«Biz tinchimaymiz». Ukraina va Kanada rahbarlari Erondagi aviahalokat bo‘yicha bayonot berishdi

Jahon 13:30 / 12.01.2020 16189

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Eron yo‘lovchi samolyoti halokati uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi kerakligini ma'lum qildi.

Tryudoning bayonoti bortida Kanada fuqarolari ham bo‘lgan Ukraina samolyoti Eronning havo hujumidan mudofaa tizimidan uchirilgan raketa bilan urib tushirilgani rasman tan olingani ortidan berildi.

«Yo‘lovchi samolyotni urib tushirish — bu dahshat», dedi Tryudo va Eron yuz bergan voqea uchun javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga olishi, sinchkovlik bilan ochiq tergov o‘tkazishi va aybdorlarni javobgarlikka tortishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

«Biz toki adolat qaror topmagunicha tinchimaymiz», deydi Tryudo. U «halok bo‘lganlarning oila a'zolari adolat qaror topganini ko‘rishga haqli»ligini qo‘shimcha qilgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa maxsus videomurojaatida «Ukraina xalqaro avialiniyalari»ning Eron havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilishida aybdorlarning barchasi javobgarlikka tortilishiga va'da berdi. U Eron prezidenti bilan telefon muloqotida shu masalada gaplashgan.

«Biz hech kim qutulib qola olmasligiga kelishib oldik», deydi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti halok bo‘lganlarning oila a'zolariga sug‘urta kompaniyalari, aviatashuvchi va Eron hukumatidan tovon pullarini olishda barcha zarur yordamni ko‘rsatishini ta'kidlagan. O‘z navbatida, Ukraina hukumati ham halok bo‘lganlarning oila a'zolariga moliyaviy yordam ajratadi.

Zelenskiy videomurojaat davomida Ukraina rasmiylari «Boing» aviahalokati tafsilotlarini aniqlash, jumladan, DNK namunalarini to‘plashda qanday ishlarni amalga oshirgani haqida batafsil so‘zlagan. Shuningdek, u samolyot qora qutilarini rasshifrovka qilishda Ukraina va Eron mutaxassislari birgalikda ish olib borishi haqida xabar qilgan.

Zelenskiyning aytishicha, Ukraina huquq-tartibot organlari «Boing» halokati munosabati bilan Ukraina fuqarolarining o‘ldirishi holati bo‘yicha jinoyat ishi ochgan.

Ukraina prezidenti jahon hamjamiyatini yuz bergan voqea xolis va har tomonlama tergov qilinishi uchun barcha choralarni ishga solishga chaqirgan.

  • «Ukraina xalqaro avialiniyalari»ning Boeing 737 rusumli samolyoti 8 yanvar kuni Tehron yaqinida qulab tushdi. Bortda 176 kishi bo‘lgan: 82 nafar eronlik, 63 nafar kanadalik, 11 nafar ukrainalik (2 yo‘lovchi va ekipajning 9 a'zosi), 10 nafar shved, 4 nafar afg‘on, 3 nafar germaniyalik va 3 nafar buyuk britaniyalik. Ularning barchasi halok bo‘lgan.
  • Eron aviahalokatdan uch kun o‘tganidan keyingina samolyot xatolik tufayli uchirilgan raketa bilan urib tushirilganini rasman tan oldi. 
Ko‘proq yangiliklar: