O‘zbekistonning har bir hududida «Yoshlar texnoparki» tashkil etiladi

O‘zbekiston 11:48 / 14.01.2020 3583

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Muhokama uchun e'lon qilingan hukumat qarori loyihasida aytilishicha, prezidentning 2019 yil 30 avgustdagi “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab - quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4433-son Qaroriga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasi tashkil etilgan.

Innovatsion rivojlanish vazirligi va Yoshlar ittifoqi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich yuridik shaxs maqomiga ega mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Yoshlar texnoparki” direksiyasi tashkil etish taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Bunda, Texnopark “Yashnobod” innovatsiya texnoparkining hududiy bo‘linmasi deb hisoblanadi va “Yashnobod” innovatsiya texnoparkining rezidentlarining joylashuvini eksterritoriallik O‘zbekistonning barcha hududlarida amalga oshiriladi.

Quyidagilar Texnopark faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilanadi:

hududlarda Yoshlar akademiyasining faoliyatini rivojlantirish hamda mahalliy hokimiyat organlari, ta'lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda yoshlarni ilmiy va ijodiy salohiyatini oshirish;

hududlarda yoshlarning analitik fikrlash, ularni ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, iqtidorli, tashabbuskor yoshlarning o‘z intellektual salohiyatini namoyon qilishi va ijtimoiy moslashuvi uchun zarur sharoitlar yaratish;

yoshlarning startap-loyihalarni rivojlantirish va ularni amalga oshirish uchun yagona maydon tashkil etish orqali hududlarning innovatsion salohiyatini oshirish;

zamonaviy talablarga javob beradigan malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek, hududlarni sifatli yuqori texnologiyali mahsulotlar va xizmatlar bilan ta'minlash maqsadida ilm-fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish;

iqtidorli yoshlarni rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirishlariga ko‘maklashish;

yetakchi kompaniyalar vakillari, malakali mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida treninglar va master klasslarni, shuningdek, yoshlarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish va ishlab chiqaruvchilar bilan innovatsion-korporativ aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida ilmiy-texnik konferensiya, seminar, o‘quv kurslari va treninglar tashkil etish;

iqtidorli yoshlar tomonidan taklif etilgan dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalarni saralash hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan mavzuga oid grantlar berish yuzasidan e'lon qilib boriladigan tanlovlarga yo‘naltirish;

ilmiy-texnik, innovatsion hamda startap-loyihalarni amaliyotga joriy etish maqsadida oliy ta'lim muassasalarining ilmiy xodimlari, o‘qituvchi-professor va talabalarini shartnoma asosida jalb qilish.

Texnopark faoliyatini moliyalashtirish manbai sifatida quyidagilar belgilanadi:

xo‘jalik va tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar;

xalqaro moliya va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari doirasida tushadigan mablag‘lar va kreditlari;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi budjetdan tashqari mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qo‘llab - quvvatlash Jamg‘armasi;

jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining xayriya mablag‘lari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilab qo‘yilishicha:

Texnoparklar bino va inshootlarini tashkil etish bilan bog‘liq hamda ularni zamonaviy asbob - uskunalar bilan jihozlash xarajatlari Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab - quvvatlash jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi;

Texnopark direktori Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlarining tavsiyasiga asosan innovatsion rivojlanish vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Prezidentning “Toshkent shahrining Yashnobod tumanida innovatsiya texnoparkini tashkil qilish to‘g‘risida” 2017 yil 5 iyundagi PF-5068-son Farmonining 10-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar mazkur tashkil etilayotgan Texnoparklar rezidentlari va Direksiyasiga ham tatbiq etiladi.

Tashkil etiladigan Texnoparklar Innovatsion rivojlanish vazirligi tasarrufiga operativ boshqaruv huquqi asosida beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: