Futbolchilar dardini kimga aytadi? O‘zbekiston U23 jamoasi shifokori bilan suhbat

Sport 14:02 / 12.01.2020 56685

Suhbatdoshimiz Xitoydagi Osiyo chempionati finalidan avval futbolchilarni qanday taom bilan siylashganini gapirib berdi

O‘zbekiston U23 jamoasi Tailanddagi Osiyo chempionatida ishtirokini davom ettirmoqda. Kun.uz muxbirlari musobaqadagi futbolchilarimizning ishtirokini imkon qadar yoritmoqda. Navbatdagi suhbatdoshimiz jamoaning muhim insonlaridan biri.

Futbol deganda ko‘pchilik futbolchi va murabbiy kabi odamlar ko‘ziga ko‘rinadigan yulduzlarni biladi. Ammo futbolda ko‘zga ko‘rinmaydigan ba'zi odamlar ham borki, ular jamoa natijasiga bevosita ta'sir qiladi. Futbolchilar joni og‘riganda kimga murojaat qilishi, uzoq mamlakatlarda qanday ovqatlar yeyishi haqida O‘zbekiston U23 jamoasi shifokori Alisher Oripov bilan suhbatlashdik.

«Futbolga o‘g‘lim sabab kirib kelganman»

Suhbatdoshimizning aytishicha, 11 yildan buyon O‘zbekistonning turli yoshdagi futbolchilarini davolab keladi. Alisher Oripov futbolga o‘g‘li sabab kirib kelganini aytdi: «2007 yildan buyon futbolchilarni davolash bilan shug‘ullanaman. Futbolga o‘g‘lim sabab kirib kelganman. U futbolchi edi, keyinchalik boshqa sohaga o‘tib ketdi. 2011 yildan buyon O‘zbekistonning turli yoshdagi jamoalarida ishlab kelaman».

«Futbochilar dardini avvalo bizga aytadi»

Alisher Oripovning aytishicha, futbolchilar betob bo‘lib qolsa, dardini avval ularga aytadi. Suhbatdoshimiz ayniqsa olis safarlarda futbolchining eng yaqin insoni shifokor bo‘ladi: «Futbolchilar biz bilan juda yaqin bo‘lishadi. Ayniqsa boshqa mamlakatlarda ular uchun ham otasi, ham akasi bo‘lamiz. Ular nimadir sodir bo‘lsa, avval bizga aytishadi».

«Maydonda raqib futbolchisiga ham yordam beramiz»

Jamoamiz shifokorining aytishicha, o‘yin davomida raqib futbolchilariga ham yordam berishga to‘g‘ri kelgan. Bu shifokorning vazifasi deydi Alisher aka: «Juda ko‘p musobaqalarda qatnashganmiz va ularning har birida esda qolarli voqealar bo‘ladi. O‘tgan galgi Osiyo chempionatida Ummon bilan bir guruhda edik. O‘shanda ummonlik futbolchini tekshirib berganman. Iroqlik, BAAlik futbolchilarga yordam berganimni ham eslay olaman. Boshqa jamoa shifokorlari bilan musobaqalarda ko‘p uchrashib, tanish bo‘lib qolganmiz, shu bois doktorlar bir-biridan yordam so‘rab turadi. Hindistonda bo‘lgan vaqtimiz Yamanning murabbiyini kirgizishmagan ekan, ularga yordam berganmiz. Esimdan chiqmaydi, «russo do‘xtiri» deb kelishardi.

O‘yin vaqtida ikki futbolchi yiqilsa, biz unga yaqin bo‘lsak, raqib futbolchisiga ham yordam beramiz. OFK futbolchi xushidan ketsa, hakamdan ham so‘ramay futbolchiga yordam bergani maydonga tushishga ruxsat bergan. Raqib futbolchisi bo‘lsa ham, siz unga yaqinroq bo‘lsangiz, tushib, yordam berishingiz kerak. OFK biz uchun ham yig‘inlar o‘tkazib, tushuntirishlar olib boradi. Har bir musobaqa oldidan mezbon mamlakatdan mas'ul shifokorlar ham bo‘ladi.

Kecha ham oldimizga OFK shifokorlari kelib ketishdi. Ular har qanday yordam berishga tayyor. OFKdan favqulotda holatlardagina yordam so‘raymiz, qolgan vaziyatlarda o‘zimiz amallaymiz. OFKdan bir narsani doim aytishadi, bu musobaqada hamma bitta oila, hamma bir-biriga yordam berishi kerak».

«Aziz G‘aniyev o‘zining eng yaxshi holatiga chiqib bormoqda»

Jamoa shifokoridan U23 yetakchisi Aziz G‘aniyevning salomatligi haqida so‘radik. Suhbatdoshimiz Aziz o‘zining eng yaxshi formasiga chiqib borayotganini aytdi: «Aziz G‘aniyev Yaponiyada operatsiya qilinganida ham doimiy aloqada bo‘lib turganmiz. Azizning salomatligidan shikoyati yo‘q, u o‘zining eng yaxshi formasiga chiqib bormoqda».

Futbolchi jarohatini yashiradimi?

Suhbatdoshimizning aytishicha, futbolchilar har qancha maydonga tushishni xohlamasin jarohat olganini yashira olmaydi. Bu mashg‘ulot vaqtida bilinadi: «Albatta, hamma futbolchi doim maydonga tushishni xohlaydi, ayniqsa Osiyo chempionati kabi yirik musobaqalarda. Chunki ularning o‘yinini kamida butun O‘zbekiston ko‘rib turadi. Ammo futbolchi jarohatini yashira olmaydi. Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi: murabbiylar futbolchini yugurishidan bilib oladi».

«Myanmaga borganimizda ko‘z kasalligi epidemiyasi tarqalgandi»

Futbolchilar boshqa mamlakatlarga borganida xuddi ular kabi shifokorlar ham musobaqaga tayyorlanishadi. Masalan, u mamlakatda qandaydir kasallik tarqalgan bo‘lishi mumkin: «Har bir musobaqaga borishimizdan avval OFK, FIFAdan shifokorlar uchun maxsus tavsiyalar yuboriladi. Ya'ni, bizni o‘sha mamlakatda nima kutayotganini bilib boramiz. Masalan, 2015 yil Myanmada 1995/96 yilda tug‘ilgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda Myanmada ko‘z kasalligi epidemiyasi tarqalgandi. Borishdan avval ko‘zga tomizadigan maxsus dorilar bilan tayyorlanib borganmiz».

Futbolchilar qanday ovqatlanadi?

Ko‘pchilik muxlislar futbolchilarning qanday taomlar iste'mol qilishi bilan qiziqadi. Masalan, Tailandda biz odatlanmagan oshxona bo‘lgani sabab futbolchilar ovqatlanishda muammoga uchrashi mumkin, ammo FIFA va OFK bu narsalarning g‘amini yeb qo‘ygan bo‘ladi: «Musobaqadan oldin OFK jamoalarga maxsus menyu taklif qiladi. Undagi taomlar maxsus yevrostandart bo‘yicha bo‘ladi. Ammo futbolchi uzoq vaqt o‘zi o‘rgangan taomni yemasa, bu uning kayfiyatiga salbiy ta'sir qiladi. Shu bois chetga chiqqanda imkon qadar futbolchilarga milliy taomlarimizni tayyorlab beramiz. Bu vatan sog‘inchini biroz bosgandek bo‘ladi. Bu uchun ko‘pchilikdan ruxsat olishimiz kerak, OFKning talablari jiddiy».

«Futbolchilar o‘yindan keyin ko‘p ovqat yemaydi»

Futbolchilar o‘yindan keyin charchagani sabab ko‘p ovqat yeydi deb o‘ylashingiz mumkin, ammo bunday emaskan. Jamoamiz shifokori futbolchilar o‘yindan keyin asosan suyuqlik ichishini aytdi: «Futbolchilar o‘yindan keyin ovqat buyurtma qiladimi? Yo‘q, ular o‘yindan keyin ko‘p ovqat yemaydi, organizm asosan suyuqlik talab qiladi. O‘yinning ertasiga so‘rashsa, imkonini topish mumkin».

«Xitoyda finaldan oldin sho‘rva qilib berganmiz»

2018 yil Xitoyda U23 jamoamiz chempionlikni qo‘lga kiritgani esingizdadir. Jamoamiz shifokori o‘shanda futbolchilarga finaldan oldin qanday ovqat berilgani haqida gapirib berdi: «Xitoydagi musobaqa finalidan avval futbolchilarga sho‘rva qilib berganmiz. O‘yindan ikki kun oldin esa osh. O‘zimizning choyxona palov emas, albatta, yengilroq osh tayyorlab berganmiz.

Futbolchilarning o‘zi ko‘p yoki kuchli ovqat yesa, bu maydonda yugurishiga xalaqit berishini biladi. Chunki ular uzoq yil ma'lum rejimga o‘rgangan. Masalan, o‘yin kuni futbolchilarga kuchli ovqat berilmaydi».

O‘tkir Jalolxonov suhbatlashdi
Tasvirchi va montaj: Muhammadjon G‘aniyev

Ko‘proq yangiliklar: