Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining asosiy vazifalari belgilandi

O‘zbekiston 10:53 / 17.01.2020 3239

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi hamda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash
davlat jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, agentlik tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, aholining keng tabaqalarini biznes bilan shug‘ullanishga jalb etish, boshlang‘ich kapital manbalaridan foydalanish imkoniyatini ta'minlash tizimini kengaytirish va samaradorligini oshirish sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Agentlik o‘z faoliyati to‘g‘risida Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga hisobot beradi. Agentlik vazirlikning tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi va uning tizimiga kiradi. Agentlik faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va unga umumiy rahbarlik qilish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash vazirlik tomonidan amalga oshiriladi.

Quyidagilar agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:

kichik va o‘rta biznesni, xususiy tadbirkorlikning barcha shakllarini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini va hududiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

vakolatli davlat organlari va tashkilotlarining kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish, biznes muhitini yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishni tashkil etish;

ishbilarmonlik muhitining joriy holatini o‘rganish, shu jumladan, so‘rovnomalar o‘tkazish asosida, hamda yer uchastkalari taqdim etish va qurilish-montaj ishlarini bajarish tartib-taomillarini soddalashtirish, kichik biznes va tadbirkorlik sub'yektlarining ishlab chiqarish infratuzilmasi, boshqa moddiy-xomashyo va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, shuningdek, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan byurokratik to‘siqlar va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

biznesni kengaytirishni rag‘batlantirishga, qo‘shimcha qiymat yaratishning yaxli zanjirlarini shakllantirishga, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishga, eksportni ko‘paytirishga, doimiy ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltirilgan natijaga qaratilgan vositalarni joriy etish;

kichik biznes va tadbirkorlik sub'yektlariga, shu jumladan, aholining ijtimoiy himoyaga qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslariga kafilliklar va kafolatlar, shuningdek, tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya berish shaklida moliyaviy yordam ko‘rsatish;

yirik ishlab chiqaruvchilar tomonidan kichik va o‘rta korxonalar - oraliq tovarlar va xizmatlar (xomashyo, butlovchi qismlar va boshqalar)ni yetkazib beruvchilar faoliyatini, shu jumladan, tijorat banklarida maqsadli depozitlar ochish hisobiga moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish;

kichik biznes va tadbirkorlik sub'yektlarini qonunchilik, yangi texnologiyalar va mahsulotlar, bozorlar va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha nomoliyaviy qo‘llab-quvvatlash (bepul telefon va onlayn-maslahat xizmatlari, o‘quv markazlari, biznes-inkubatorlar, axborot xizmatlari va boshqalar) tizimini shakllantirish;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash loyihalarini amalga oshirish, ularga texnik va maslahat ko‘magini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish;

Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha qabulxonalari bilan kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha davlat va hududiy dasturlarni tayyorlash, ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda yaqindan hamkorlik qilish.

Ko‘proq yangiliklar: