Valverdeni yana bo‘shatishmoqchi. «Barselona»ning yangi murabbiyi kim bo‘ladi?

Sport 17:33 / 12.01.2020 19128

Ispaniya Superkubogi yarim finalida «Atletiko»dan uchralgan mag‘lubiyat tufayli kataloniyaliklar jamoasi bosh murabbiyi Ernesto Valverde iste'fo tomon yana bir qadam tashladi. Ispaniyalik taniqli jurnalist Gonsalo Miro klub rahbariyati mavsum yakunida ushbu mutaxassisni ishdan bo‘shatishga qaror qilgani haqida xabar tarqatdi. 

Nimadan boshlandi?

So‘nggi kunlardagi ikki voqea «Barselona» va Valverde o‘zaro xayrlashishi haqidagi mish-mishlarni urchitdi. Payshanba kuni katalonlar yaxshi o‘ynaganiga qaramasdan Ispaniya Superkubogi yarimfinalida «Atletiko»ga yutqazib qo‘yishdi (2:3). Keyingi kuni esa Dohada Erik Abidal, Oskar Grau hamda klubning sobiq futbolchisi Xavi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Abidal, Grau, Xavi

Abidal — ko‘k-anorranglilar klubi futbol direktori, Grau — klubning ijrochi direktori, Xavi — «Barsa» afsonasi, u 2019 yil mayida Qatarning «As-Sadd» klubi bosh murabbiyi etib tayinlangan. Uning amaldagi shartnomasi 2021 yilgacha tuzilgan. Uning boshqaruvida jamoa Qatar chempionatida uchinchi o‘rinda bormoqda.

Uchrashuvdan maqsad

Turli ma'lumotlarga ko‘ra, Xaviga «Barselona» bosh murabbiyi bo‘lish bo‘yicha taklif berilgan, u keyingi haftadan yoki shu yil yozidan lavozimga kirishishi mumkin. U bilan dastlab 2022 yil yoziga qadar shartnoma tuzish rejalashtirilgan.

Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, Abidal va Grau yaqin vaqt ichida Xavi bilan yana bir uchrashuv o‘tkazishadi va uni shu qishdayoq klub boshqaruvini qabul qilib olishga ko‘ndirish uchun urinib ko‘rishadi. Ayni vaqtda Valverdening taqdiri Xavining qaroriga bog‘liq, agar u klubga yozda kelishni afzal ko‘rsa, Valverde yozgacha ishlaydi va keyin o‘z ixtiyori bilan o‘rnini bo‘shatib beradi. Xavi shu qishda Kataloniyaga qaytishga rozi bo‘lsa, Valverde dushanba kuni iste'foga chiqariladi.

«As-Sadd» rahbariyati Xavi «Barsa»ga ketishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirib, u qachondir uyiga qaytishi mumkinligini istisno etmagan holda ispaniyalik mutaxassisning qatarliklar bilan shartnomasi mavjudligini eslatgan.

Qayd etish kerakki, Xavi «Barselona»ni boshqarish – orzusi ekanini hech qachon yashirib o‘tirmagan, intervyularida bir necha marta klubga qaytish niyati borligi haqida gapirgan. 

Abidal va Grau Dohada ko‘k-anorranglilar hujumchisi Usmon Dembele bilan ham uchrashgan, fransiyalik futbolchi Qatarda jarohatdan keyingi tiklanish jarayonini o‘tamoqda.

Valverde

Ko‘k-anorranglilar bosh murabbiyi hozircha ishini davom ettirmoqda. Aniqrog‘i, u futbolchilarga 4 kunlik dam bergan. Jamoaning keyingi o‘yini 19 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

Ispan matbuoti xabarlariga ko‘ra, jamoa yetakchilari, jumladan Lionel Messi murabbiy tomonda va «Atletiko»dan uchralgan mag‘lubiyatda faqat o‘zlarini ayblashmoqda. Klub prezidenti Jozep Bartomeu ham Valverde tomonda. Hozircha muxlislar ham Ernestoni zudlik bilan ishdan bo‘shatishni talab qilishmayapti.

«Atletiko»ga qarshi o‘yindan keyin «Barselona» direktori Gilermo Amor ham murabbiyni qo‘llab chiqdi. Katta ehtimol bilan u mavsum yakuniga qadar o‘rnida qoladi.

Direktorlar kengashi
Dushanba kuni «Barselona» direktorlari kengashi uchrashuvi o‘tkaziladi. Ammo favqulodda, shoshilinch yig‘ilish emas — uchrashuv kuni ikki hafta muqaddam belgilangandi.

Kuman, Galyardo va boshqalar
Bu mavsumda bir necha marta Valverde iste'foga chiqarilishi haqida xabar tarqalgandi. So‘nggi oylarda bir necha mutaxassis nomi «Barsa» bilan bog‘langan.

Ronald Kuman

«Barselona»ning sobiq himoyachisi Kumanning murabbiylik tajribasi Xavinikidan ko‘proq. Ushbu niderlandiyalik mutaxassis klublar darajasida «Vitess», «Ayaks», «Benfika», PSV, «Valensiya», AZ, «Feyyenoord», «Sauthempton» va «Everton» klublarida ishlagan, hozirda esa Niderlandiya terma jamoasini boshqarmoqda. 56 yoshli mutaxassis kolleksiyasidan 8ta sovrin joy olgan, u bu sovrinlarni 3ta chempionatda 5ta jamoa bilan qo‘lga kiritgan.

Mundo Deportivo nashri «Barselona» xodimlari o‘rtasida ular klubning yangi murabbiyi kim bo‘lishini istashi bo‘yicha so‘rov o‘tkazgan, bunday so‘rovda Kuman Yurgen Kloppdan keyingi (germaniyalik mutaxassis Primeraga kelishi haqiqatdan yiroq) ikkinchi o‘rinni egallagan. Kuman katalonlar klubi ro‘yxatida bor. Uch oy muqaddam Niderlandiya futbol ittifoqi sport direktori Niko-Yan Xugma murabbiyning shartnomasida u «Barselona»ga ma'lum miqdordagi tovon puli evaziga ketishi mumkinligi haqida band mavjudligini tan olgandi. Keyinroq Kuman uning so‘zlarini tasdiqlagandi: «Barsa»ga o‘tishim mumkin, ammo men bu haqda Yevro-2020 yakunlangach o‘ylashim mumkin».

Marselo Galyardo

43 yoshli Galyardoni Yevropada «Monako» va «PSJ» klublari safidagi o‘yinlari orqali eslashadi. U aqlli yarimhimoyachi bo‘lgan, bu esa «Barselona» uslubiga mos keladi. Ammo, albatta u bu borada «Xavi bilan bitta stolda o‘tira olmaydi». Ayni vaqtda Marseloni Janubiy Amerikadagi eng yaxshi murabbiy sifatida e'tirof etishmoqda. Argentinalik mutaxassis 2014 yildan buyon «River Pleyt»ni boshqarmoqda, uning bu klubdagi faoliyati yorqin kechmoqda, deyish mumkin.

Galyardo boshqaruvida «River Pleyt» ayniqsa xalqaro turnirlarda yaxshi qatnashmoqda: ikki marta Libertadores Kubogidagi g‘alaba, bir marta – Janubiy Amerika Kubogida, uch marta – Janubiy Amerika Superkubogidagi g‘alaba. Qolaversa, u Argentinadagi turnirlarning qiroli: uch marta mamlakat Kubogini va bir marta Superkubokni yutib olgan. Darvoqe, 2019 yilda ham Marselo Libertadores Kubogiga yaqin keldi. Lekin «River Pleyt» «Flamengo»ni 91-daqiqaga qadar 1:0 hisobida mag‘lub eta turib, keyin qo‘shimcha daqiqalarda ikki gol o‘tkazib yuborib mag‘lub bo‘ldi.

Katalonlar klubi Roberto Martines va Erik ten Haag nomzodlarini ham nazarga olib qo‘ygan. Ammo bu mutaxassislar ayni vaqtda ishli: ispaniyalik mutaxassis Belgiya terma jamoasini boshqarmoqda, niderlandiyalik esa — «Ayaks»ni.

Vidal
Valverdening ketishi haqidagi xabarlar «Inter»ning transfer bo‘yicha rejalariga ham ta'sir ko‘rsatdi. Klub ijrochi direktor Juzeppe Marotta milanliklar Valverde tufayli kataloniyaliklar safini tark etishni istayotgan Arturo Vidalni transfer qilmoqchi edi. Ammo endi Marotta chililik futbolchini qo‘lga kiritish imkoni yo‘qqa chiqdi, degan xulosaga kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: