Osiyo chempionati. Chorak finalning barcha juftliklari ma'lum, O‘zbekistonga BAA raqib bo‘ladi

Sport 20:15 / 16.01.2020 52747

«D» guruhida BAA – Iordaniya uchrashuvida durang natija qayd etildi va to‘plar nisbatiga ko‘ra, BAA olimpiya jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi, Iordaniya ikkinchi o‘rinda qoldi.

Parallel tarzda kechgan Vetnam – KXDR uchrashuvida kutilmaganda shimoliy koreyaliklar g‘alaba qozonishdi. 

Shu tariqa, chorak finalda BAAga «C» guruhida ikkinchi o‘rinni olgan O‘zbekiston olimpiyachilari ro‘baru keladigan bo‘ldi, Iordaniyani esa o‘zbekistonliklarning guruhdoshi bo‘lgan Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin kutmoqda.

O‘zbekiston olimpiya jamoasi guruh bosqichida dastlab Eron bilan durang o‘ynadi (1:1), keyin Xitoy mag‘lub etildi (2:0), uchinchi turda Janubiy Koreyaga yutqazgan bo‘lsada (1:2), to‘plar nisbatidagi farq evaziga Eron olimpiyachilari ortda qoldirildi va O‘zbekiston vakillari pley-offga yo‘llanma olishdi.

Chorak final o‘yinlari 18-19 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi, yarim final o‘yinlari esa 22 yanvarga belgilangan. Turnirda 2020 yilgi Tokio Olimpiadasi uchun 3ta yo‘llanma o‘ynalmoqda - finalga chiqqan jamoalar va uchinchi o‘rin uchun o‘yinda g‘olib bo‘ladigan jamoa yo‘llanmaga ega bo‘ladi. Osiyoga ajratilgan to‘rtta kvotadan birini band qilgan Yaponiya Tailandga ikkinchi tarkibda keldi va guruh bosqichidan chiqa olmadi. Natijada, turnir yarim finaliga chiqish yo‘llanmani kafolatlay olmaydigan bo‘ldi.

Osiyo chempionati (U-23).
3-tur. 16 yanvar (shanba)

BAA – Iordaniya – 1:1
Gollar:
Al-Amiri 41 - Ihab Ali 79

Vetnam – KXDR – 1:2
Gollar:
Nguyen Tiyen Ling (16) - Bui Tiyen Dung (avtogol), Ri Chung-Gyu

 

Chorak finaldagi barcha juftliklar:

Osiyo chempionati (U-23). Chorak final

18 yanvar (shanba). Bangkok

Avstraliya – Suriya

18 yanvar (shanba). Rangsit

Saudiya Arabistoni – Tailand

19 yanvar (yakshanba). Rangsit.

Janubiy Koreya – Iordaniya

19 yanvar (yakshanba). Bangkok.

BAA - O‘zbekiston 

Ko‘proq yangiliklar: