«Birovning mehnatini qadrlashni o‘rganaylik» - Toshkentda «Pokiza insonlar» aksiyasi

O‘zbekiston 20:47 / 17.01.2020 15696

Yurtimiz shahar va qishloqlarini obodonlashtirib, ko‘cha va yo‘llarimiz ozodaligini ta'minlayotgan kasb egalari haqida Kun.uz o‘tgan yili bir nechta maqolalar e'lon qilgan edi.

Shundan so‘ng ularga bo‘lgan e'tibor, munosabat biroz bo‘lsa-da o‘zgarib, ularga ko‘mak berish o‘ziga xos aksiyaga aylanib ketdi. Ijtimoiy faol bir guruh yurtdoshlarimiz tomonidan tashkil etilgan «Pokiza insonlar» aksiyasi shunday xayrli ishlardan hisoblanadi.

Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan aksiya ishtirokchilari har payshanba kuni belgilab olingan bitta tumandagi obodonlashtirish xodimlari ishlab turgan joyga borib, ularga minnatdorlik bildirib, xush kayfiyat ulashishadi. O‘zlari bilan olib kelgan issiq qahva, yegulik va qo‘lqoplarni hadya qilishadi.

Aksiyaning bu galgi haftaligi Yashnobod tumanida bo‘lib o‘tdi. Biz aksiyani kuzatib, uning o‘tkazilishi va «sariq nimchalilar» hayajonini tasvirga oldik.

Sovg‘a ulashmasdan ham aksiyada ishtirok etish mumkin

«Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Kun.uz sayti sariq nimchali insonlar haqida ko‘rsatuv qilgan, shundan so‘ng ularga ham e'tibor qaratish kuchaygan edi. Aynan o‘sha ko‘rsatuvda biz o‘zimizni ko‘rgandik.

«Pokiza insonlar» aksiyasi ham ayni shu turtkidan boshlangan edi. Qiladigan ishimiz nima: ularning yoniga borib, ularga ozgina e'tibor qaratish, biroz bo‘lsa-da ular mehnatini qadrlash va e'tirof etish.

Aksiyaga yig‘ilgan kishilar bir-birini mutlaqo tanimaydi va shu ishga birlashgan. Bundan tashqari, bevosita yo‘llarda yurib, sovg‘a ulashmasdan ham «Pokiza insonlar» aksiyasida ishtirok etish mumkin. Buning uchun shunchaki, ko‘chalarga axlat tashlamaslik kifoya», – deydi aksiya faollaridan biri Shavkat Hasan.

Maqsadimiz – yurtdoshlarimizni birovning mehnatini qadrlashga o‘rgatish

«Sariq nimcha kiygan bu insonlarni bizning «ikkinchi armiyamiz» degan bo‘lar edim. Negaki Qurolli Kuchlar bizning xavfsizligimizni ta'minlasa, «sariq nimchalilar» pokizaligimiz, ozodaligimizni ta'minlashadi.

Bu aksiya nafaqat Toshkentda, balki boshqa viloyatlar shaharlariga ham keng yoyildi. Masalan, Samarqand, Nukus, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Sirdaryo... Yurtdoshlarimizni ushbu xayrli ishga bosh qo‘shishlarini so‘rab qolardik.

Kelinglar, shu insonlarning mehnatini qadrlab, ular qalbiga ozgina iliqlik olib kiraylik», deya o‘z fikrlarini bildirdi aksiyaning boshqa bir faoli Aqida Maxirova.

Odamlar chiqindilarni uyining oldiga olib chiqib qo‘yadi

Aksiyada qatnashish davomida obodonlashtirish xodimlarining o‘zlarini ham suhbatga tortib, ular ko‘p duch keladigan muammolar, odamlarning munosabati va ko‘ngil so‘zlarini eshitdik.

«Yo‘llarni tozalayotganimizda mashina haydab o‘tayotganlar changitmay supur, deb og‘ir gap aytadi», deydi ulardan biri.

«Ko‘chalarda yoshi katta hamkasblarimiz bor, shularni hurmat qilishsa... Mashinalarda istalgan yerda chiqindilarini tashlab ketishadi: shularga insof bersin deymiz», – deydi boshqa bir yurtdoshimiz.

«Biz ishlaydigan hududda odamlar chiqindilarni uyining oldiga olib chiqib qo‘ygani og‘ir botadi. Bundan boshqa aytarli oshiqcha tartibsizlik ham yo‘q», deydi obodonlashtirish xodimlaridan yana biri.

Ko‘proq yangiliklar: