Biznesda sherikchilik: eng ko‘p kuzatiladigan xatolar va samarali hamkorlik sirlari

Light 09:30 / 15.01.2020 25933

«Islom moliyasi» (Islamskiye finansy +) Telegram-kanalida e'lon qilingan maqolada hamkorlikda biznes boshlashdan oldin e'tibor qilinishi kerak bo‘lgan jihatlar haqida so‘z boradi.

Ba'zan mendan turli shartnomalarni ko‘rib chiqish, tekshirib berishni so‘rashadi. Avvallari men o‘z kuzatishlarim, izohlarim, tanbehlarim, tavsiyalarimni chop etmasdim, chunki ularning ayrimlari shaxsiy tusda edi. Ammo bunday kuzatuvlarni shaxslarni ochiqlamagan holda berilishi tadbirkorlar uchun foydali bo‘lishi mumkin, deb o‘ylayman.

Yaqinda mendan kichik bir mehmonxona biznesini tashkil etish va birgalikda olib borishni rejalashtirayotgan ikki sherik (mushtarak) kelishuvini (50/50) ko‘rib chiqishni so‘rashdi. Sheriklik shartnomasi birgina varaqdan iborat bo‘lib, unda bor-yo‘g‘i ikkala sherikning kapital qo‘yishi miqdori va usuli hamda foyda va zararni taqsimlash usuli ko‘rsatilganligi hayron qoldirdi.

Bu – barcha zarur qoidalar, tafsilotlar va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni kelishib olmasdan, aksariyat tadbirkorlar yo‘l qo‘yadigan katta xatodir.

Bunday mas'uliyatsizlik yoki uyatchanlik yoxud o‘zaro ishonch ko‘pincha juda ayanchli oqibatlarga olib keladi. Shu bois menga aynan sheriklar o‘rtasidagi munosabatlar masalasida ko‘p savol berishadi. Keling, mehmonxona biznesi sheriklarining e'tiborini qaratgan ba'zi masalalarni ko‘rib chiqaylik.

Quyida o‘z kuzatuvlarimga asosan shartnomada yetishmayotgan 14ta jihat va ularni bitimga kiritish nima uchun muhimligini sanab o‘taman.

1. Hamkorlar shartnomaga musharak/sheriklik tamoyillariga zid bo‘lgan (masalan, foyda ulushi, hamkorlar mas'uliyati va boshqalar) narsalardan tashqari har qanday o‘zgartirish kiritishi mumkinligi.

Bu nima uchun muhim? Aksariyat nizo va bahslar hamkorlarning biznesdagi roli va vazifalari o‘zgarishi, ammo ular sheriklikning dastlabki shartlari yakuniy deb o‘ylab, foydani taqsimlash va boshqa shartlarni kirita olmasliklaridan kelib chiqadi.

2. Hamkorlar yozishlari shart:
– qanday hollarda foydani taqsimlash mumkin;
– dividend ko‘rinishida qancha taqsimlash mumkin;
– qanday aniq holatlarda foydani taqsimlash mumkin emas;
– foydani qanchalik tez-tez taqsimlash mumkin.

Bu nima uchun muhim? Ayrim hamkorlar foydani muntazam ravishda olib turishni xohlashadi. Ayrimlari uni biznesga qayta tikishni istaydi. Ayrimlari foydaning bir qismi dividend ko‘rinishida taqsimlanishini xohlaydi.
Ba'zida moliyaviy holat yoki moliyaviy majburiyat foydani taqsimlashga imkon bermaydi. Shu bois hamkorlar o‘rtasida nizo kelib chiqmasligi uchun kelishib olish muhim.

3. Sheriklikdan chiqish shartlarini kelishib olish zarur. Masalan, necha yil davomida sheriklikdan chiqmaslik kerak, qachon va qanday hollarda sheriklikni to‘xtatish mumkinligini (masalan, daromad qanchadir miqdorga yetganida, biznes rivojlanganida va boshqalar) kelishish mumkin.

Sheriklikdan chiqayotgan hamkorga taklif etiladigan ulush ko‘rinishlari, kelishuvdan chiqish shartlaridan kelib chiqib beriladigan ulush miqdori, xabardor qilish, kutish davri kabilarni kelishib olish shart. 

Bu nima uchun muhim? Ko‘p muammolar asosiy hamkor (biznesni boshqarayotgan) biznesdan chiqqanida, mijozlar bazasini olib qo‘yganida, aktivlarni sotib yuborganida, biznes sinib, qolgan sheriklar katta zarar ko‘rganida paydo bo‘ladi.

Yoki hamkor sheriklikdan chiqib ketadi va o‘z ulushini sheriklari birga ishlashni istamayotgan uchinchi tomonga sotadi. Nizolardan qochish va biznesga zarar yetmasligi uchun biznesdan chiqish shartlari batafsil yozilishi lozim.

4. Agarda sheriklardan biri o‘z ulushini sotmoqchi yoki biznesdan chiqib ketmoqchi bo‘lsa, biznesni qanday baholash kerakligini kelishib olish kerak.

Bu nima uchun muhim? Ko‘p nizolar hamkorlar o‘z ulushlarini to‘g‘ri baholash borasida kelisha olmasliklaridan kelib chiqadi. Adolatli bahoni aniqlashning bahsli vaziyatlardan qochish imkonini beruvchi ko‘plab yo‘llari mavjud.

5. Zarar ko‘rganda qanday yo‘l tutish kerakligini kelishib olish kerak – zararlarni qoplashadimi yoki hamkorlarning mablag‘i kamayadimi?

Bu nima uchun muhim? Agarda hamkorlar kelisha olmasa, kompaniya zarar ko‘rilgan paytda mablag‘siz qolishi mumkin.

6. Biznesni rivojlantirish uchun hamkorlar tomonidan moliyalashtirish shartlarini kelishib olish zarur.

Ko‘p uchraydigan muammo: hamkorlardan biri kredit jalb etmoqchi, ikkinchisi buni nomaqbul deb hisoblaydi. Biri organik o‘sish, ikkinchisi esa agressiv o‘sish g‘oyasini ilgari suradi. Biri yangi investorlarni jalb etishni istaydi, ikkinchisi ulushni bo‘lishni istamaydi. Birida moliyalashtirish uchun pul bor, ikkinchisida esa pul yo‘q va u biznesning o‘sishiga qarshilik qiladi.

Bunday masalalar biznesga jiddiy zarar yetkazishi va hatto uni falaj qilib qo‘yishi ham mumkin. Hamkorlar rivojlanish va o‘sish strategiyasini va uni moliyalashtirish usullarini oldindan batafsil kelishib olishlari darkor.

7. Musharakning shartlaridan biri shuki, avvaldan kelishilgan mablag‘ni tikmagan hamkor (mablag‘ kiritish jadvaliga muvofiq, agarda ana shunday jadval bo‘lsa) shartnomani buzgan hisoblanadi va hamkorlar undan sheriklikni to‘xtatish yoki hamkorlik shartlarini o‘zgartirishni (biznesdagi ulushi va boshqalar) talab qilishlari mumkin. 

Bu nima uchun muhim? Buning muhimligi shundaki, biznesni moliyalashtirish va biznesning o‘zi hamkorlarning o‘z vaqtida mablag‘ kiritishlariga bog‘liq. 

8. O‘z ishiga loqaydlik/mas'uliyatsizlik bilan yondashgan, shartnoma shartlarini yoki tegishli qonunlarni buzgan, biznes manfaatlariga zid ish qilgan, hamkorlik mablag‘larini sarflab yuborgan, ma'lumotlarni yashirgan, shaxsiy manfaatini ko‘zlagan hamkor o‘z harakatlari oqibatida yetkazilgan zararni to‘liq qoplashi shart.

Bu nima uchun muhim? Ko‘pincha hamkor(lar) o‘z vazifasini bajarmasligi yoki birinchi shaxs imzo huquqidan foydalanib, kompaniyadan o‘z aktivlarini olib chiqib ketishi natijasida nizolar kelib chiqadi.

9. Hamkorlar har bir sherikning biznesga qo‘shayotgan hissasidan kelib chiqib, ulushlarni taqsimlash tartibini kelishib olishlari kerak.

Bu nima uchun muhim? Ko‘pincha bir hamkor biznesga boshqalarga nisbatan ko‘proq vaqt sarflaydi yoki biznes rivojiga boshqa hamkorlardan ko‘ra ko‘proq hissa qo‘shadi. Ammo hamkorlar an'anaga muvofiq ulushni teng taqsimlashadi. Ba'zan esa oilaviy yoki boshqa sabablar bilan hamkor biznes bilan umuman shug‘ullanmay qo‘yishi mumkin.

Bunday holatlar hamkorlar o‘rtasida norozilik va dushmanlik kayfiyatini keltirib chiqaradi. Buni hamkorlarni rag‘batlantirishning adolatli tizimini yaratish orqali hal qilish mumkin.

10. Har ikki hamkor mazkur biznesga faol kirishgani uchun dividendlardan tashqari, alohida shartnoma orqali muntazam yoki oylik mukofotlar to‘g‘risida kelishib olish kerak.

Muqobil tarzda, hamkorlar o‘rtasida muntazam taqsimlanadigan va yil natijalariga ko‘ra belgilanadigan hamda hamkorlik tugaganida yakuniy belgilanadigan foyda foizini qayd etib qo‘yish mumkin.

Bu nima uchun muhim? Aksariyat hamkorlar o‘zlarining muntazam mukofotlarini kelishib olmaydi va zaruriyatdan kelib chiqib biznesdagi mablag‘larini olishadi. Bu holatda shaxsiy mablag‘ va biznes mablag‘i aralashib ketadi.

Hamkorlar kimdir ko‘proq, kimdir ozroq pul olayotganidan norozi bo‘lishadi. Aylanma mablag‘ va likvidlik bilan muammolar yuzaga keladi.

11. Mazkur biznes 50/50 sheriklik asosida ishlaydi. Har qanday jiddiy bahslarni yechish imkoni yo‘qligi, kelishmovchiliklar, biznesga yondashuvning turlichaligi sabab bunday hamkorlik judayam nozik ekanini avval ham yozganman.

Bu nima uchun muhim? 50/50 – hamkorlikning eng muvaffaqiyatsiz turi. U biznes uchun muhim qarorlar qabul qilish imkoniyatidan mahrum qilishi mumkin.

Bu muammoni yechish uchun bahsli masalalar qanday hal qilinishini aniq yozib qo‘yish kerak. Shuningdek, hamkorlarning ulushini qayta ko‘rib chiqish va yuzaga kelgan nizolardan chiqish uchun boshqa yondashuvlarni qo‘llash mumkin.

12. Ba'zan nohalol hamkorlar raqobatchilar bilan biznes olib borishadi, mavjud biznesdan o‘z aktivlari va mijozlarni olib ketishadi yoki parallel ravishda o‘z bizneslarini boshlashadi. Yoxud biznesning moliyaviy resurslaridan o‘z loyiha va maqsadlari uchun foydalanishadi, boshqa suiiste'molchiliklarga yo‘l qo‘yishadi.

Bu nima uchun muhim? Hamkorlik shartnomasiga mavjud biznesga zarar yetkazuvchi ana shunday harakatlarga to‘siq qo‘yadigan tegishli shartlarni kiritib qo‘yish zarur.

13. Biznesni boshqarishda hamkorlarning rolini aniq belgilab qo‘yish lozim. Agarda biri bosh direktor bo‘lsa, ikkinchisi moliyaviy direktor bo‘lishi shart.

Shuningdek, barcha moliyaviy operatsiyalar, aktivlarni egallash va sotish bo‘yicha vakolatlar uchun javobgarlikni aniq belgilash zarur.

Bu nima uchun muhim? Hamkorlarning vazifalari aniq belgilanmagani sabab ko‘plab muammolar kelib chiqadi. Ikkala hamkor ham barcha masalalarni birgalikda yechishga urinadi, shu jumladan ba'zi masalalarda malakasi kamroq bo‘lgan tomon ham.

Shuningdek, imzo huquqi, bankdagi hisoblarni boshqarish, aktivlarni sezdirmasdan olib chiqib ketish borasida ham muammolar kelib chiqadi.

Hamkorlik shartnomasida yuqoridagi holatlarga nisbatan aniq moddalarning bo‘lmasligi odatda hamkorlarning munosabatlari va ularning biznesiga jiddiy zarar yetkazadi.

14. Qanday qarorlar 100 foiz ovoz bilan, qandaylari ko‘pchilik ovoz bilan, qanday qarorlar rahbariyat tomonidan qabul qilinishini aniq yozib qo‘yish kerak.

Bu nima uchun muhim? Turli darajalarda qabul qilinadigan qarorlarni chegaralab olmaslik huquqbuzarlik, firibgarlik, biznesdan aktivlarning olib chiqib ketilishi va boshqa jiddiy oqibatlarga olib keladi.

***

Ko‘pchiligimiz hamkorlar bilan biznes boshlayotganimizda uning jadal o‘sishi va rivojlanishi, katta daromad, yangi bozorlarga chiqish va boshqa narsalar haqida orzu qilamiz. Biroq, ko‘pincha aynan sheriklar o‘rtasidagi muammolar, ularning tezda murosa qila olmasliklari va umuman, hamkorlik shartnomasining yo‘qligi biznesni yo‘qotishgacha olib kelishi mumkin bo‘lgan jiddiy muammolarni yuzaga keltiradi.

Eng achinarlisi, ko‘plab biznes egalari yo‘l qo‘ygan fojiali xatolarni hamkorlik munosabatlarini savodli tarzda rasmiylashtirish orqali chetlab o‘tish mumkin edi. Eng yoqimlisi esa, men qator tadbirkorlarga ular o‘rtasidagi muvozanatli odil munosabatlarni rasmiylashtirish va biznesni boshqarish tizimini yaratishga yordam berdim.

Siz keltirilgan 14ta bandga shunchaki ko‘z yugurtirmadingiz, balki ularning har birini chuqur va puxta o‘qib chiqdingiz, deb chin dildan umid qilaman. Agarda o‘zingizni va sheriklaringizni hamkorlik munosabatlari hamda biznesni boshqaruv tizimiga jiddiy yondashish kerakligiga ishontira olsangiz, bu ma'lumot sizning biznesingizni o‘zgartirishi mumkinligiga ishonchim komil.

Ko‘proq yangiliklar: