SSV tuzilmasidagi tashkilotlarda ayrim xizmatlar autsorsingga o‘tkaziladi - Hukumat qarori

O‘zbekiston 12:20 / 14.01.2020 5350

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorsing xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Belgilab qo‘yilishicha:

davlat tibbiyot tashkilotlarida autsorsing asosida xizmatlar qaror ilovasida keltirilgan ro‘yxatga muvofiq amalga oshiriladi. Ro‘yxatda keltirilmagan xizmatlar autsorserga davlat tibbiyot tashkilotining tashabbusi asosida Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda o‘tkaziladi;

autsorserga xizmatlarni tashkil etish uchun ijara shartnomasi doirasida vaqtincha foydalanishga beriladigan ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) xonalari, shu jumladan tegishli inventarlardan foydalanganlik uchun ijara to‘lovi nol stavka bo‘yicha belgilanadi;

xizmatlar autsorsing asosida tashkil etilishi munosabati bilan tejalgan pul mablag‘lari, birinchi navbatda, davlat tibbiyot tashkilotlarining tegishli autsorsing xizmatlari sifatini yaxshilashga yo‘naltiriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi:

bir oy muddatda, eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Olmazor, Shayxontohur va Yunusobod tumanlarida joylashgan davlat tibbiyot muassasalarining sterilizatsiya xizmatlarini autsorserga o‘tkazish to‘g‘risida e'lon berilishini ta'minlaydi va belgilangan tartibda autsorserlar bilan shartnoma tuzilishini nazoratga oladi;

o‘n kun muddatda, sterilizatsiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha texnik talablarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

eksperimentning ijobiy natijalariga ko‘ra autsorsing shartlari asosida sterilizatsiya xizmatlari respublikaning boshqa hududlarida ham ommalashtirish choralarini ko‘radi;

sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish maqsadida, tibbiy va notibbiy xizmat turlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida, shu jumladan autsorserga o‘tkazish orqali Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda xususiy sektor vakillari sonini 2025 yilga qadar 35 foizga yetkazish choralarini ko‘radi;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorsingga o‘tkaziladigan xizmatlar ro‘yxati

1. Notibbiy xizmat turlari:

mijozlarni ovqat bilan ta'minlash;

kir yuvish xizmati;

bino va inshootlarni saqlab turish, shuningdek, ularni muhandislik- texnik tizimlariga xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash.

2. Tibbiy xizmat turlari:

tibbiy buyumlarni zararsizlantirish.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorsing xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, buyurtmachi xizmatlarini autsorsingga o‘tkazishda quyidagi shartlarga rioya qilishi shart:

autsorserni qonun hujjatlari asosida tanlab olish;

autsorserga o‘tkaziladigan ishlar (xizmatlar) sifatini oshirish;

buyurtmachining autsorserga beriladigan ishlar (xizmatlar)ni bajarish bilan band bo‘lgan xodimlar sonini (shtatini) qisqartirish.

Sog‘liqni saklash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlar xizmatlarini autsorserga o‘tkazilishida ularning iqtisodiy samaradorligini oshirish va xo‘jalik faoliyati xarajatlarini qisqartirish, faoliyatining asosiy bo‘lmagan turlarini rivojlantirish uchun investitsiyalarga bo‘lgan ehtiyojini kamaytirish hamda autsorserga berilgan ishlar (xizmatlar)ning sifatini oshirishi lozim.

Autsorser xodimlarining buyurtmachiga tegishli hududga belgilangan tartibda oldindan taqdim etilgan ro‘yxat asosida kirishiga ruxsat beriladi.

Autsorsing xizmatini ko‘rsatish jarayonida maxfiylik tartibiga rioya etish buyurtmachi tomonidan ta'minlanadi.

Autsorsing xizmatlariga (mijozlarni ovqat bilan ta'minlash xizmatidan tashqari) haq to‘lash miqdorlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlar tomonidan tegishli xizmat tannarxiga (ish haqi, ish haqiga ajratma, moddiy xarajatlar, bilvosita xarajatlar) autsorserning xarajatlarini qoplash maqsadida 20 foizgacha ustama haqni hisobga olgan holda belgilanadi.

Autsorsing bo‘yicha ovqatlanishni tashkil etish xizmati narxi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan bir bemorga bir kunlik ovqatlanishning normasidan kelib chiqqan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari tomonidan belgilanadigan oziq-ovqat mahsulotlarining eng yuqori narxlardan oshmaydigan narxlariga autsorserning xarajatlarini qoplash maqsadida 20 foizgacha ustama haqni hisobga olgan holda belgilanadi.

Ko‘proq yangiliklar: