Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti O‘zbekistonga kelmoqda, Toshkent jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

Sport 20:30 / 14.01.2020 4120

Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) prezidenti Marius Vizer rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelyapti

Marius Vizer 15 yanvarga o‘tar kechasi Toshkentga uchib keladi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad - O‘zbekiston hamda Xalqaro dzyudo federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, ikki tomonlama memorandum imzolash va 2021 yili kattalar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionati mezbonligini O‘zbekistonga topshirishdan iboratdir. 

«Olimpiada yilida jahon chempionati o‘tkazilmaydi. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, navbatdagi jahon chempionati kelasi yili Toshkent shahrida tashkil etiladi. Ko‘p tarmoqli, muhtasham «Humo Arena» o‘zida dunyo dzyudo yulduzlarini jam qiladi. 

Poytaxtimizga nufuzli musobaqa mezbonligining berilishi o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. O‘tgan yili aynan «Humo Arena»da Toshkent Gran-prisi yuqori saviyada, muvaffaqiyatli tarzda o‘tkazilgandi. Bunga ishtirokchi davlat rasmiy delegatlari, murabbiylar, sportchilar va tabiiyki IJF mutasaddilari ham ijobiy baho berishgan edi. 

Marius Vizerning tashrifiga doir tadbirlar ertaga soat 14:00dan boshlab O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida o‘tkaziladi. Avvaliga 2021 yilgi kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati hamda IJFning yillik Kongressini Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha shartnoma imzolanadi. Keyin Xalqaro dzyudo federatsiyasining «Dzyudo maktablarda» dasturi yuzasidan Memorandumga imzo chekiladi. Shartnoma imzolanishida  O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport hamda Xalq ta'limi vazirliklari mutasaddilari ishtirok etishadi. 

Shundan so‘ng Marius Vizer ishtirokida matbuot anjumani o‘tkaziladi. Unda IJF prezidenti tadbirda hozir bo‘lgan ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga atroflicha javob beradi», deyiladi O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: