Javod Zarif: AQShda jungli qonunlari amal qiladi

Jahon 21:40 / 07.01.2020 43749

7 yanvar kuni turli nashrlar Vashington Eron tashqi ishlar vaziriga viza berishdan bosh tortgani to‘g‘risida xabar tarqatgandi.

Amaldor BMT Xavfsizlik kengashining 9 yanvar kuni Nyu-Yorkda o‘tkaziladigan yig‘ilishida ishtirok etmoqchi edi.

Zarifning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo viza berishni rad etish qarorini dekabr oyida berilgan so‘rovni ko‘rib chiqishga ulgurishmagani bilan izohlagan.

«Men ulardan [Amerika hukumati] biror va'daga vafo qilishni kutmayman, shu tufayli bundan ajablanganim yo‘q. Ammo shunisi ajablanarliki, ular nimadan qo‘rqishadi? Men Nyu-Yorkda qanday yomon ish qilishim mumkin?» - degan vazir.

Zarifning qayd etishicha, AQSh boshqa davlat hududida Iroq va Eronning bir necha yuqori martabali amaldorlarini o‘ldirish bilan amalda urush yo‘liga o‘tdi. Vazirning fikricha, bu harakatlar oqibati amerikaliklar kutganidan butunlay boshqacha bo‘ladi.

«Men o‘ylaymanki, davlat kotibi Pompeo prezidentni [Donald Tramp] chalg‘itmoqda. U Tehron va Bag‘dod ko‘chalaridagi odamlar raqs tushib yuribdi deb o‘yladi... Ammo o‘ylaymanki, u hozir, Iroq va Erondagi gumanizm dengiziga guvoh bo‘ldi. Nahotki u Amerika tashqi siyosatini yo‘ldan adashtirib yuborganini tan olmasa?» - deya savol qo‘ygan vazir.

Zarif rasmiy Tehron Vashingtonning harakatlariga javob qaytarishini, ammo javob zarbasi «qonuniy maqsadlar»da berilishini aytib o‘tgan. U ushbu ibora orqali nimani ifodalamoqchi bo‘lganini keltirmagan.

Vazirning fikricha, AQShning bunday harakatlari amerikaliklarning o‘ziga ham yoqmaydi.

«AQSh qonunlar qat'iy amal qiladigan davlat ekani bilan faxrlanardi. Ammo hozir ko‘rmoqdamizki, u yerda jungli qonunlari amal qilmoqda», degan Javod Zarif.

Inqirozning chuqurlashishi
AQSh va Eron munosabatlaridagi navbatdagi inqiroz 3 yanvar kuni Bag‘dodda Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining maxsus bo‘linmasi «Al-Quds» qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy amerikalik harbiylar tomonidan o‘ldirilishi ortidan yuzaga keldi. Pentagon Sulaymoniy AQSh prezidenti Donald Trampning farmoyishiga binoan yo‘q qilinganini ma'lum qildi.

Sulaymoniyni o‘ldirish amaliyoti Amerikaning Bag‘doddagi elchixonasi namoyishchilar tomonidan qamal qilinishi ortidan o‘tkazildi. Vashingtondagilarning fikricha, diplomatik missiyaga hujum general Sulaymoniy topshirig‘i bilan amalga oshirilgan.

Amerikalik harbiylar ma'lumotlariga ko‘ra, Qosim Sulaymoniy va uning maxsus bo‘linmasi Yaqin Sharqda yuzlab xalqaro koalitsiya tarkibidagi amerikalik harbiylar halok bo‘lishida va minglab kishi jarohat olishiga javobgardir.

7 yanvar kuni Iroq parlamenti Amerika armiyasi va Pentagon terrorchi tashkilotlarga tenglashtirilishi nazarda tutilgan qonun loyihasi uchun ovoz berdi. Hujjat matniga ko‘ra, Pentagonning barcha a'zolari, shuningdek u bilan aloqador muassasa va tashkilotlarning a'zolari terrorchilar qatoriga kiritilgan.

Eron milliy xavfsizlik oliy kengashi general Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgani uchun AQShdan o‘ch olishning 13 ta variantini tayyorladi. Kengash kotibi Ali Shamxaniyning aytishicha, «hatto eng zaif javob ham Amerika uchun tungi dahshat bo‘ladi».

Ko‘proq yangiliklar: