkonini berdi. Qabul qilingan konsepsiyada asosiy e'tibor tanqidiy fikrlash, mustaqil ta'lim berish, virtual tizimlardan foydalanish va shu kabilar bo‘yicha ta'lim berish dasturini joriy etishga qaratilgan. Mening fikrimcha, bugungi kunda vazirlik va ta'limga jalb etilgan boshqa idoralar oldida turgan asosiy muammo bu o‘zgarishlarni hayotga tatbiq etishning haqiqiy sur'atlarini hujjatlarda bayon etilgani bilan muvofiqlashtirish zaruratidir. Nafaqat davlat oliy ta'lim muassasalari, balki yangi ish boshlagan universitetlar ham katta darajadagi mustaqillik nuqtai nazaridan sifatli o‘zgarishlarni amalga oshirishlari kerak. Universitetlar rahbariyatlarining dunyoqarashini liberallashtirish, kelgusida amalga oshirishni ko‘zlab o‘zlarining o‘quv dasturlari va kurslarini, ya'ni biz butun dunyoda ko‘rib turgan trendni ishlab chiqish qobiliyatiga ega bo‘lish muhim ahamiyatga ega. Ishonchim komilki, vazirlik tomonidan olib boriladigan markazlashtirilgan boshqaruvni qisqartirish yaxshiroq va sifatliroq ta'lim olishni ta'minlashga imkon beradi, chunki mustaqillik va o‘z kelajagiga ta'sir qilish imkoniyati o‘z-o‘zidan javobgarlik hissini keltirib chiqaradi.

Ushbu javobgarlik universitetlardagi boshqaruv uslubini o‘zgartirishga majbur qiladi. Jarayonlarning shaffofligi hisobiga barcha manfaatdor tomonlar – talabalar, ota-onalar, ish beruvchilar – nafaqat ta'lim sifatiga nisbatan ishonchni his qilishlari, balki bu sifatni ta'minlashda va takomillashtirishda bevosita ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.

– Konsepsiya doirasida oliy ma'lumotli bitiruvchilarni qamrab olinishini hozirgi 20% dan 50% gacha oshirish va nodavlat oliy ta'lim muassasalarining sonini 35 tagacha ko‘paytirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkich tasdiqlandi. Boshqa davlatlar bu bosqichdan qanday o‘tdilar, tartibga soluvchi tizim va oliy ta'lim muassasalari o‘rtasidagi munosabatlar qanday yo‘lga qo‘yildi?

– Oliy ta'lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasida asosiy maqsadli ko‘rsatkichlardan biri 2030 yilga kelib bitiruvchilarni qarmab olishni 20% dan 50% gacha oshirishdir. Shu bilan bog‘liq holda, oliy ta'lim muassasalari sonining oshishi bilan birga butun bu tizimni ta'minlash xarajatlarining ham oshib borishi jiddiy tashvishni keltirib chiqaradi. Shu tariqa, nafaqat qamrab olish darajasini oshirish, balki moliyalashtirish shakli va bu uchun kim pul to‘lashi masalasi ham juda dolzarb masalalardan bo‘lib qoladi.

Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda bu muammo talabalar bilan munosabatlarni tijoratlashtirish, kreditlar berish va boshqa shaklda moliyalashtirish orqali hal qilinmoqda. Garchi bu har doim ham eng yaxshi usul bo‘lavermaydi – masalan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida moliyalashtirish tizimi yuqori darajada rivojlanib borgani sari, “investitsiyalar”ning qaytarilishini ta'minlash, ya'ni bitiruvchilar ishga joylashganidan keyin olingan ta'limni real daromadga aylantirish bo‘yicha tobora ko‘proq muammolar paydo bo‘lmoqda. Buyuk Britaniyada ham ta'limni kreditlash usullari nisbatan keng tarqalgan bir paytda ishga joylashishda ta'limning ahamiyati masalasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.

Shu tariqa, ta'lim narxini oshirishdan ko‘riladigan samara ikki baravar ortadi – bir tomondan, universitetlar rivojlanish uchun ko‘proq mablag‘ jalb qiladi, ikkinchi tomondan, shaffoflik kuchayadi va ta'lim sifati o‘sib boradi – talabalar o‘z pullari evaziga nisbatan qattiqroq talablarni qo‘yadilar.

Takror aytaman, qanchalik mantiqqa zid bo‘lmasin, ta'lim narxining oshishi nafaqat oliy ta'lim muassasasining barqarorligini oshishiga, balki ta'lim sifatini yaxshilanishiga ham olib keladi. Shunday qilib, ta'lim sifati talabalar orqali bozor mexanizmlari yordamida mustaqil ravishda tartibga solinadi. Bu vazirliklar faoliyatining ta'lim tizimini tartibga soluvchi tabiatidan voz kechib, nafaqat talabalarning baholash vositalarini joriy etish orqali “mijoz tajribasi” ni takomillashtirishga, balki universitetlarning rivojlangan reyting tizimlarini joriy etish bilan ta'lim berishga ham bor diqqatini qaratishga olib keladi. Oxir-oqibat, bu hamma uchun foydalidir.

Zafar Hoshimov – TEAM University Vasiylik Kengashi a'zosi, Korzinka.uz, Erudit asoschisi, faxriy professor, TDIU da va Vestminster universitetida ma'ruzalar o‘qiydi.

– Universitetlar biznesga mutaxassislarni, “soft skills” kabi ma'lum bir maxsus sohada muayyan ko‘nikma va bilimlarga ega bo‘lgan odamlarni yetishtirib berishi kerak. Bu shuni anglatadiki, bitiruvchi ijodkor bo‘lishi, jamoada ishlay olishi va tez o‘rganishi kerak. Biz bugungi kunda o‘rganayotgan sohaga oid maxsus bilimlar juda tez orada katta ahamiyatga ega bo‘lmay qolishi mumkin. Dunyo o‘zgarib bormoqda, shuning uchun mutaxassislar va kompaniyalarning xodimlari o‘rganishni bilishi, yangi narsalarni o‘zlashtirishga tayyor bo‘lishi, yangilikni qabul qila olishi, moslashuvchan bo‘lishi, yaxshi javob ta'siriga ega bo‘lishi kerak. “Soft skills” “xard skills” yordamida o‘zgarib borayotgan hayot bilan birgalikda rivojlanish imkoniyatini ta'minlaydi. Agar ilgari muhandisga butun umrlik ish faoliyatini yuritish uchun qandaydir bir bilimlarga ega bo‘lish yetarli bo‘lgan bo‘lsa va u keyingi 30 yil ichida nimalar bilan shug‘ullanishini bilgan bo‘lsa, endilikda yaqin 10 yil ichida mutaxassisliklarning 50 foizi yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Ehtimol kimningdir ishi sun'iy intellekt bilan almashtirilar, balki kelajakda biz hali bilmagan kasblar paydo bo‘lar.

Men o‘quv dasturlari bo‘yicha mutaxassis emasman. Ammo shuni aytmoqchimanki, o‘quv muassasalari ular o‘qitilayotgan real sohaga juda yaqin bo‘lishi kerak. Ya'ni, tibbiyot universitetlari har kuni amaliyot o‘tadigan yirik klinikalarning bir qismi bo‘lishi kerak, biznes universitetlari u yerda o‘qitilayotgan sanoatga yaqin bo‘lishi kerak. Bugungi kunda esa, masalan, moliya yoki menejmentni o‘rganayotgan talabalar (bizga ular haqiqatan ham zarur) zamonaviy talablarga javob bermaydigan darsliklar bo‘yicha o‘qitilmoqda. Bunday darajada yetishtirilgan xodimlar esa qaytadan o‘rganishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Ular ba'zi asosiy narsalarni o‘rganishganlari juda yaxshi, lekin ko‘pincha bu 4 yillik umrni va shuncha pulni sarflashga arzimaydi.

Alisher Hasanov, TEAM University rektori. Oliy ta'lim sohasida mutaxassis, bundan oldin u KPMG xalqaro konsalting kompaniyasida ishlagan, unga qadar Westminster International University in Tashkent universitetida prorektor lavozimida ishlagan.

– Bugun universitetlar nima uchun kerak va O‘zbekistondagi oliy ta'lim tizimi oldida qanday muammolar turibdi?

– Butun dunyo bilimlar iqtisodiyotiga qaragan yo‘nalish bo‘ylab harakatlanmoqda, u yerda esa, rivojlanishning asosiy omillari bilim va inson kapitali hisoblanadi. Bilimlar iqtisodiyotidagi universitetlar – bu flagmanlar ya'ni eng kerakli bo‘lgan universitetlardir, shuningdek, u fan va amaliyot birlashadigan muhit bo‘lib, u yerdan innovatsiyalar va texnologiyalar ommaviy ishlab chiqarishga o‘tadi. Muammo shundaki, kelib chiqayotgan o‘zgarishlarning tezligi shu qadar tezki, ba'zi bilim sohalari 3-7 yil ichida eskirib qolmoqda, sanoat esa ta'lim muassasalarining o‘zgarishga moslashishini kuta olmaydi.

Bu o‘rinda esa universitetlar o‘zlarining ta'lim sohasidagi dolzarbligini isbotlashlari kerak bo‘ladi. Ular nafaqat o‘zgarishlarga tez moslashishlari, balki 3-5 yildan keyin bitiruvchilar qanday ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari kerakligini oldindan ko‘ra olishlari kerak bo‘ladi. O‘zbekiston uchun bu vazifa ikki barobar qiyinroq. Yuqorida sanab o‘tilgan muammolar bilan bir qatorda, oliy ta'lim sohasi butun muhitni qayta shakllantirishi va bunda odamlarni oliy ta'limga qamrab olishni bir necha baravar ko‘paytirishi kerak, shuningdek yuqori toifali oliy ta'limga e'tibor qaratishdan ommaviy oliy ta'limni ko‘paytirishga o‘tish yo‘lini ham bosib o‘tishi kerak. Ko‘pgina oliy ta'lim muassasalari markazlashtirilgan boshqaruvdan voz kechib mustaqil o‘zini-o‘zi boshqaruv tizimiga o‘tishi kerak va bunda ular kurslar va o‘quv dasturlarini mustaqil ravishda ishlab chiqishdan boshlab, qabul qilinadigan talabalar sonini belgilash va oliy ta'lim muassasasi faoliyatini moliyaviy-iqtisodiy boshqarishgacha mustaqil faoliyat olib borishi kerak.

– “Tadbirkorlik universiteti” nima o‘zi? Bu xuddi “tijorat” kabi eshitiladi. U yerda nimalar o‘rgatiladi va umuman tadbirkor bo‘lishni o‘rgatish mumkinmi?

– Tadbirkorlik universiteti tushunchasi yangi tushuncha emas va u o‘tgan asrning oxiridan boshlab rivojlangan mamlakatlarning universitetlari doirasida faol qo‘llanib kelmoqda. Tadbirkorlik universiteti – tabiiy inkubator bo‘lib, u universitet jamoasi ijtimoiy-iqtisodiy tadbirkorlik tashabbuslariga aylantirilishi mumkin bo‘lgan g‘oyalarni tadqiq qilishi, baholashi va foydalanishi uchun qulay muhitni ta'minlab berishga harakat qiladi. Tadbirkorlik universitetlari o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, hamkorlik qilish va birgalikda ish olib borish uchun qulay muhit yaratib berish maqsadida hamkorlik aloqalari, tarmoqlar va boshqa munosabatlarda ishtirok etadilar.

Bizning maqsadimiz ham shunday – bitiruvchilarni tizimli, tadbirkorlik dunyoqarashi bilan tarbiyalash. Biz raqobatbardosh va texnologiya borasida yetakchi bo‘lgan, kelgusida startaplar yaratishga va mahalliy mahsulotlar va xizmatlarni tashqi bozorlarga olib chiqishga qodir bitiruvchilarni tayyorlashga bor diqqatimizni qaratganmiz. Bizning universitetimizning o‘quv dasturi, bir tomondan, “yumshoq” ko‘nikmalarni (tadbirkorga xos fikrlash, yetakchilik, ijodkorlik, ma'lumotni tahlil qilish) rivojlantirishga, ikkinchi tomondan esa, asosiy fundamental bilimlar bilan ta'minlash va ularni amalda mustahkamlashga asoslanadi.

Xorijiy hamkor universitetlarning qo‘llab-quvvatlashi bilan biz aniq bir loyihani amalga oshirish bo‘yicha treninglar o‘tkazish jarayonlarida, haqiqatda mavjud biror kompaniyaning ishini modellashtirish mumkin bo‘lgan taqlidiy o‘yin tarzidagi jarayonlarda, shuningdek, holatlarni o‘rganishda, project-based learning kabi eng muhim yondashuvlar va usullarni joriy qilamiz. Biz ta'lim jarayonlariga eng yaxshi mahalliy va xorijiy o‘qituvchilar va amaliyotchilarni jalb qilishni, o‘quv dasturiga esa, sanoatning eng so‘nggi muammolari va yechimlarini kiritishni rejalashtiryapmiz.

Toshkent shahridagi universitetning ochilishi bilan bir vaqtda Termiz shahrida TEAM Universityʼning filiali ham ochiladi. Bu oliy o‘quv yurtining Surxondaryo viloyatidagi birinchi xorijiy filiali bo‘ladi. Biz u yerda dastlabki bosqichda Toshkentda amalga oshiriladigan dasturlar bilan ayni bir bo‘lgan dasturlarni ishga tushirishni rejalashtirmoqdamiz, ammo filial o‘zining salohiyatining rivojlantirib borgani sari, ko‘proq mintaqaning ilmiy va ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlariga yo‘naltiriladi.

TEAM universiteti – bu akademik doira vakillari va kelgusida bitiruvchi talabalarning ish beruvchisi bo‘lgan tadbirkorlarning g‘oyalarining o‘zaro uyg‘unligini ifodalaydi. O‘zbekistonning biznes hamjamiyati shu tariqa mamlakatimizda oliy ta'limning rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Uni mintaqadagi ertangi biznes muhiti qanday bo‘lishini biladigan va biznes jarayonlarida ishlash uchun va uni boshqarishni bilish uchun qanday xodimlar kerakligini, biznes g‘oyalarini ishlab chiqish va amalga oshirishni kimga ishonish mumkinligini biladigan kompaniyalar rahbarlari boshqaradi.

– Siz hozir qaysi bosqichdasiz? TEAM Universityʼning ochilishi qachonga rejalashtirilmoqda?

– TEAM Universityʼni tashkil etish to‘g‘risidagi qaror loyihasi ommaviy muhokamadan o‘tdi, umid qilamizki, u yaqin kelajakda imzolanadi. So‘nggi olti oy ichida keng ko‘lamli tadqiqotlar tashkillashtirildi, mahalliy va taniqli xorijiy oliy ta'lim muassasalarning rektorlari, ko‘plab xorijiy mutaxassislar bilan, jumladan, “Skolkovo” biznes maktabining birinchi rektori, Rossiya Federatsiyasi oliy ta'lim muassasalarining raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha 5-100 kengashi raisi o‘rinbosari Andrey Volkov; professor, “Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti” direktori, Oberlin institutining sobiq rektori AQShlik Frederik Starr; “Skolkovo” biznes maktabining tadbirkorlik dasturlari direktori Elena Bondarenko va boshqa ko‘plab mutaxassislar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur loyiha bo‘yicha bo‘lib o‘tgan fasilitatsiya sessiyasi doirasida O‘zbekistonga doktor Rendall Rouds – Armanistondagi birinchi Amerika universiteti prorektori tashrif buyurdi. Shuningdek, o‘tgan yili strategik hamkorlik doirasida Buyuk Britaniya universitetlarining o‘nlab vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Hozirgi vaqtda strategik hamkorlik, hamda Toshkent va Termizdagi TEAM Universityʼda Britaniya o‘quv dasturini ochish bo‘yicha yakuniy muzokaralar olib borilmoqda.

Biz 2020 yilning yoz oylari oxiriga qadar talabalarni bakalavrlik dasturlari bo‘yicha birinchi qabulini amalga oshirishni rejalashtiryapmiz.

Husan Mamasaidov, TEAM University Vasiylik kengashi a'zosi. Office Market, Deli, MFaktor kompaniyalar guruhining hammuassisi.

– Avvalo, oliy o‘quv yurtlariga qamrab olish juda kam darajadaligini aytib o‘tish kerak. Bozorda talab katta, ammo taklif talabni qondirmayapti. Maktablar, litseylar, kollejlarning bitiruvchilari bo‘lgan bir million nafar boladan atigi 100 ming nafari o‘qishga kirdi, qolgan 900 ming nafar bola esa, takliflar yetarli emasligi sababli universitetga kira olmadilar. Bu nafaqat o‘qishga kira olmaganlar uchun, balki umuman iqtisodiyot uchun ham yomon holat.

Boshqa tomondan, ta'lim sifatini yaxshilash va korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borish kerak. Shuningdek, ba'zida bilim sifatiga haqiqiy baho berish o‘rniga, darslarda ishtirok etishga yoki formaga (hatto paypoqqacha tashqi ko‘rinishini tekshirishga) juda ko‘p e'tibor beriladi. Universitetlar keyinchalik bitiruvchilarini ishga oladigan biznes sohalari bilan yetarlicha aloqani yo‘lga qo‘ymaydi. Faqatgina so‘nggi yillarda mahalliy universitetlar va rektorlar biznes hamjamiyati bilan faolroq ishlay boshladilar va bu albatta yaxshi tomonga qarab o‘sish bo‘ldi. Agar biz, tadbirkorlar o‘quv jarayonida ishtirok etish uchun doimiy ravishda taklif qilinadigan, master-klasslar, munozaralar o‘tkazishga taklif qilinadigan xorijiy universitetlarning amaliyotini qabul qilsak juda yaxshi bo‘lardi.

Shuning uchun men yangi xususiy universitetlar ochilayotganidan, TEAM Universityʼning ochilayotganidan juda xursandman, bu juda katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘ladi. Va bu aynan biznes-hamjamiyatning – sotuvchilarga qanday bilimlar yetishmayotganini, menejyerlarga qaysilari, muhandislarga esa qaysilari yetishmayotganiligini amalda juda yaxshi biladigan odamlarning tashabbusi ekanligi juda yaxshi. Chunki, biznesga diplom kerak emas, unga bilim kerak.

Muzaffar Qosimov, TEAM University Vasiylik kengashi a'zosi, HUMO Partners kompaniyalar guruhining hammuassisi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi a'zosi.

– Hozirgi vaqtda allaqachon bir nechta xususiy universitetlar ochildi, 2030 yil konsepsiyasiga binoan esa, yaqin kelajakda ularning soni yanada ko‘p bo‘lishi mumkin. O‘sha vaqtga borib TEAM Universityʼning afzalligi nimada bo‘ladi?

- Loyihaning tashabbuskori sifatida bizning biznes-hamjamiyatdagi obro‘imiz o‘quv jarayoniga, shuningdek stajirovka va bitiruvchilarni ishga olish borasidagi maxsus dasturlarga yetakchi mahalliy va xorijiy tadbirkorlarni faol jalb qilish imkonini beradi. TEAM University uchun fan va biznes muhiti o‘rtasidagi haqiqiy aloqa birinchi darajadagi muhim ahamiyatga ega, shuning uchun universitet tadqiqotlarining ko‘pchiligi ichki va tashqi bozor tadbirkorlarining aniq biznes muammolarini hal qilishga qaratilgan. Bizning rejalarimizga shuningdek, Amaliy tadqiqotlar markazini ochish ham kiritilgan. U yerda talabalarga o‘zlarining olgan bilimlarini amalda qo‘llash, o‘zlarining tadqiqotlarini mamlakatning yetakchi tadbirkorlariga namoyish etish imkoniyati taqdim etiladi. Tadbirkorlar esa, o‘z navbatida, o‘zlarining muammolarini universitet bilan bo‘lishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar va bunda talabalar o‘zlarining izlanishlari orqali bu muammolarga topgan yechimlarni ularga taklif sifatida kiritishlari mumkin bo‘ladi. Bunday aloqa, amaliyot davri boshlanishidan oldin ham talabalarni, haqiqatda mavjud korxonalarning biznes-jarayonlariga jalb qilinishiga olib keladi va kelajakda o‘zlari uchun zarur bo‘lgan tajribaga ega bo‘lishiga yordam beradi.

– Siz TEAM University ta'lim sifatiga zid ravishda pul ishlashni asosiy o‘ringa qo‘yadigan “tadbirkor”ga aylanib qolishidan qo‘rqmaysizmi?

– Albatta yo‘q. Biz o‘z oldimizga uzoq muddatli maqsadlar qo‘yganmiz va turli xil sohalarda tadbirkorlik, innovatsiya va texnologiyalarni birlashtiradigan ta'lim muassasasining kuchli va ijobiy brendini yaratmoqchimiz. Loyihaning dastlabki bosqichida ijtimoiy so‘rovnomalar, keng mazmunli intervyular va fokus-guruhlarni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli bozor tadqiqotlari, o‘tkazildi. So‘rovnomada ishtirok etganlar orasida oliy ta'lim sohasidagi mutaxassislar, abituriyentlar, talabalar va ota-onalar ham bor edi. Tadqiqot bizga ta'limning eng ko‘p talabga ega bo‘lgan yo‘nalishlarini, talabalar va ota-onalarning o‘quv dasturiga, o‘qituvchilarga, kelgusidagi universitet binosiga va boshqalarga bo‘lgan talablarini aniq belgilashga yordam berdi.

Biz bilamizki, har qanday omadsizlik O‘zbekistondagi yangi paydo bo‘layotgan butun bir nodavlat oliy ta'lim tizimiga putur yetkazishi mumkin. Shuning uchun, eng boshidanoq har bir bosqichda sifatni ta'minlashga katta e'tibor berilmoqda. TEAM universiteti ishga tushirilgandan so‘ng, ta'lim sifatini baholash uchun mustaqil kompaniya va hamkor universitet jalb qilinadi. Universitetning strategik boshqaruvi ta'lim sohasida juda katta tajribaga ega bo‘lgan kishilarni o‘z ichiga olgan vasiylik kengashi tomonidan amalga oshiriladi. Bizning asosiy vazifamiz – inson kapitalini rivojlantirish va to‘plangan mahalliy va xalqaro tajribalarni tarqatishdir.

Nigora Oqilova, aloqa bo‘yicha mutaxassis, “ArzonApteka” loyihasining marketing bo‘yicha menejyeri.

– Agar gap juda katta muammolardan biri bo‘lgan, universitetlarga qamrab olishning kamligi haqida ketsa, unda men har doim cheklangan kvotalar tufayli o‘qishga kira olmaganlar haqida o‘ylayman. Ular orasida o‘zining hayotiy faoliyatini aniq belgilab olganlari juda kamchilikni tashkil etadi, shu bois ham o‘qishga kira olmaslik natijasida ularning ba'zilari oilaviy biznesga yoki malaka talab qilmaydigan kam maoshli ishlarga o‘tib ketishadi. Keyinchalik esa, bu odamlardagi motivatsiya juda tez yo‘qoladi, chunki ular o‘zlari xohlagan yo‘nalishda emas, balki duch kelgan ishda ishlashga majbur bo‘ladi. Bu nafaqat ularning har qanday ekstremistik yo‘nalishlarga og‘ib ketishi bilan bog‘liq xatarni keltirib chiqaradi, balki bu butun mamlakatda juda katta salohiyatdan foydalanilmayotganini ham bildiradi. Shu sababli, qamrovni kengaytirish uchun yangi universitetlarning paydo bo‘lishi katta ijobiy natija beradi.

Shuningdek, men ko‘proq ixtisoslashgan universitetlar ochilishi kerak deb hisoblayman, shunda raqobat universitetlarning o‘zlarining ichida emas, balki ta'lim sohalari o‘rtasida kechadi.

Men qizlarning ta'limi haqida ham alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Ular uchun ko‘pincha ta'lim olish bu kasbga ega bo‘lish emas, balki diplomga ega bo‘lish hisoblanadi. Bu huddi kelajakda oilaviy hayot qanday bo‘lishini oldindan bilmaganidan, o‘zi uchun oldindan o‘ziga xos “havfsizlik yostiqchasi”ni tayyorlab qo‘yishdek ko‘rinadi. Qizlar uchun hali hanuzgacha ko‘pincha martaba emas, balki oilaviy hayot birinchi o‘rinda turadi. Va bu bilim o‘rniga faqatgina diplom olishga intilishga olib keladigan o‘ta nosog‘lom fikrlashni keltirib chiqaradi. Men hamma qizlarni nazarda tutmayapman, lekin baribir qizlardagi oliy ma'lumotlilikning ahvoli umuman mamlakatdagi ta'limdan ko‘ra ancha yomonroq.

Hasan Mamasaidov, TEAM University Vasiylik kengashi a'zosi. Office Market, Dekos, MFaktor kompaniyalar guruhi hammuassisi.

– Men oliy ta'lim tizimida qandaydir jiddiy harakatlar amalga oshirildi deb aytmagan bo‘lardim. Ha, Amity, Webster, YEOJU va boshqa universitetlarning tashkil etilishi – bu so‘nggi 10 yil ichida kuzatilgan o‘zgarishlar orasida eng yaxshilari bo‘ldi. Ammo men xususiy universitetlarning ochilishi jarayoni ko‘lami bo‘yicha xuddi, masalan, xususiy maktablar va bolalar bog‘chalarini ochish bilan bir xil bo‘lishini istardim. Yangi universitetlarning ochilishi nafaqat oilaviy biznesga, balki butun tadbirkorlik sohasiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Aslida, xususiy sektor subektlari nufuzli universitetlarning bitiruvchilarini ishga olish uchun kurashishlari kerak, aksincha emas. Shunda ularni ishga qabul qilish natijasida men yangi xodim yangi nimadir yaratishi va u menga pand bermasligini bilib, unga loyihani va jamoani xotirjam ishonib topshirgan bo‘lar edim.

Akmal Fayziyev, Newmax Technologies (MyTaxiExpress24, Workly, Maxtrack) asoschisi va SeOʼsi

– O‘quv dasturiga ko‘proq amaliyotlarni kiritish, marketing tajribalarini kiritish, “yangi” marketingni o‘rganish kerak. Hozir talabalar o‘rganayotgan narsalar – ertaga ahamiyatsiz bo‘lib qoladi. Shuning uchun yaqin kelajakda muhim ahamiyatga ega bo‘ladigan fanlarni o‘qitish kerak. Talabalar haqiqiy biznes doirasida marketing tadqiqotlarini olib borishlari va raqamlar bilan ishlashni bilishlari kerak. Buning uchun birinchi navbatda tegishli biznes sohasi va universitetlar bir-biri bilan yaqinroq aloqada bo‘lishi kerak. Universitetlar kim uchun kadrlar tayyorlayotganini aniq tushunishlari kerak, biznes kompaniyalari esa o‘z navbatida ularga yangi xodimlar qayerdan kelishini tushunishlari kerak.

Bitiruvchiga kerak bo‘lgan fazilatlar qatorida men quyidagilarni ta'kidlagan bo‘lar edim.

  • tahliliy fikrlay olish;
  • muloqot qilish va biznesga moslasha olish;
  • tez o‘rganish qobiliyati;
  • jamoada ishlash ko‘nikmalari;
  • moslashuvchanlik;
  • o‘z fikrini asosli ifoday olishni bilish.

Muallif: Muhammad Ali Ilhomov

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: