Olimpiada sovrindori bo‘lgan yagona fors ayoli Erondan bosh olib ketdi

Sport 17:38 / 13.01.2020 52266

Olimpiadada sovrindor bo‘lgan birinchi va yagona eronlik ayol Kimyo Alizoda vatanini tark etganini ma'lum qildi.

U bunday qarorga kelishini Erondagi rejimning «adolatsizligi» va «ikkiyuzlamachiligi» bilan izohlagan.

«Men Erondagi millionlab mazluma ayollardan biriman, ular yillardan buyon ayollarni o‘yinchoq qilib kelmoqda», – deb yozdi 21 yoshli sportchi Instagram’dagi sahifasida.

U sportda erishgan muvaffaqiyatlari doim hokimiyatdagi odamlarning manfaatiga ishlaganini ta'kidlagan.

«Ular uchun men muhim emasdim. Hech qaysimizning ahamiyatimiz yo‘q, bizdan vosita o‘laroq foydalanishadi. Faqatgina biz qo‘lga kiritadigan medallargina kerak», degan Alizoda.

Taekvondochi 2016 yilgi Rio Olimpiadasida -57 kg vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritib, o‘z vatani sportida yangi sahifa ochgan – olimpiada sovrindori bo‘lgan ilk eronlik ayolga aylangan edi.

U, shuningdek, 2014 yilgi Nankindagi yoshlar Olimpiadasida oltin medalga sazovor bo‘lgan. 2015 yilgi jahon chempionatida esa London va Rio olimpiadalari g‘olibi Jyeyd Jonsni yengib, bronza sohibi bo‘lgan. 2017 yilgi jahon chempionatida esa kumush medalni qo‘lga kiritgan, 2018 yili Osiyo chempionatida uchinchi o‘rinni olgandi.

2016 yilgi Rio Olimpiadasida bronza medali bilan
Foto: Laurence Griffiths/Getty Images

Alizoda Eronni tark etayotgani haqidagi xabarlar fors mediasida o‘tgan hafta tarqalgan edi. Eron taekvondo federatsiyasi rahbari Said Muhammad Puladgar ma'lum qilgandiki, qiz «ta'tilining bir qismini xorijda o‘tkazishiga» otasi va murabbiyini ko‘ndirgan.

Federatsiya rahbari juma kungi bayonotida Kimyo Alizodaning mamlakatdan chiqib ketishi zamirida siyosiy motivlar borligi haqidagi gap-so‘zlarni rad etgan edi.

Sportchining so‘zlariga ko‘ra, u «ikkiyuzlamachilik, yolg‘onlar, adolatsizlik va tilyog‘lamalik kursisida o‘tirish» va amaldagi rejim «korrupsiya va yolg‘onlari»ning ishtirokchisi bo‘lishni xohlamaydi.

«Menga taekvondo, xavfsizlik va baxtli hayotdan boshqa hech narsa kerak emas», – degan Alizoda.

Kimyo eronliklarga yo‘llagan Instagram'dagi murojaatiga Rio Olimpiadasi vaqtida tushgan, oq-qora rangdagi suratini joylagan.

U Yevropaga ko‘chib ketayotganini ma'lum qilib, bunday qarorga kelish «Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritishdan-da qiyin»ligini aytgan.

«Qayerda bo‘lsam ham, Eron farzandi bo‘lib qolaveraman», – deya qo‘shimcha qilgan u.

Ma'lumot uchun, Olimpiada sovrindorining Erondan bosh olib ketishi shanba kuni Tehronda boshlangan namoyishlar fonida ro‘y bermoqda.

8 yanvar kuni bortida 176 kishi bo‘lgan Ukraina samolyotining xatolik tufayli urib tushirilishi va Eron hukumati buni uch kun o‘tib tan olgani ortidan mamlakat poytaxtida norozilik aksiyalari boshlanib ketdi. Ba'zilar Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiydan iste'fo ham talab qilmoqda.

Amerika Milliy jamoatchilik radiosining qo‘shimcha qilishicha, Kimyo Alizoda – so‘nggi oylarda Eronni tark etgan yagona taniqli sportchi emas. 2019 yil sentyabrida dzyudo bo‘yicha jahon chempioni Said Mullajai Germaniyaga ko‘chib ketgan, OAVda eronlik rasmiylar undan Isroil vakiliga to‘qnash kelib qolmaslik uchun bahsda yutqazishni talab qilgani haqida gap-so‘zlar tarqalgan edi.

Dekabr oyida esa Eronning birinchi raqamli shaxmatchisi Alirizo Firuzja bundan buyon Eron nomidan dona surmasligi e'lon qildi.

O‘tgan yili, shuningdek, taniqli futbol hakami Alirizo Fag‘oni Avstraliyaga ko‘chib ketgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: