Saudiyada «To‘rtlar finali»: Pullar, mojaro va klasiko ehtimoli

Sport 17:49 / 08.01.2020 18529

Bugun, 8 yanvar kuni Saudiya Arabistonida Ispaniyada nufuzi bo‘yicha uchinchi o‘rindagi sovrin hisoblangan Superkubok o‘yinlariga start beriladi. Endilikda yangi formatda o‘tadigan va ikki emas, to‘rt jamoa qatnashadigan ushbu turnir «to‘rtlik finali» deb ham atalmoqda. Turnirda Ispaniya chempioni va 2-o‘rin sohibi, shuningdek, kubok finalchilari qatnashishi belgilab qo‘yilgan.

Yangi formatning ijobiy tomonlari nimadan iborat?

Birinchidan, ishtirokchi jamoalarning daromadi oshadi. Aytilishicha, qatnashuvchi klublar 6-8 million yevrodan olishadi. Turnir atigi bir haftaga borib-bormasligini e'tiborga olsak, yomon summa emas.

Ikkinchidan, Ispaniya futbol federatsiyasi ham daromad oladi. Luis Rubiales faqat ispan futbolining obro‘si uchungina bu ishga qo‘l urmagani aniq.

Albatta, tanganing boshqa tomonlari ham bor, ayniqsa, grandlar uchun bu o‘zgarish yoqmasligi tabiiy. «Real» ham, «Barselona» ham iloji boricha o‘yinlar soni kamroq bo‘lishidan manfaatdor, zero asosiy e'tibor Ispaniya chempionati va Chempionlar Ligasiga qaratiladi. Shundoq ham, Superkubok o‘yinlari bir emas, ikki o‘yindan iborat bo‘lishi bu klublarga yoqmas edi.

Umuman, «Real» va «Barselona» uchun Ispaniya futbolidagi raqobat, ushbu mamlakat futbolining nufuzi muhim emas, allaqachon bu klublar Ispaniya chegaralaridan chiqib, butun dunyoni egallab bo‘lishgan, moliyaviy tomondan ham qiyinchilik yo‘q. Yuqorida tilga olingan summma «Valensiya», «Sevilya», balki hatto «Atletiko»ni ham qiziqtirishi mumkindir, ammo ikki grandni emas. Ularga buning o‘rniga qo‘shimcha mashg‘ulotlardan iborat hafta yoki ta'til foydaliroq bo‘ladi. 

Turnir formati juda sodda, jamoalar ikki juftlikka bo‘linib, yarim final uchrashuvlarida maydonga tushadi. G‘oliblar esa, final o‘yinida Superkubok sohibini aniqlaydi.

G‘oya muallifi bo‘lmish Luis Rubiales turnir juda qiziqarli o‘tishi va yaqinda tanib bo‘lmas holga kelishi haqida ko‘p gapirgandi, lekin ilk onlardan turli qiyinchiliklar paydo bo‘lmoqda. Misol uchun, «Barselona» o‘tgan yili ham Ispaniya chempioni bo‘ldi, ham kubok finaliga chiqdi. Har yili mana shunday holat ayniqsa, Ispaniyada ro‘y berishi turgan gap. Natijada, kubok finaliga chiqmagan, chempionatda ham dastlabki ikki o‘rinni egallay olmagan, ya'ni o‘tgan mavsumni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan «Real» ham Superkubok uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 

«Barselona» prezidentliliga nomzod bo‘lgan Toni Freysh bunga e'tiroz bildirdi.

«Turnir yarim finalida «Real» ham qatnashishi men uchun tushunarsiz. Bu endi qandaydir Arabiston Superkubogimi?», – deydi Freysh.

Pullar taqsimoti ham norozilik paydo qilmoqda. Turnir 2023 yilgacha Saudiya Arabistoni bilan shartnoma imzoladi va buning uchun ispanlar 120 million yevro olishadi. Bundan 15 millioni Ispaniya Qirolligi futbol federatsiyasiga tegsa, «Real» va Barselona» 8 milliondan, «Atletiko» 6 million yevro oladigan bo‘ldi. «Valensiya» esa xafa bo‘lib qoldi – Qirollik kubogi sohibiga atigi 3 million yevro tegar ekan.

«Daromadlarning bunday tarzda taqsimlanishidan norozimiz», – dedi klub prezidenti Anil Murti.

Bundan tashqari, avvalroq Kataloniya gazetasi Mundo Deportivo agar summa oshirilmasa, «Valensiya» turnirda ishtirok etishdan bosh tortmoqchi ekani haqida insaydni oshkor qilgandi. Xo‘sh, agar shunday bo‘lsa, kim ularning o‘rniga qatnashadi? Nashr bu haqida ham yozib, o‘tgan yili kubok yarim finaliga yetib borgan «Betis»ning imkoniyatlarini chamalay boshladi.

Ammo «Valensiya» turnirda ishtirok etadigan bo‘ldi. Taxminlarga ko‘ra, e'lon qilingan xabarlar ham yolg‘on emas, katta ehtimol bilan Rubiales «Valensiya»ning ulushini 5-6 milliongacha oshirgan bo‘lishi kerak.

Bir qaraganda Rubiales tomonidan juda qiziqarli va tijoriy tarafdan foydali bo‘lishi ilgari surilgan yangi turnirdagi holat mana shu. Hozircha, hech qanday katta pullar haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

Lekin biz tomoshabinlar, nima bo‘lgandayam, Ispaniya futboli peshqadamlari o‘rtasida katta o‘yinlarni kuzatishga tayyormiz. 

O‘YINLAR 

08.01 Yarim final. 23:55 «Valensiya» — «Real»

09.01 Yarim final. 23:55 «Barselona» — «Atletiko»

12.01 FINAL 23:00 

Ko‘proq yangiliklar: