Patent vakillari qanday tartibda qayta tayyorgarlikdan o‘tadi va malaka oshiradi?

O‘zbekiston 14:48 / 13.01.2020 2629

Tegishli Nizom Adliya vazirligining buyrug‘i bilan tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 sentyabrdan patent vakillari 5 yilda kamida 1 marta attestatsiya topshirish bilan intellektual mulk sohasida o‘z malakalarini oshirishlari lozim.
 
Ma'lumot uchun. Patent vakili — yuridik yoki jismoniy shaxslar nomidan Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi hamda boshqa tashkilotlar oldida intellektual mulk obektlariga huquqiy muhofaza olish va uni amalga oshirish masalalari bo‘yicha vakillik qilish huquqi berilgan jismoniy shaxs.
 
O‘zbekistonda doimiy yashaydigan fuqaro Agentlikda attestatsiyadan va ro‘yxatdan o‘tganidan keyin patent vakili bo‘lishi mumkin. Patent vakillariga qo‘yiladigan malaka talablari, shuningdek ularning attestatsiyadan va ro‘yxatdan o‘tish tartibi Patent vakillari to‘g‘risidagi nizomda qayd etilgan. Advokatlar ham patent vakili faoliyatini amalga oshirishlari mumkin.
 
Patent vakillarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan amalga oshiriladi. Kurslarga qabul qilish va o‘quv jarayoni to‘g‘risidagi ma'lumotlar Markazning rasmiy veb-saytida o‘quv kurslari boshlanishidan kamida ikki oy oldin joylashtiriladi. Patent vakillari Markaz bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq to‘lov asosida o‘qitiladi.
 
Kurs tinglovchilari Markazga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjat;
oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplom;
3,5 x 4,5 sm o‘lchamdagi 2 dona rangli fotosurat;
kurslarga to‘lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi to‘lov hujjati nusxasi.
 
O‘quv jarayonlari Markaz tomonidan ishlab chiqilgan dasturlar bo‘yicha 10 nafar patent vakillaridan iborat akademik guruhlarda tashkil etiladi. Qayta tayyorlash kurslari davomiyligi – 6 oy, malaka oshirish kurslari davomiyligi esa – 4 hafta. 
 
Malaka oshirish kurslarini tugatayotgan tinglovchilar suhbatdan o‘tadilar, qayta tayyorlash kursini tugatayotganlar esa suhbatdan o‘tib test topshiradilar hamda bitiruv malakaviy ishini himoya qiladilar.
 
Qayta tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tugatganlarga diplom, malaka oshirish kurslari bo‘yicha esa sertifikat beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: