«Olimpiada nimaligini his qiling» - «Xitoy devori»dan o‘tishga chog‘lanayotgan O‘zbekiston U23 mashg‘ulotidan fotoreportaj

Sport 20:43 / 11.01.2020 17710

O‘zbekiston ham birinchi o‘yindagi natijadan xursand bo‘la olmaydi, chunki bunday kuchli guruhda yo‘qotilgan har bir ochko qimmatga tushishi mumkin. Ertaga Janubiy Koreya va Eron o‘rtasidagi o‘zaro o‘yin bizning uchrashuvdan avval o‘tkazilishi biroz qulaylik tug‘dirishi mumkin, biroq murabbiylar raqib o‘yinini kutib o‘tirish yaxshilikka olib kelmasligini bilishadi.

Futbolchilarimiz bugungi mashg‘ulotni ham Songxladagi mahalliy texnika universiteti stadionida o‘tkazishdi. Oliygoh stadioni bo‘lishiga qaramay, maydonning holati juda yaxshi ekanini ta'kidlash kerak. Yigitlar mashg‘ulotni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishdi. Bu esa muxlislarni biroz tinchlantirishi mumkin, chunki futbolchilardagi xotirjamlik muxlislarni ham tinchlantirishi bor gap.

Mashg‘ulot davomida bir narsa e'tiborni tortdi. O‘zbekiston milliy jamoasi tarixida o‘ziga xos iz qoldira olgan va bugun milliy jamoalar markazida ishlayotgan Aziz Haydarov U23 jamoasi bilan Tailandga kelgan. Haydarov futbolchilar bilan birga yugurib, futbolchilik vaqtidagi voqealarni gapirib berish orqali ularning kayfiyatini ko‘tarishga urindi. Aziz Haydarov futbolchilarga aytgan bir gapi quloqqa chalindi va bizningcha, sobiq futbolchimizning bu gapi olimpia jamoasi yigitlariga qo‘shimcha kuch bergan bo‘lsa kerak. Aziz Haydarov futbolchilik vaqtida olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagani haqida gapirdi: «Biz o‘shanda yo‘llanma uchun imkoniyatimiz bo‘laturib uni qo‘ldan boy berganmiz. Chunki qanchalik katta musobaqaga chiqishimiz mumkinligini his qilolmaganmiz. Siz olimpiada qanchalik katta turnir ekanini his qilishingiz kerak».

Umid qilamiz, tajribali futbolchimizning aytgan gaplari ukalariga to‘g‘ri yetib boradi. Kun.uz muxbirlari O‘zbekiston U23 jamoasining mashg‘ulotini stadiondan kuzatib borishdi. Quyida mashg‘ulot jarayonidan tayyorlangan fotogalereyani e'tiboringizga havola qilamiz.

Ko‘proq yangiliklar: