«Eng katta boyligim - oilam sog‘ligi va tinchligi». Moskvada bo‘yoqchilik qilgan o‘zbek ayoli uyiga qaytdi

Jamiyat 21:23 / 11.01.2020 40558

Yaqinda saytimiz orqali «Rossiyadagi hayot, odamlarning munosabati, 15-16 soatlik ish, qiyinchiliklar va orzular - musofirchilikdagi o‘zbek ayoli bilan suhbat» sarlavhali maqola e'lon qilgan edik.

Unda sirdaryolik 39 yoshli Dilorom Mahammatova haqida so‘z borgandi. Dilorom opa Rossiyadagi salkam 8 yillik hayoti, ko‘rgan-kechirganlari, musofirchilikdagi qiyinchiliklar, Moskvadagi o‘zbeklar va o‘zbek ayollariga munosabat haqida gapirib bergan edi.  

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay Dilorom Mahammatova yaxshi insonlar ko‘magi bilan Moskvadan uyiga, O‘zbekistonga qaytdi. Dilorom opani kutib olish maqsadida dastlab Toshkent xalqaro aeroportiga bordik. U yerga bizdan tashqari, Dilorom opaning otasi va farzandlari ham kutib olishga kelishgan ekan. Ular bilan ko‘rishib, suhbatlashdik.  

Shundan so‘ng Moskva-Toshkent yo‘nalishidagi samolyotda aeroportdan chiqib kelgan Dilorom opani qizlari, o‘g‘li va otasi quchoq ochib kutib olishdi.  

Biz Dilorom opa xonadonida mehmon bo‘ldik. Ular Sirdaryoning Xovos tumanidagi oddiygina xonadonda hayot kechirar ekan. Dilorom opa va otasi Fayzulla Mahammatov bilan suhbatlashdik. 

«Bir intervyu bilan uygacha yetib keldim. Judayam xursandman. Shu yergacha yetib kelishimga yordam berishgan barcha yaxshilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ular uchun har doim duodaman. Otam va farzandlarim yonida o‘zimni judayam yaxshi his qilyapman. Men uchun eng katta baxt - oilam sog‘ligi, tinchligi. Endi bahorda o‘g‘limni uylantiraman. O‘zimga yarasha to‘y qilaman. Dabdabali to‘y qilish niyatim yo‘q. Aytib o‘tganimdek, eng katta orzuim mehribonlik uyidagi bolalarga sunnat to‘y qilib berish. To‘ydan keyin ikkita farzandim uchta bo‘ladi. Agar o‘zimizdan ish topa olsam, Moskvaga ketish niyatim yo‘q. Yana bir bor barchaga rahmat» deydi Dilorom Mahammatova.

Ko‘proq yangiliklar: