Daniyele de Rossi. Rim afsonasidan iqtiboslar

Sport 11:50 / 07.01.2020 5554

Kuni kecha yangi asrdagi Italiya futbolidagi eng yorqin futbolchilardan biri, 2006 yilgi jahon chempioni, «Roma» afsonasi Daniele de Rossi futbolchilik faoliyatini yakunladi. O‘tgan yil yozida Rim bilan xayrlashib, bolalikdagi orzusi «Boka»ga yo‘l olgan 36 yoshli futbolchini endi maydonga ko‘rmaysiz.

Doimo, eng avvalo o‘z jamoasiga va kasbiga sadoqati, maydonda borini berishi bilan nom qozongan haqiqiy professional de Rossining yurish turishi, ko‘rinishi, gaplari jangchini yodga soladi, ba'zida fikrlari balandparvozdek tuyuladi. Lekin aynan mana shunday g‘oyalar De Rossining shu darajada yetishishiga yo‘ldosh bo‘lgan, u rostan ham Rimni sevgan. Aytgan har bir so‘zlarini u amalda ham isbotlagani uchun yarashaveradi, hech kim uning sadoqatidan shubhalana olmaydi. Quyida de Rossi tomonidan turli davrlarda yangragan e'tiborli iqtiboslarni havola qilamiz.

«Roma» haqida

«Faqat qizlarimni «Roma»dan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘raman. Bu haqiqat. Men hali ham jamoa bilan birgalikda qandaydir muhim sovrin yutishni orzu qilaman. «Roma» kuchli klub, ammo yanada kuchliroq jamoalar ham bor. Lekin bu haqiqat meni orzularimdan voz kechdira olmaydi. O‘z oldingga ulkan maqsadlar qo‘ymas ekansan, motivatsiyani yo‘qotasan. Bu esa mashg‘ulotlarda va o‘yinlarda bor imkoniyatingni ishga solishga xalaqit beradi. Muxlislar oldida juda noqulay ahvolda qolasan. Ular doim meni qo‘llashgan. Men ham «Roma» yanada muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun qo‘limdan nima kelsa, qilganman»

Sadoqat haqida

«Men doim o‘zimning jamoaga bo‘lgan sadoqatim haqida eshitaman, lekin aslini olganda, bu qaysidir ma'noda xudbinlik ham. Tushunishingiz kerakki, doim men jamoaga kerak bo‘lganimdan ko‘ra, men uchun «Roma» kerakroq bo‘lgan. Ya'ni bu holatdan men ko‘proq yutganman. Bundan tashqari, boshqa yerda o‘ynay olmasligim, o‘zim bo‘la olmasligimdan ham cho‘chiganman. Bu ham oddiy sabab»

«Latsio» bilan urush

«Latsio» bilan urush? Keling, urushlar haqida gaplashmaylik, shundoq ham dunyoda yetarli. Rim derbisi yaqinlashgan hamono shahar bir muddat to‘xtab qoladi va barcha hayajon senga yuklanib boraveradi. Lekin bularning hammasi maydonda sodir bo‘ladi. Yo‘q, to‘g‘ri, men «Latsio»ning biror futbolchisi bilan restoranga borib, ovqatlanib, turli mavzularda gaplashib o‘tirishimni tasavvur qila olmayman. Lekin ularni hurmat qilaman. Ular menga dushman emas, shunchaki, raqib». 

Totti haqida

«Nasib qilsa, nabiralarimga Totti bilan birga o‘ynaganim haqida maqtanaman. Bu katta sharaf. Franchesko kabi klub ramziga aylangan boshqa futbolchisini topish qiyin. Meni ba'zida klub afsonasi deyishadi, lekin qo‘shilmayman, ana Totti – afsona, men emas»

«Boka Xuniors» haqida

«Qalbim «Roma» bilan, lekin menga doim «Boka» ham yoqardi. Bolaligimdan ularning o‘yinlarini tomosha qilganman. Maradona, stadion, ularning muxlislari doim meni xayratlantirib kelgan. Doim Janubiy Amerikada yashab, «Bombonera» zinalaridan «Boka» futbolchisi sifatida tushib kelishni orzu qilganman»

O‘zi haqida

«Men shunchaki, kamtar Danieleman. O‘z hayotini «Roma»siz tasavvur qila olmaydigan yigit»

Ko‘proq yangiliklar: