Oltinchi urinish: O‘tib bo‘lmas dovon bo‘lib qolayotgan Olimpiada saralashi tarixiga nazar

Sport 17:14 / 08.01.2020 33787

Bugun, 8 yanvar kuni Tailandda U-23 terma jamoalari o‘rtasidagi navbatdagi Osiyo chempionati start oldi. O‘zbekiston Eron, Janubiy Koreya va Xitoy bilan bir guruhda joy olgan va dastlabki o‘yinini ertaga eronliklarga qarshi o‘tkazadi. Yozda Tokioda bo‘ladigan yozgi olimpiadada ham qatnashish huquqini qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan bu turnir avvalgisidan ham ahamiyatliroq bo‘lishi tabiiy.

O‘zbekiston olimpiyachilarining saralash bosqichlaridagi taqdiri milliy jamoanikiga ham o‘xshab ketadi. O‘zbekistonning 1995 yildan boshlangan urinishlari natijasiz qolmoqda – hali biror marta Olimpiada yo‘llanmasi qo‘lga kiritilmadi. Olimpiyachilar nomunosib qatnashgan turnirlar ham, bir qadamgacha yaqinlashgan paytlar ham bo‘ldi, lekin doim asosiy o‘yinlarda muxlislar ishonchini oqlay olishmadi.

Umid qilamizki, bu safar o‘smirlar va yoshlar jamoalaridan so‘ng, 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tashkil topgan olimpiyachilar ham nihoyat yirik turnirga yo‘llanmani qo‘lga kiritishadi. Aynan mana shu qadam, tabiiyki, milliy jamoaning kelajakdagi muvaffaqiyati uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Keling, o‘yinlar boshlanguncha shu paytgacha olimpiyachilarimizning saralash musobaqalardagi ishtiroki tarixiga nazar tashlaymiz.

ATLANTA – 1996

O‘zbekistonning Olimpiada uchun yurishi mundial uchun urinishlardan ham oldinroq boshlangan. 1996 yilda Atlantada bo‘lib o‘tgan yozgi olimpiada o‘yinlari saralashida ishtirok etish uchun O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi tashkil qilingandi. Jamoa ancha kuchli ko‘ringan, ayniqsa, Avazbek Hoshimov, Mahmud To‘raxo‘jayev kabi futbolchilarga katta umid bog‘langandi. Muxtor Qurbonov, Sergey Ni va Yuriy Vintovkin kabi futbolchilar ham oliy liga musobaqalarida o‘zini ko‘rsatib, ancha ko‘zga ko‘rinib qolishgandi.

Olimpiyachilar ilk o‘yinni Qirg‘izistonga qarshi o‘tkazib, 5:1 hisobida g‘alaba qozonadi. Format bo‘yicha Turkmanistondan (ular Saudiya Arabistoni va Eron bilan bir guruhda edi) tashqari, Markaziy Osiyoning to‘rt jamoasi dastlabki bosqichda yagona g‘olibni aniqlashi kerak edi. O‘zbekiston vakillari Qozog‘iston olimpiyachilari qarshiligini yenga olmaydi – ularga qarshi har ikki o‘yindagi mag‘lubiyat guruh masalasini hal qildi.

Qozoqlar esa keyingi bosqichda Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya va Xitoyga qarshi to‘p surib, barcha o‘yinlarni boy berishgandi:

  • 20.05.1995. Qirg‘iziston – O‘zbekiston - 1:5
  • 10.06.1995. O‘zbekiston – Tojikiston – 2:0
  • 24.06.1995. O‘zbekiston – Qozog‘iston – 1:2
  • 12.08.1995. O‘zbekiston – Qirg‘iziston – 2:1
  • 02.09.1995. Tojikiston – O‘zbekiston – 1:1
  • 07.09.1995. Qozog‘iston – O‘zbekiston – 3:1

SIDNeY – 2000

Bu safar ham O‘zbekistonga birinchi bosqichda to‘rt yil oldingi kabi Markaziy Osiyo vakillari bo‘lgan raqiblar nasib qildi. Faqat endi Turkmaniston ham raqobatga qo‘shilgan, 5 jamoa ichidan bir g‘olib tanlanib, yakuniy bosqichga yo‘l olishi kerak edi. So‘nggi bosqichda esa guruh g‘oliblari (jami 9ta) uchga bo‘linib, har bir yangi guruhdan bittadan jamoa Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritar edi.

O‘zbekistonlik olimpiyachilar bu safar ham turnirni ikki ishonchli g‘alaba bilan boshlashdi va Turkmanistonda durang o‘ynab qaytishdi. Lekin Qozog‘iston ham tojiklar bilan durang o‘ynagan, ya'ni Toshkentda kutilayotgan derbi oldidan har ikki favoritda imkoniyatlar teng edi. Bu o‘yindagi g‘alaba o‘zbekistonlik futbolchilarga guruhda yaqqol peshqadamga aylanish imkoniyatini berardi. Buning ustiga, Rossiyaning «Baltika» klubida o‘zini ko‘rsata boshlagan va Lobanovskiyning nazariga tushgan Maksim Shatskix jamoani yanada kuchaytirishi kerak edi. Muhim o‘yinga Shatskix ham jalb qilindi. Ammo bu ham yordam bera olmadi, xuddi to‘rt yil oldingi kabi qozoqlar g‘alabani ilib ketishdi – 0:2.

Bu safargi guruh bahslari qizg‘inroq kechgani, Qozog‘iston ham bir qator o‘yinlarda ochko yo‘qotib, O‘zbekistonda imkoniyat hosil bo‘lganini eslash mumkin, ammo javob o‘yinida ham mag‘lubiyatga uchralgach, raqib ancha oldinga o‘tib ketgandi.

So‘nggi bosqichdan so‘ng Osiyodan Yaponiya, Janubiy Koreya hamda Kuvayt olimpiyachilari Sidney yo‘llanmasini qo‘lga kiritishadi. Avstraliya mezbonligidagi turnirda Janubiy Koreya va Kuvayt guruhdan chiqa olmagan, Yaponiya pley-offning ilk o‘yinida AQShga penaltilar seriyasida yutqazib, ishtirokini yakunlagandi.

  • 03.04.1999. O‘zbekiston – Qirg‘iziston – 3:1
  • 10.04.1999. O‘zbekiston – Tojikiston – 3:0
  • 24.04.1999. Turkmaniston – O‘zbekiston – 1:1
  • 15.05.1999. O‘zbekiston – Qozog‘iston – 0:2
  • 29.05.1999. Qozog‘iston – O‘zbekiston – 3:1
  • 12.06.1999. O‘zbekiston – Turkmaniston – 3:0
  • 26.06.1999. Tojikiston – O‘zbekiston – 0:2
  • 03.07.1999. Qirg‘iziston – O‘zbekiston – 0:2

AFINA – 2004

O‘zbekiston uchun eng qisqa va omadsiz bo‘lgan saralash bosqichi Afina-2004 saralashi hisoblanadi. Nihoyat, Qozog‘iston UYeFAda o‘ynay boshlagach, O‘zbekiston asosiy raqibidan qutuldi, ammo format yana o‘zgarib, endi so‘nggi bosqichdagi uch guruh ishtirokchilari pley-off yordamida aniqlanadigan bo‘ldi. Pley-offda esa O‘zbekistonga kuchli raqiblardan biri – Eron ro‘baru keldi. 2003 yilning 3 may kuni bo‘lib o‘tgan dastlabki uchrashuvda eronliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozonadi. Bir oy o‘tib, Erondagi javob o‘yinida esa, raqib har tomonlama kuchli ekanini isbotladi – 1:6.

Osiyodan har doimgidek, Janubiy Koreya, Yaponiya va bu safar ularga qo‘shilib Iroq olimpiyachilari olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Iroq sensatsiyani Afinada ham davom ettirib, avvaliga guruh bosqichida Marokash, Portugaliya kabi jamoalarni ortda qoldirdi va chorak finalda Avstraliyadan ustun keldi. Yarim finalga kelibgina, Paragvay iroqliklarni to‘xtata olgandi.

PeKIN – 2008

Osiyoda bo‘lib o‘tgan Pekin olimpiadasi saralashidan o‘zbekistonlik futbolchilar yo‘llanmaga yaqinroq kela boshladi va so‘nggi bosqichlargacha kurash olib borishdi. Umuman, Vadim Abramov qo‘l ostida qatnashgan o‘sha avlod futbolchilari chindan kuchli tarkib hosil qilgan edi. Aziz Haydarov, Vitaliy Denisov, Farhod Tojiyev, Marat Bikmayev, Anzur Ismoilov, Odil Ahmedov, Aziz Ibragimov va Vagiz Galiulin kabi futbolchilar keyinchalik milliy jamoada ham asosiy futbolchilar bo‘lgandi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida jahon chempionatida tajriba orttirgan Salomov, Qo‘ziboyev kabi futbolchilar ham tarkibga jalb qilingandi.

Tojikistonga qarshi ikki g‘alaba bilan boshlangan yo‘l Janubiy Koreya, Yaman va BAAdan iborat guruh bosqichida davom etdi. O‘zbekiston koreyslarga qarshi har ikki o‘yinni boy bergan bo‘lsada, boshqa raqiblar ustidan faqat g‘alaba qozondi va guruhda 2-o‘rinni olib, so‘nggi bosqichga chiqdi. Endi yana o‘sha Koreya, shuningdek, Bahrayn va Suriya olimpiyachilariga qarshi o‘yinlarda 1-o‘rinni olish talab etilar edi.

Koreya bu safar ham o‘tib bo‘lmas dovonga aylandi. Bahrayn va Suriyaga qarshi o‘yinlarda ham O‘zbekiston vakillari ustunlik bilan to‘p surgan bo‘lsada, kerakli natijaga erishilmadi. Ayniqsa, barchasi hal bo‘lgach, suriyaliklarga qarshi kechgan so‘nggi tur o‘yini juda qiziq o‘tgandi. Avvaliga 0:2 hisobida ortda borgan  o‘zbekistonliklar 5 daqiqa ichida uch gol urishga muvaffaq bo‘lishdi, lekin o‘yin oxirlarida mezbonlar hisobni 3:3 ko‘rinishiga yetkazishdi.

Bu safar Olimpiadada Osiyodan Janubiy Koreya, Yaponiya, Avstraliya va mezbonlar ishtirok etdi, Osiyoning to‘rt vakili ham guruh bosqichidan o‘tolmadi.

  • 07.02.2007. O‘zbekiston – Tojikiston – 4:1
  • 14.02.2007. Tojikiston - O‘zbekiston – 0:2
  • 28.02.2007. O‘zbekiston – BAA – 2:1
  • 14.03.2007. Yaman – O‘zbekiston – 0:1
  • 28.03.2007. Janubiy Koreya – O‘zbekiston – 2:0
  • 18.04.2007. O‘zbekiston – Janubiy Koreya – 0:1
  • 16.05.2007. BAA – O‘zbekiston – 0:2
  • 06.06.2007. O‘zbekiston – Yaman – 3:0
  • 22.08.2007. Janubiy Koreya – O‘zbekiston – 2:1
  • 08.09.2007. O‘zbekiston – Suriya – 0:0
  • 12.09.2007. O‘zbekiston – Bahrayn – 1:2
  • 17.10.2007. Bahrayn – O‘zbekiston - 2:0
  • 17.11.2007. O‘zbekiston – Janubiy Koreya – 0:0
  • 21.11.2007. Suriya – O‘zbekiston – 3:3

LONDON – 2012

Natija e'tibori bilan eng yaxshi, ammo eng alamli xotiralar bilan esga olinadigan turnir. O‘zbekiston Londondagi olimpiadaning futbol turniri uchun yarim soatlik masofagacha yaqin kelgandi...

O‘sha paytda terma jamoa bilan JCh saralashiga ham tayyorgarlik ko‘rib turgan Vadim Abramov olimpiyachilarni ham o‘z nazoratiga olishni istadi va olimpiyachilar jamoasiga yana bosh murabbiy etib tayinlandi. Avvaliga pley-off bosqichida ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra Hongkong mag‘lub etildi. Guruhda esa Avstraliya, Iroq, BAA jamoalari raqib bo‘ldi – bu guruhda 1-o‘rinni olish O‘zbekistonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri olimpiada ishtirokchisiga aylantirardi.

Iroq va Avstraliya ustidan Toshkentdagi ishonchli g‘alabalar, shuningdek, Avstraliya va BAA maydonidagi golsiz duranglar o‘zbekistonlik olimpiyachilarni guruh favoritiga aylantirdi, endi barchasi jamoaning o‘z qo‘lida edi. Ammo fevral oyida qabul qilingan qatorasiga ikki zarba so‘nggi tur oldidan yo‘q joyda bosim yaratdi. Avvaliga Iroqdan mag‘lub bo‘lindi, BAA esa iroqliklardan avvalroq yutqazgan o‘yinini g‘alabaga aylantirdi. Sababi, o‘sha o‘yinda Iroq tarkibida tushishi kerak bo‘lmagan futbolchi o‘ynagan edi. Natijada, O‘zbekiston guruhda 2-o‘ringa tushib qoldi. Lekin barchasi hali jamoaning o‘z qo‘lida, agar Toshkentda O‘zbekistondan 3 ochko oldinda turgan BAA mag‘lub etilsa, kifoya, guruh peshqadamiga aylanardik.

Maqsadga yaqin keldik ham, 47-daqiqada Fozil Musayev hisobni 2:0 ko‘rinishiga yetkazgach, bizdan yo‘llanmani hech kim tortib ololmaydigandek edi go‘yo. Ammo o‘zimiz topshirib qo‘ydik – himoyadagi qo‘pol xatolar natijasida raqiblar yetakchisi Ahmal Xalil 5 daqiqa ichida hisobni tenglashtirib qo‘ydi. So‘nggi daqiqalarda esa, bor kuchi bilan hujumga tashlangan olimpiyachilar yana jazolanishdi – 2:3.

Guruhlardagi 2-o‘rin jamoalari o‘rtasida pley-offning yagona ishtirokchisini aniqlash uchun o‘tkazilgan mini-turnirda esa O‘zbekiston vakillari o‘ta kayfiyatsiz va nursiz o‘yin ko‘rsatishdi. Senegal bilan olimpiada yo‘llanmasini hal qiluvchi o‘yinda qatnashish huquqini Ummon olimpiya terma jamoasi qo‘lga kiritdi.

Londonda BAA guruhdan chiqa olmadi, Janubiy Koreya va Yaponiya esa birgalikda yarim finalgacha yetib borib, o‘zaro o‘yinda uchinchi o‘rin uchun maydonga tushishdi. Uchrashuv koreyslarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan tugadi.

  • 19.06.2011. O‘zbekiston – Hongkong – 1:0
  • 23.06.2011. Honkong – O‘zbekiston – 0:2
  • 21.09.2011. O‘zbekiston – Iroq – 2:0
  • 23.11.2011. BAA – O‘zbekiston – 0:0
  • 27.11.2011. Avstraliya – O‘zbekiston – 0:0
  • 05.02.2012. O‘zbekiston – Avstraliya – 2:0
  • 21.02.2012. Iroq – O‘zbekiston – 2:1
  • 14.03.2012 O‘zbekiston – BAA – 2:3
  • 27.03.2012. O‘zbekiston – Suriya – 2:1
  • 29.03.2012. Ummon –O‘zbekiston – 2:0

RIO – 2016

Rio olimpiadasi uchun saralash o‘yinlari tubdan o‘zgardi, endi OFK 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionatini har ikki yilda muntazam o‘tkazadi, Olimpiada oldidan o‘tadigan turnirlar esa birato‘la ushbu musobaqaning ham saralash bosqichi sifatida qabul qilinadi. Ya'ni, Olimpiada o‘tadigan yillardagi U-23 sovrindorlari yo‘llanmaga ham ega bo‘ladi.

Bir tomondan, kompakt formatda bo‘lib o‘tadigan turnirlarda terma jamoalarimiz muvaffaqiyatliroq to‘p surishadi, juda ko‘p marta aynan shu yo‘l bilan yoshlarimiz va o‘smirlarimiz jahon chempionatlariga chiqqan. Lekin bu tizim ilk martda bizga yordam bermadi. Terma jamoa murabbiyi Samvel Babayan to‘rt yil oldin Vadim Abramov qilgan xatoni takrorlab, olimpiyachilarning ham bosh murabbiyiga aylanib oldi. Oqibati yodimizda.

12 yanvarda boshlangan turnir 16-kuni O‘zbekiston uchun yakunlanib bo‘ldi. Janubiy Koreya va Iroqqa qarshi o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchragan olimpiyachilar guruhdan chiqish imkoniyatini rasman boy berishdi. So‘nggi turdagi Yaman ustidan qozonilgan g‘alaba ham yupanch sifatida tatimadi.

  • 13.01.2016 Janubiy Koreya – O‘zbekiston – 2:1
  • 16.01.2016. O‘zbekiston – Iroq – 2:3
  • 19.01.2016 O‘zbekiston – Yaman – 3:1

Yuqorida aytilganidek, qisqa formatlarda o‘tadigan turnirlar O‘zbekiston vakillari uchun ancha qulay. Birinchidan, turnir yanvar oyida bo‘layotgani uchun futbolchilarimizda uzoq muddat birgalikda tayyorlanish va turli taktik ko‘nikmalarni hosil qilish imkoniyati bo‘ladi. Ikkinchidan, guruhdan chiqib, alohida bir o‘yinda bor imkoniyatni ishga solib ham olimpiada yo‘llanmasi uchun dadil qadam tashlash mumkin, yil davomida turli stadion va sharoitlarda to‘p surishga majbur bo‘linmaydi.

2018 yilgi Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik olimpiyachilar amalda ham buni isbotlab, Osiyo chempioni bo‘lgandi. To‘g‘ri, o‘sha turnir hech qanday yo‘llanma taqdim etmasligi bois, ba'zi favorit jamoalar u qadar e'tibor berishmagani ham bor gap, lekin umid qilamizki, biz ham bugun boshlanayotgan mas'uliyatli musobaqaga e'tiborni yanada oshiramiz va Drulovich shogirdlari kamida sovrindor bo‘lib qaytishadi. Sovrin esa, sezib turganingizdek, Tokio-2020 yo‘lllanmasi.

Q.Aslanov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: