Abxaziya prezidenti Raul Xajimba iste'fo berdi 

Jahon 00:12 / 13.01.2020 14550

Abxaziya prezidenti Raul Xajimba respublikada yuz berayotgan oxirgi voqealar ortida iste'foga chiqishga qaror qildi. Bu haqda Abxaziya vitse-prezidenti Aslan Barsits ma'lum qildi.

“Qon to‘kilmasligi, respublikada barqarorlik bo‘lishi uchun u tegishli hujjatni imzolashga rozi bo‘ldi”, deb aytgan Barsits.

Xajimbaning o‘zi ham lavozimidan ketganini tasdiqlagan. U navbatdan tashqari prezident saylovlarida ishtirok etishi haqidagi savolga “Hayot ko‘rsatadi”, deb javob qilgan. 

“Yagona Abxaziya” muxolif partiyasi raisi Sergey Shambaning ma'lum qilishicha, respublika konstitutsiyasiga ko‘ra, Xajimbaning iste'fosidan keyin prezident vazifasini bosh vazir bajaradi. Ayni vaqtda bosh vazir lavozimini Valeriy Bganba egallaydi.

Muxolifat tarafdorlari Xajimbaning iste'fosini olqishlar bilan qarshi  olishgan va bir-birlarini tabriklay boshlashgan.

12 yanvarda Abxaziya markaziy saylov komissiyasi 22 mart kuni takroriy prezident saylovlari bo‘lib o‘tishini belgilagan. Komissiyada oliy sudning 2019 yil sentyabrda o‘tgan prezident saylovlari natijalarini bekor qilish haqidagi qaroriga qarshi ekani, biroq unga bo‘ysunishga majburligi aytib o‘tilgan.

Shundan keyin Xajimba takroriy saylovlar o‘tkazilishi borasidagi qaror bo‘yicha bahslashishini aytgan.

Ta'kidlanishicha, respublikaga Rossiya prezidentining yordamchisi Vladislav Surkov “vaziyatni hal qilish” uchun kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: