«Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJ: 2019 yil sohada salmoqli ishlar amalga oshirildi

O‘zbekiston 19:00 / 17.01.2020 2447

Mana, bir necha kundirki, yurtimiz bo‘ylab sovuq iqlim harorati hukmronlik qilmoqda. Bunday noqulay ob-havo, albatta, kommunal xizmati tizimiga ham o‘z ta'sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Davlatimiz rahbari tomonidan 2019 yil 30 iyulda “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohani 2019/2020 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4407-sonli qarori ijrosi yuzasidan bugun mamlakatimizning barcha viloyatlari, tuman va shaharlarida qish mavsumini betalofot o‘tkazish uchun puxta tayyorgarlik ishlari olib borildi.

Shu o‘rinda, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan yuqoridagi qaror ijrosini ta'minlash maqsadida qabul qilingan reja-dasturga muvofiq “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” AJ iste'molchilarni sifatli elektr energiyasi bilan barqaror ta'minlash, sohaga yangi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirayotganini aytib o‘tish joiz.

Xususan, Toshkent shahri bo‘yicha jami 7916,2 km masofada 0,4-10 kVli elektr tarmoqlari va 3585 dona transformator punkti mavjud. 2019/2020 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha rejaga muvofiq 0,4-110 kVli 322,1 km uzunlikda havo elektr uzatish tarmoqlari, 575 dona  transformator punkti hamda 7 ta 35-110 kVli podstansiyadagi kuch transformatorida mukammal ta'mirlash ishlari olib borildi. Bundan tashqari, mavjud 676 ta transformator punkti va 354,2 km 0,4 kV havo uzatish tarmoqlari joriy ta'mirlandi.

Bu boradagi ishlarning davomi sifatida, transformator punktlarining ulama nuqtalarida va kommutatsiya qismlarida ortiqcha qizish yoki qisqa tutashuv holatlarini oldini olish maqsadida 749 ta TP tungi teplovizor ko‘rigidan o‘tkazildi va aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etildi. Shuningdek:

  • 110-35kV kuchlanishli 11 ta podstansiyalardagi 288 ta va 32 ta tarqatish punktidagi 239 ta yacheykalari mukammal ta'mirlandi;
  • 170 ta tarmoq transformatorlarida mukammal ta'mirlash ishlari   bajarildi.

Bundan tashqari joylarda qo‘shimcha avariya-tiklash brigadalari faoliyati tashkil etilib, ehtiyot qismlar zaxirasi shakllantirildi. Ta'kidlash joizki, 2019 yilda shaharlarda namunaviy loyihalar asosida 7 ming 919 xonadonli 191 ta ko‘p kvartirali uylar qurib bitkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 22 noyabr 2016 yildagi PQ-2660-sonli qarori ijrosi doirasida Toshkent shahrining Sergeli tumanida bunyod etilgan 4 ming 88 kvartirali 151 ko‘p qavatli arzon va shinam uy-joylarni elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida 117 km uzunlikda elektr tarmog‘i va 36 ta transformator punkti yangidan qurildi.

Xususan, yangi barpo etilgan mavzening 8-uchastkasi bo‘yicha 30,0 km 10kVli kabel tarmoqlari hamda 26,5km uzunlikdagi 0,4kV kabel tarmoqlari yotqizildi. 9-uchastkasida esa 30,0 km 10 kVli kabel tarmoqlari hamda 27,0 km, 0,4 kVli kabel tarmoqlari yotqizildi. Shu bilan bir qatorda mavzedagi yangi bunyod etilayotgan 110/10 kVli “Istiqbol” nimstansiyaning ham qurilish ishlari o‘tgan 2019 yilda boshlangan bo‘lib, ayni damda T1 transformatorga kuchlanish berildi. “Istiqbol” nimstansiyasi orqali elektr energiyasi bilan ta'minlanuvchi qismiga – 10 kVli 13,9 km kabel tarmoqlarini yotqizish ishlari tugatildi. Shu bilan bir qatorda, 16 ta 2GKTP 630 kVA transformator o‘rnatilgani aholini sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Mavzening 10 uchastkasi bo‘yicha ham rejadagi ishlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Ushbu “Istiqbol” nimstansiyasi mavzedagi barcha yangi 10 kVli transformatorlarga elektr energiyasini taqsimlaydi. Bu esa o‘z navbatida mavzedagi yangi uylarning barchasini elektr energiyasi bilan ta'minlaydi - deydi Kapital qurilish bo‘yicha direktor Ashrafxonov Aziz Avazxonovich.

Shuningdek, ulkan qurilish loyihasi hisoblangan – Tashkent City xalqaro ishbilarmonlik markazi hududidagi bino va inshootlarni elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida 116,0 km uzunlikda elektr tarmog‘i yangidan qurish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda bu ko‘rsatkich KL-35kV -116,0 km ni tashkil etadi.

 

Ayni paytda, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ buyurtmasi, “Boshtransloyiha” AJ loyihasi asosida “Ko‘prik qurilish tresti” UK tomonidan barpo etilayotgan Toshkent metropolitenining Sergeli metro yo‘nalishida qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Loyiha doirasida uzunligi 6,94 km bo‘lgan metropoliten liniyasi va 6 ta bekat qurilishi belgilangan. Qayd etish jizki, 110/10 kVli yangi barpo etilgan “Istiqbol” nimstansiyasi Toshkent yerusti metrosining Sergeli yo‘nalishini ham elektr energiyasi bilan ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 23 noyabrdagi “2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2661-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida bugungi kunda  2019 yilda Toshkent shahar bo‘yicha 135 ta katta yuklanish bilan ishlayotgan transformator nimstansiyalaridagi 80 dona kuch transformatorlari almashtirildi va 25 dona yangi transformator nimstansiyalari o‘rnatilib ishga tushirildi, hamda jami 316,12km havo elektr tarmoqlari modernizatsiya va rekonstruksiya qilindi.

Shuningdek, o‘tgan 2019 yilda Toshkent shahar bo‘yicha 70 ta katta yuklanish bilan ishlayotgan transformator podstansiyalaridagi 70 dona kuch transformatorlari katta quvvatlisiga almashtirilib, ishga tushirildi. Prezidentimizning 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3981-sonli qarori ijrosi yuzasidan ham jamiyat tomonidan samarali ishlar qilinmoqda.

Xususan, “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish bosqichma-bosqich reja asosida olib borilmoqda.

Qayd etish joizki, Toshkent shahrida ayni vaqtda 665 ming iste'molchi bo‘lib, hozirda 445 mingdan ortiq elektr hisoblagich almashtirildi, 1782 ta konsentrator uskunasi o‘rnatildi. 250 mingdan ortiq iste'molchi “billing” tizimiga ulanishi natijasida 2019 yil 1 sentabr holatiga debitor qarzdorlik 47,7 mlrd. so‘m bo‘lib, dekabr oyida bu ko‘rsatkich 39,6 mlrd. so‘mni tashkil etdi.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, 2019 yilda jamiyat tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida aholi xonadonlari, tadbirkorlik sub'yektlari hamda ijtimoiy soha obektlariga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha sifat parametrlari yaxshilanishiga erishilib, joriy yilda bu boradagi ishlar tizimli davom ettiriladi.

“Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” AJ Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: