Google kompaniyasiga egalik qiluvchi Alphabet xoldingining kapitallashuvi 1 trln dollarga yetdi. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi.
Alphabet aksiyalari narxi 16 yanvarda birjadagi savdolar yopilishidan oldin 0,8 foizga ko‘tarilib, 1450,16 dollarga yetgan.
Shu tariqa AQSh kompaniyasi kapitallashuvi 1 trln dollarlik qiymatdan oshgan to‘rtinchi kompaniyaga aylandi. Avvalroq bunday ko‘rsatkichga Apple, Amazon va Microsoft kompaniyalari erishgandi.
Alphabet aksiyalari 2020 yil boshidan beri 7,5 foizga, 2019 yil davomida esa 28 foizga qimmatlashgan.
eMarketer tadqiqot kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, Google hisobiga 2019 yilda AQShdagi qidiruv tizimlaridagi reklamaning 73 foizi, dunyo bo‘yicha umumiy raqamli reklamaning 31 foizi to‘g‘ri kelgan. 2019 yil 3-choragida kompaniyaning tushumi 40,5 mlrd dollarni tashkil qilgan. Bu esa 2018 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 20 foiz ko‘proq bo‘lgan.
Shu bilan birga Alphabet aksiyalari 2019 yil 4-choragi bo‘yicha ko‘rsatkichlar o‘zini oqlay olmasa, o‘z qiymatini yo‘qotishi mumkin. 4-chorak bo‘yicha natijalar 3 fevralda chiqishi kutilmoqda.
“Trillioner kompaniyalar” klubiga AQSh kompaniyalaridan birinchi bo‘lib Apple kirgan. Uning bozor narxi 2018 yil 2 avgustda 1 trln dollardan oshgandi. Hozirda kompaniyaning kapitallashuvi 1,41 trln dollarni tashkil qilmoqda.
Apple’gacha bunga faqatgina Xitoyning PetroChina kompaniyasi erisha olgan. Bu kompaniya 2007 yilda Shanxay fond birjasiga chiqqandan keyin yuz bergan. Savdolarning ilk kuni natijalariga ko‘ra kompaniya narxi 1,005 trln dollardan oshgan. Biroq keyingi kun kompaniya aksiyalari 2 barobar arzonlashib, kapitallashuvi 500 mlrd dollargacha tushib ketgan. Hozirda kompaniya narxi 158 mlrd dollarni tashkil qiladi.
Apple’dan keyin trillion dollarlik qiymatga erishgan kompaniya Microsoft bo‘ldi. Uning kapitallashuvi 2019 yil aprelda trillion dollarlik qiymatdan o‘tib, hozirda 1,25 trln dollarni tashkil qilmoqda.
1 trln dollarlik chegaradan o‘tgan yana bitta kompaniya Amazon xoldingi hisoblanadi. Biroq aytish joiz, u “trillioner kompaniya” maqomini o‘zida saqlab qololmagan. Hozirda uning qiymati 938 mlrd dollar atrofida saqlanib turibdi.
Aytish joiz, 2019 yil 11 dekabrda Saudiya Arabistonining Saudi Aramco davlat neft kompaniyasi o‘z aksiyalarini birjaga joylashtirgandan keyin uning qiymati 2 trln dollargacha ko‘tarilib ketgandi.