Tramp nega Eronga urush ochmadi?

Jahon 21:10 / 09.01.2020 203218

Donald Trampning imiji butkul o‘zgarish uchun 24 soat kifoya bo‘ldi. Dam olish kunlarida AQSh prezidenti Erondagi halokatli zarbalar berib, bu mamlakatdagi tarixiy va madaniy obidalarni yo‘q qilish bilan tahdid qilayotgandi. Chorshanba kuni esa ortida mamlakatning yuqori lavozimli amaldorlari va Pentagon rahbarlari turgan Oq uy egasi xotirjamlik va tinchlikka chorlab nutq qildi, u Tehronning amerikaliklar bazalariga uyushtirgan raketa hujumlariga javoban urush ochilmasligi va bunga jazo sifatida faqatgina iqtisodiy sanksiyalari qo‘llanishini ma'lum qildi.

«Bizda juda kuchli qurollar va texnikalar bor, [...] ammo bu biz ulardan foydalanishimizni anglatmaydi. Biz ularni qo‘llashni istamaymiz», deya mulohazakorlik bilan qayd etgan Tramp.

(Chorshanba kuni kechqurun AQShning BMTdagi doimiy vakili Kelli Kraft BMT Xavfsizlik kengashiga noma yo‘lladi, unda Vashington «Eron bilan oldindan shartlar qo‘ymagan holda jiddiy muzokaralar boshlashga tayyorligi» qayd etilgan. U AQShning maqsadi «jahonda tinchlik va xavfsizlikka ehtimoliy tahdidlarning oldini olish ekani»ni ta'kidlagan.)

Oq uydagilar Tehronning rejalaridan qanday voqif bo‘lishdi?

Eron televideniyesi ma'lumotiga ko‘ra, raketalar Amerika bazasiga uchirilish jarayoni

Hujum kuni Iroq bosh vaziri Odil Abdul-Mahdiy raketalar zarbasidan biror jabrlanuvchi bo‘lmaganini Iroq hukumati hujum haqida oldindan ogohlantirilgani bilan izohladi. Tehronning «oldindan ogohlantiruvi» haqidagi xabar chindan ham bosh vazirning feysbukdagi rasmiy sahifasida hujum boshlanishidan bir soat oldinroq e'lon qilingandi.

AQSh ma'muriyatidagi manba esa Bi-bi-si muxbiriga bergan intervyusida Oq uydagilar bo‘lajak hujum haqida Iroq hukumatidagilardan ham oldinroq xabar topganini ma'lum qilgan.

Amerikadagi bir qancha nashrlar ma'lumotiga ko‘ra, jumladan, CNN va ABC telekanallari, Iroq g‘arbidagi Ayn al-Asad bazasidagi va Iroq Kurdistoni hududidagi Arbil shahrida joylashgan xalqaro koalitsiyaning muvofiqlashtirish markazidagi harbiy xizmatchilar hujum vaqtida bexavotir joyda - yer osti bunkerlarida bo‘lishgan. Bundan tashqari, Pentagondagi manbalar ma'lumotiga ko‘ra, harbiy bazalardagi barcha xodimlar himoya kostyumlarida bo‘lishgan, ularda hujumga tayyorgarlik uchun yetarli vaqt bo‘lgan.

«Oldindan ko‘rib qo‘yilgan choralar amerikalik harbiylar hayotini saqlab qolishga imkon berdi», degan chorshanba kuni AQSh Davlat departamenti rasmiysi jurnalistlarga telefon orqali o‘tkazilgan brifingda.

Bi-bi-si suhbatdoshining tasdiqlashicha, Vashingtondagilar raketa zarbalari berilishi haqida seshanba tongidayoq (mahalliy vaqt bilan), hujum boshlanishidan 12 soat oldin xabardor bo‘lishgan. Amerika tomoni bu haqdagi ma'lumotni razvedka xizmatidan, shuningdek, Iroq hukumatidan olgan.

«Biz hujum nishonlari harbiy bazalar bo‘lishi haqida oldindan bilardik, bu ma'lumotni iroqliklar ham hujumlar oldidan tasdiqlashdi», degan Bi-bi-si suhbatdoshi. U ma'lumotlar qanday yo‘l bilan qo‘lga kiritilgani (Eron rahbariyati vakillarining o‘zaro telefon so‘zlashuvlarini tinglash, sun'iy yo‘ldosh razvedkasi yoki josuslik xizmati orqali) haqidagi savolga javob bermagan.

Aftidan, Tehrondagilarga ham o‘z rejalarini maxfiy tutish zarurat bo‘lmagan. Washington Post nashri ma'lumotiga ko‘ra, seshanba kuni kunduzi Eron hukumati BMT Xavfsizlik kengashiga bo‘lajak hujumning yuridik asoslari ko‘rsatilgan noma yo‘llagan. Bu noma matni oshkor etilmagan, ammo, TIV rahbari Javod Zarif aytganidek, Eron o‘z harakatlarini xalqaro huquq normalari bilan asoslamoqchi bo‘lgan. Raketa zarbalari berilishi bilan vazirning tvitterida xalqaro tashkilot ustaviga ilova berilgan yozuv paydo bo‘ldi.

«Eron BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq o‘z-o‘zini mudofaa qilish maqsadida bizning fuqarolarimiz va yuqori martabali shaxslarimizga qarshi qo‘rqoqlarcha hujum boshlangan harbiy bazani nishonga olib, munosib choralar ko‘rdi. Eron keskinlikni oshirish yoki urush keltirib chiqarish uchun harakat qilmaydi, biroq har qanday agressiyadan himoyalanadi», deya yozdi u.

Bu qanday bo‘lgani noma'lum, lekin 7 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:00dayoq, hujum amalga oshirilishiga bir soatdan ko‘proq vaqt borligida AQSh prezidenti ma'muriyati xodimlari Oq uy tadbirlarida qatnashuvchi jurnalistlarni Tehron raketa zarbasiga tayyorgarlik ko‘rayotgani to‘g‘risida ogohlantirgan. Xuddi shu vaqtda vitse-prezident Mayk Pens seshanba kuni kechqurunga rejalashtirilgan televizion intervyusini bekor qilgan.

Tehron qanday qurollar ishlatgan?

Chorshanba kuni Pentagondagi brifingda chiqish qilgan AQSh mudofaa vaziri Mark Esper va AQSh Qurolli Kuchlari birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasining raisi Mark Milli ma'lum qilishdiki, chorshanbaga o‘tar kechasi Eron tomonidan Iroqdagi Amerika bazalariga 16ta kichik va o‘rta masofaga harakatlanuvchi ballistik raketalar uchib kelgan. Ulardan 11tasi Ayn al-Asad aviabaziga, yana bittasi Arbildagi muvofiqlashtirish markaziga kelib tushgan. To‘rtta raketa, amerikalik harbiylar ma'lumotiga ko‘ra, nishonga yetib bormagan.

AQSh mudofaa vazirining ta'kidlashicha, hujumlardan maqsad «binolarga zarar yetkazish, avtotexnikalarni yo‘q qilish, samolyotlar va boshqa uchish qurilmalarini yakson etish, shuningdek, shaxsiy tarkib askarlarini yo‘q qilish» bo‘lgan.

Mark Esper raketalar hujumi yetkazgan zararni «jiddiy emas» deb baholadi.

«Angarlar (samolyotlar turadigan yoki ta'mirlanadigan maxsus bino), uchish-qo‘nish yo‘laklari, avtomobillar turargohi va bir vertolyot shikastlangan», deya sanagan Pentagon rahbari.

Amerkalik harbiy ekspertlar ma'lum qilishicha, Iroqdagi bazaga hujumda eronliklar ikki xil raketadan - yaqin radiusga uchuvchi (300-500 km) Fateh-110 va nisbatan og‘irroq va uzoqroqqa uchadigan (750 kilometrgacha) Quam-1 raketalaridan foydalanishgan.

Chorshanba tongida Eron davlat telekanallari raketa zarbalari oqibatida amerikalik 80 nafar harbiy xizmatchi o‘ldirilgani haqida xabar tarqatgandi.

Amerika tomoni va xalqaro koalitsiya vakillari hujum oqibatida hech kim shikastlanmaganini ma'lum qilishdi.

Kaliforniyadagi Middlberi instituti tahlilchisi Devid Shmerler sun'iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rgangan holda Eron raketalaridan kamida bittasi «o‘ta aniqlik» bilan nishonga tekkanini ma'lum qildi. Ammo bu nishon samolyotlar turadigan angar bo‘lgan.

«Ayn al-Asadda ichida odamlar bo‘ladigan boshqa binolar ham bo‘lgan. Ular nega odamlar bo‘lgan binolarni nishonga olmagani tushunarsiz», degan u.

Tramp nega urush ochmadi?

Raketa zarbalari oqibatlari haqidagi ma'lumotlar tez vaqt ichida Iroqdagi mutaxassislar tomonidan Vashingtonga yetkazildi. Pentagonning tasdiqlashicha, hujumdan keyin bir necha soat davomida harbiy bazalardagi barcha xodimlar yer ostidagi maxsus boshpanalarda bo‘lishgan.

Chorshanba kuni Vashington vaqti bilan soat 7:30da Amerika harbiylari va maxsus xizmatlar rahbariyati prezidentga Eron hujumi oqibatida biror amerikalik halok bo‘lmagani yoki jarohatlanmagani haqida hisobot berishgan.

Pentagon ekspertlari va AQSh maxsus xizmatlari bir necha soat davom etgan muhokamalardan keyin «agar Eron istasa, jiddiy talofat yetkazishi mumkin bo‘lgani» to‘g‘risida xulosaga kelishgan.

Bu ma'lumotni Washington Post nashriga bergan intervyusida nufuzli senator-respublikachi, raketa hujumlaridan keyin bir necha marta Tramp bilan telefon orqali gaplashgan Lindsi Grem ham tasdiqlagan.

«Hujum Eron hukumatining o‘z aholisi uchun o‘z kuchini namoyish etish maqsadida amalga oshirilgan. Ular shunchaki kuchini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lishgan, ammo ular bu ziddiyat tezroq yakunlanishini istashmoqda, chunki ular prezidentdan (Trampdan) qo‘rqishadi», degan u.

Oq uy ma'muriyatidagi o‘z shaxsi sir qolishini istagan manba Washington Post muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda Eron hukumati «ichki manfaatlarini himoya qilishga intilayotgani» va AQSh bilan urush boshlashni emas «o‘z obro‘sini saqlab qolish»ni istayotgani haqida gapirdi.

CNN telekanali ma'lumotiga ko‘ra, raketa zarbalari yakunlanganidan keyin Tehrondagi rasmiylar Vashingtonga kamida uch marta Eron harbiy harakatlarni davom ettirish niyatida emasligi haqida xabar yo‘llagan. Shveytsariya hukumatidagi manbaning tasdiqlashicha, AQSh ham, Eron ham Amerikaning Tehrondagi manfaatlarini ifoda etuvchi Shveytsariyadagi diplomatlar orqali o‘zaro xabarlar almashgan.

Chorshanba kuni tongdayoq Oq uyga Pentagon va AQSh Davlat departamentidan mutaxassislar kelishgan, AQSh Eronga harbiy yo‘l bilan javob qaytarmasligi bo‘yicha qaror qabul qilingach, spichrayterlar jamoasi ishtirokida Donald Trampning ko‘pchilik uchun kutilmagan tarzda tinchlikparvar ruhidagi chiqishi tayyorlangan. 

Trampning o‘zi ham tayyorlangan tekstni deyarli o‘zgartirmagan. Washington Post xabariga ko‘ra, prezident tekstga faqat bitta o‘zgartirish kiritgan, u chiqishini oddiy salomlashish bilan emas, siyosiy bayonot bilan boshlash istagini bildirgan.

«Men Qo‘shma Shtatlar prezidenti ekanman, Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘la olmaydi!», deya otashin so‘zlar bilan millatga murojaatini boshlagan Donald Tramp keyin xotirjamlik bilan shunday dedi: «Xayrli tong».

Proksi-urush

Endi AQSh va Eron harbiylarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro to‘qnashuviga guvoh bo‘lmasakda, ziddiyat mintaqadagi amerikaliklar va Eron ta'siridagi shialarning harbiylashgan kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ko‘rinishida davom etishi ehtimoli yuqori.

«Eron siyosati o‘zgarishi dargumon: u mintaqadagi maqsadlariga, shu jumladan, Amerika harbiylari Iroqdan chiqib ketishiga erishish uchun intilishda davom etadi. Sulaymoniyning o‘ldirilishi AQShning Iroqdagi pozitsiyasini kuchsizlantirdi. Ammo voqealar dekabr oyi oxirida AQSh bazalariga Eron ta'siridagi mahalliy shia ayirmachilari tomonidan hujum uyushtirilishidan boshlangandi», deya eslatadi Bi-bi-si tahlilchisi Jonatan Markus.

Oyatulloh Ali Xominaiy 

Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy hujumni AQShga tortilgan «tarsaki» deb atadi.

«Kechagi voqea – AQShga tushirilgan tarsaki. Amerika mintaqadagi balolar manbai hisoblanadi. Amerikalik barcha harbiylar mintaqani tezroq tark etishlari shart. Ammo bunday harbiy amaliyot yetarli emas. Muhimi Amerikaning mintaqadagi mavjudligiga yakun yasash», dedi u.

Chorshanba kuni hududdagi kamida ikki guruh amerikaliklarga qarshi urush boshlashi haqida e'lon qildi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif shu haftada bergan intervyusida Tehron «butun mintaqadagi g‘azablangan odamlarni nazorat qila olmasligi mumkinligi»dan ogohlantirgandi.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy esa chorshanba kuni hukumatdagi chiqishida shunday dedi: «Menimcha, Qo‘shma Shtatlarga asosiy javobni mintaqadagi xalqlar berishi kerak: amerikaliklar bizning qadrli generalimiz Sulaymoniyning qo‘lini uzishdi, bunga javoban Amerikaning bu hududdan oyog‘i uzilishi kerak».

Katta urush tahdidi

Hozirgi voqealar olovi o‘chgandan keyin ham mintaqada AQSh va Eron o‘rtasida urush kelib chiqish xavfi yo‘qolmaydi.

«Jiddiy urush xavfi hamisha saqlanib qoladi. Sulaymoniyning o‘limi tufayli yuzaga kelgan inqirozli holat yakunlanayotgan bo‘lsada, istiqbolda Eron va AQSh urushishga chog‘lanishda davom etaveradi va agar oliy darajadagi muzokaralar orqali siyosiy kelishuvga erishilmasa, bu jarayon to‘xtamaydi», deya hisoblaydi ekspert Jyeremi Bouen.

Eron raketalari yetib boradigan hududlar
Foto: DIA, D3 Design

Bi-bi-si tahlilchisi 2015 yilda Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuv imzolangan mahalda tomonlar o‘rtasida iliqlik paydo bo‘la boshlagani, ammo keyin AQShda Tramp prezidentlikka saylangach, 2018 yilda u «Eron bilan yadro kelishuvi»dan chiqib, tomonlar o‘rtasida ziddiyat yana chuqurlasha boshlaganini qayd etgan.

Eron harbiy aviatsiyasi bazalari joylashgan hududlar (Fighter Base)
Foto: DIA, D3 Design

Chorshanba kuni Tramp yana bir marta Eron bilan 2015 yilgi yadroviy kelishuvni tanqid qilib, qolgan ishtirokchilar - Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya va Xitoyni ham bu kelishuvdan chiqib, Eron bilan yangi yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar boshlashga chaqirdi.

Boshqa tomondan, Eron va AQSh o‘rtasidagi urushdan qochib qutulib bo‘lmasligi haqida 40 yildan buyon, 1979 yilgi inqilobdan buyon gapirib kelishadi.

Ko‘proq yangiliklar: