Sulaymoniyning o‘limi qanday qilib IShID foydasiga ishladi?

Jahon 16:20 / 12.01.2020 94446

Jangarilar bayonotida generalning o‘limi ularning ishiga yordam berish uchun «ilohiy aralashuv akti» deb baholangan. Shu bilan birgalikda, bayonotda Sulaymoniyga qarshi amaliyot o‘tkazgan Qo‘shma Shtatlar harbiylari eslanmagan.

AQSh prezidenti Donald Trampning general Sulaymoniyni o‘ldirish bo‘yicha buyrug‘i qator voqealarni keltirib chiqardi.

Birinchi navbatda, amerikaliklar droni zarbasi IShIDga qarshi hali to‘liq tugallanmagan urush rivojiga ta'sir ko‘rsatdi.

Eronlik qo‘mondonning o‘limidan keyin Iroqda IShIDga qarshi faoliyat olib borgan AQSh boshchiligidagi koalitsiya faol harakatlarini to‘xtatdi. Amerikaliklar va ularning ittifoqchilari endilikda ularning birinchi galdagi vazifasi mudofaalanish bo‘lishini bildirdi.

Harbiy nuqtayi nazardan ularda boshqa tanlov ham qolmagandi.

Eron va uning ta'sirida bo‘lgan harbiy otryadlar Bag‘dod aeroportida halok bo‘lganlar uchun qasos olishga qasam ichishdi. 3 yanvar kuni Bag‘dod aeroporti hududida Sulaymoniy va uning hamrohlari bo‘lgan avtomobillarga amerikalik harbiylar droni tomonidan raketa zarbalari berilgandi.

Natijada amerikalik harbiylar va Yaqin Sharqda ular bilan hamkorlik qiluvchi boshqa G‘arb davlatlari vakillari olov qarshisida qolishdi.

Bu esa IShID uchun ayni muddao: endi jangarilar tezda o‘nglanishi va yana kuch to‘play boshlashi uchun sharoit yuzaga kelmoqda.

Iroq parlamenti amerikalik harbiylarni mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror chiqarishi ham ekstremistlar foydasiga bo‘ladi.

Amerikalik va yevropalik instruktorlar Iroq armiyasini o‘qitib, IShIDga qarshi urushda harbiy maslahatchi bo‘lishgandi. 
Suratda Arbildagi harbiy lager.

IShID o‘tgan yillar davomida ko‘p marta mag‘lubiyatlarga uchrashiga qaramay yashab qolgandi.

Iroq va Suriya hududini IShIDdan xalos etish uchun 2016-2017 yillarda keng ko‘lamli harbiy amaliyotlar o‘tkazish talab etilgandi.

Jangarilarning ko‘p qismi o‘ldirildi va asirga olindi. Ammo tashkilot tag-tubi bilan yo‘qotilmadi. Tashkilot g‘oyalari ta'siridagi kichik guruhlar hamon Suriya va Iroq hududlarida saqlanib qolgan: jangarilar yo‘llarda pistirmalar qo‘yishadi, odamlarni tunashadi va o‘ldirishadi.

Iroqda ayni vaqtda samarali harakatlanuvchi yuqori toifali harbiy bo‘linmalar va politsiyachilar mavjud, ular Amerika va Yevropadagi ittifoqchilar tomonidan o‘qitilgan. Bunday kuchlar IShIDga qarshi urush davrida paydo bo‘ldi.

Sulaymoniyning o‘limidan keyin AQSh amaliyotlar bilan birga iroqlik harbiylarni o‘qitishni to‘xtatdi. Daniya va Germaniya ham shunday yo‘l tutdi. Nemislar o‘z harbiy instruktorlarini Iordaniya va Kuvaytga chaqirib oldi.

Jangarilarga qarshi urush vaqtida birinchi navbatda iroqlik harbiylarning hayoti xavf ostida qolardi. Ammo ular AQShda harbiy ta'limdan tashqari yana bir muhim yordam - logistik ma'lumotlarni olishardi. Endi esa amerikaliklar o‘z bazalaridan chiqishmaydi.

IShID jangarilarida xursandchilik uchun yana bir sabab bor. Donald Tramp Sulaymoniyni o‘ldirish uchun dron yuborib, ularga sovg‘a taqdim etdi: Ularning bir dushmani (AQSh prezidenti) boshqa dushmanini o‘ldirib berdi.

2014 yilda IShID atrofdagi hududlarni bosib olishga kirishib, Iroqning katta hududini egallab olgandi, jumladan, Mo‘sul shahrini. O‘shanda Iroqdagi shialar imomi oyatulloh Ali al-Sistoniy barcha izdoshlarini qo‘lga qurol olishga va jangarilarga qarshi urush boshlashga chaqirgandi.

O‘shanda minglab yosh shialar ko‘ngilli tarzda harbiylashgan guruhlar safiga kirgandi. Qosim Sulaymoniy boshqaruvidagi «Al-Quds» esa bunday ko‘ngillilar otryadlari keyinchalik IShIDga qarshi qat'iy kurash olib borgan qurollangan armiya bo‘linmalariga aylanishini ta'minlagandi.

Eron tomonidan qo‘llanuvchi shia ayirmachilari jangarilarga qarshi urushda muhim rol o‘ynagandi
(suratda «Tal-Afar» aeroporti, 2017 yil)

Bugungi kunga kelib Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan guruhlar yirik tashkilotga - «Xashd al-Shaabi» («Umummilliy safarbarlik») birlashgan. Dala qo‘mondonlari esa siyosatchilarga aylangan.

2014 yilda iroqlik ayirmachilar va amerikaliklarning bir umumiy dushmani bo‘lgan bo‘lsa, keyinroq shia guruhlari o‘tmishga qayta boshladi. Shialar 2003 yilda Iroqqa bostirib kirgan amerikalik harbiylarga qarshi kurashib kelardi.

«Xashd al-Shaabi» jangarilari keyingi vaqtlarda bir necha amerikalik askarlarni o‘ldirishdi - Sulaymoniy yetkazib bergan qurollar orqali. Prezident Tramp uni o‘ldirish haqidagi qarorini aynan shu bilan izohlagandi.

Tramp 2018 yilda Tehron bilan yadroviy kelishuvni buzganidan keyin Amerika va eronliklar urushga yaqinlasha boshlagandi.

Aviazarbalaridan keyin namoyishchilar AQShning Bag‘doddagi elchixonasini qamal qilgandi / AFP

Shia jangarilari Sulaymoniyning o‘limidan avvalroq amerikaliklarga hujum qila boshladi.

Dekabr oyi oxirida Iroq shimolidagi bazaga hujum uyushtirilishi oqibatida amerikalik muhandis halok bo‘ldi. Bunga javoban AQSh shialarning yirik guruhi bo‘lmish «Kataib Hizbulloh» bazalariga aviazarbalar berdi va hujum oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘ldi.

Bu guruh rahbari Abu Mahdi al-Muhandis 3 yanvar kuni Bag‘dod aeroportiga Livandan kelgan general Sulaymoniyni kutib olish uchun chiqqan va amerikaliklar hujumi vaqtida u bilan bitta mashinada bo‘lgan.

Tarix guvohki, ekstremistlar beqarorlik va xaos hukm surayotgan joyda, ularning raqiblari kuchsizlangan va bo‘lingan vaqtda rivojlanadi.

Yaqin Sharqda yaqinda shunday holat ro‘y bergandi, endi tarix yana takrorlanishi hech gap emas.

Ko‘proq yangiliklar: