«Amerikaga o‘lim!»: Shialar general Sulaymoniy bilan vidolashmoqda va turli davlatlarda namoyishlar o‘tkazishmoqda

Jahon 09:20 / 05.01.2020 120590
Bag‘dodda minglab odamlar general Qosim Sulaymoniy bilan vidolashuv marosimida ishtirok etdi.

Eron tashqi siyosatidagi asosiy strateg va arxitektor bo‘lgan general Sulaymoniy AQSh prezidenti Donald Trampning farmoyishi bilan yo‘q qilindi, u generalni «jahondagi birinchi raqamli terrorchi» deb atagan.

Diplomatlar, siyosatchilar va ekspertlar Yaqin Sharqda vaziyat yanada keskinlashishini hamda Amerika-Eron qarama-qarshiligi keng ko‘lamli urushga aylanib ketishi mumkinligini tusmol qilishmoqda.

Sulaymoniydan tashqari Bag‘dodda u bilan birga o‘ldirilgan Iroq shialarining «Kataib Hizbulloh» guruhi rahbari Abu Mahdi al-Muhandis bilan xayrlashuv marosimi o‘tkazildi. 

Xayrlashuv marosimi shanba kuni Bag‘doddagi yashil hududda (Iroq poytaxtidagi qattiq qo‘riqlanadigan hududda - Amerika elchixonasi shu yerda joylashgan) boshlandi. Bu yerdan namoyishchilar Iroqdagi shialar uchun muqaddas hisoblangan Karbaloga va al-Muhandis dafn qilinishi mo‘ljallangan An-Najaf shahriga yo‘l olishdi.

Ko‘plab odamlar qo‘lida Iroqning Xalq safarbarlik kuchlari guruhi bayroqlari bo‘lgan. Odamlar AQSh va Isroilga qarshi shiorlarni hayqirishgan.

Ijtimoiy tarmoqda amerikaliklar tomonidan o‘ldirilgan general so‘nggi yo‘lga «Shevrole» (AQShning General Motors avtokonserni mahsuloti)da kuzatilganiga e'tibor qaratgan.

Eronda general milliy qahramonga aylandi. U bilan xayrlashish uchun millionlab kishilar ko‘chalarga chiqmoqda.

Eronlik politsiyachilar BMTning Tehrondagi ofisi oldiga generalning portretlarini ko‘targan holda to‘planishdi. 

Boshqalar masjidlarda ibodat qilishdi.

Namoyishlar Pokistongacha yetib bordi: Lahordagi shialar Amerika va Isroil bayroqlarini yoqishdi.

Kashmirda ham davom etdi.

Sulaymoniy, al-Muhandis va ular bilan birga bo‘lgan yana sakkiz kishi 3 yanvar kuni Bag‘doddagi aeroport yaqinidagi mashinalarga AQSh tomonidan raketa zarbasi berilishi oqibatida halok bo‘lgan edi. Pentagon Sulaymoniy Yaqin Sharqdagi Amerika fuqarolarini himoya qilish maqsadida AQSh prezidenti Donald Tramp ko‘rsatmasiga asosan o‘ldirilganini ma'lum qildi.

Trampning o‘zi Sulaymoniyni jahondagi birinchi raqamli terrorchi deb atab, uning millionlab odamlar, xususan, minglab amerikaliklar o‘limi va jarohatlari uchun javobgar ekanini ta'kidladi. Eron rahbariyati esa Sulaymoniyning o‘ldirilishini «urush e'lon qilish» deb atadi va AQShdan o‘ch olishga va'da berdi.

Generalning jasadi shanba oqshomida Eronga jo‘natildi. Yakshanba kuni u avval Mashhadga, keyin Tehronga olib boriladi, u o‘zi tug‘ilgan shahar Kirmonda seshanba kuni dafn etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: