Ukraina «Boing»i halokati: Eronda bir necha kishi qo‘lga olindi

Jahon 15:10 / 14.01.2020 56314

«Biz bu hodisani va qo‘lga olinganlarning aviahalokatdagi rolini sinchiklab tekshiramiz», - deya Eron adliya vaziri vakili G‘ulomhusayn Ismoiliyning so‘zlarini keltirmoqda Reuters agentligi.

Shu bilan birgalikda u aynan qancha kishi va kimlar qo‘lga olinganiga oydinlik kiritmagan.

O‘z navbatida Eron prezidenti Hassan Ruhoniy telemurojaatida kechirib bo‘lmas xato faqat bir kishining aybi bilan sodir bo‘lishi mumkinmasligini aytib o‘tgan.

«Eron qurolli kuchlari o‘z xatosini tan olgani - birinchi yaxshi qadam», - degan Eron prezidenti.

Ruhoniy uning hukumati Eron xalqi va aviahalokat oqibatida vatandoshlarini yo‘qotgan boshqa xalqlar oldida mas'ul ekanini qo‘shimcha qilgan.

Qayd etish kerakki, Eron hukumati avvaliga mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimi 8 yanvar kuni Boeing 737-800 samolyotini urib tushirganini tan olmagandi. Eronlik amaldorlar 176 kishi o‘limi eronlik harbiylar aybi bilan sodir bo‘lmaganini ta'kidlashgandi. Rasmiy Tehron eronlik harbiylar aybi haqidagi talqinlarni Amerikaning psixologik urushining bir qismi deb atashgandi.

«Ukraina xalqaro avialiniyalari» aviakompaniyasining «Boeing 737» samolyoti 8 yanvar tongida Tehrondan Kiyevga uchayotganida, aeroportdan havoga ko‘tarilganidan bir necha daqiqa o‘tib qulab tushgan, aviahalokat oqibatida borda bo‘lgan 176 kishi (asosan Eron va Kanada fuqarolari) halok bo‘lgandi.

Halokatdan uch kun o‘tib Eron samolyot xatolik tufayli urib tushirilganini tan oldi.

Eron Britaniya elchisini nimada aybladi?

Eron Adliya vaziri seshanba kuni Britaniyaning Tehrondagi elchisi, namoyishlar vaqtida qo‘lga olinib, keyin qo‘yib yuborilgan Rob Makeyr non grata deb e'lon qilinishi va mamlakatdan chiqarib yuborilishi kerakligini aytdi. Eron hukumatining ma'lum qilishicha, britan elchisi samolyot eronlik harbiylar tomonidan urib tushirilgani elon qilingach boshlangan namoyishlarda ishtirok etgandi.

Rob Makeyr britan fuqarolari ham halok bo‘lgan aviahalokat qurbonlariga atab barpo etilgan memorialga kelganida qo‘lga olingandi.

«Britaniya elchisi - o‘z mamlakatining Islom Respublikasidagi eng yuqori lavozimli vakili noqonuniy mitingda ishtirok etgani, namoyish vaqtida suratga va videoga olgani, bu orqali provakatsiya qilganiga toqat qilib bo‘lmaydi», deyiladi vazirlik xabarida.

Rob Makeyrning o‘zi esa namoyishlarda ishtirok etmagani, xotirlash marosimidan keyin voqea joyini tezda tark etganini bildirgan.

Eron hukumati yakshanba kuni britan elchisini chaqirtirgan va unga «diplomatlarga xos bo‘lmagan xatti-harakati» uchun shikoyatnoma topshirdi.

Erondagi namoyishlar davom etmoqda

Yakshanba kuni Britaniyaning Tehrondagi elchixonasi oldida namoyish uyushtirildi, uning ishtirokchilari britan bayrog‘ini yoqishdi.

Mamlakatda namoyishlar ukrainlar avialayneri eronlik harbiylar raketasi bilan urib tushirilgani tan olingach tiklangandi. Namoyishchilar Tehrondagi nufuzli universitetlar oldida to‘planishdi va aviahalokatda mas'ul bo‘lgan rasmiy shaxslardan iste'fo talab qilishdi.

Tehrondagi Ozodiy maydonida namoyishchilarni tarqatib yuborishga uringan xavfsizlik xizmatlari xodimlari bilan to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Shanba kuni talabalar Tehrondagi ikki universitet oldida yig‘ila boshlashgandi. Avvaliga ular shunchaki aviahalokat qurbonlarini xotirlashni istashgandi, ammo kechga borib politsiyachilar bilan to‘qnashuvlar boshlanib ketdi, ularga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llandi.

Namoyishlar seshanba kuni ham davom etmoqda.

Eronni «qo‘rqinchli xato» uchun jazolash kerakmi?

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Eron o‘zining «qo‘rqinchli xatosi»ni tan olganini ma'qulladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, eng muhimi, bu orqali mintaqadagi keskinlik pasayishiga erishildi.

«Eron qo‘rqinchli xatoga yo‘l qo‘ydi, yaxshiki, ular uzr so‘rashdi», degan Boris Jonson Bi-bi-si uchun bergan intervyusida.

Boris Jonson «Boing» aviahalokati tufayli Eronga qat'iy sanksiyalar qo‘llashga zarurat yo‘q, deb hisoblaydi.

«Ko‘rinib turibdiki, ular [Eron] xato uchun o‘zlarini aybdor his qilishmoqda. Menimcha, vaziyatni keskinlashtirishga hojat yo‘q», - deya qayd etgan Britaniya bosh vaziri.

Ko‘proq yangiliklar: