Eron AQShga qarshi choralar haqida va'da berdi va Germaniyani AQShning «yordamchisi» deb atadi

Jahon 07:50 / 04.01.2020 53965

Germaniya hukumati xalqaro qonunlarni buzayotgan AQShning «qaysidir ma'noda yordamchisidir». IRNA’ning yozishicha, bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Abbos Musaviy Germaniya rasmiylarining general Qosim Sulaymoniy amerikaliklar tomonidan o‘ldirilgani haqidagi bayonotiga izoh berib, aytib o‘tdi.

Musaviyning so‘zlariga ko‘ra, Tehron AQShning Eronga nisbatan «shafqatsiz va bir tomonlama» qadami Berlin tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, deb hisoblaydi.

Avvalroq, Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas, shuningdek, Germaniya hukumati rasmiy vakilining o‘rinbosari Ulrike Demmer Sulaymoniyning o‘limiga olib kelgan Amerika aviazarbasi Eron tomonidan bir nechta «xavfli provokatsiyadan» keyin sodir bo‘lganini ma'lum qildilar.

O‘z navbatida, Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarifning xabar berishicha, Eron islom inqilobi soqchilar korpusining «Al-Quds» nufuzli bo‘linmasi qo‘mondoni, general-mayor Qosim Sulaymoniy amerikalik harbiylarning raketa hujumi natijasida halok bo‘lgani uchun AQShni javobgarlikka tortish maqsadida xalqaro miqyosda turli choralar ko‘radi. Bu haqda Reuters davlat televideniyesiga asosan ma'lum qilmoqda.

«Bu aniq terrorchilik harakati edi... Eron Sulaymoniyning o‘ldirilishi uchun AQShni javobgarlikka tortish maqsadida xalqaro miqyosda turli choralar ko‘radi», - dedi vazir.

Eslatib o‘tamiz, 2 yanvardan 3 yanvarga o‘tar kechasi Bag‘dodda eronlik general Qosim Sulaymoniy o‘ldirildi. U shaxsan Donald Trampning topshirig‘i bilan amalga oshirilgan operatsiya natijasida halok bo‘ldi.

Pentagon bu harakat Qosim Sulaymoniy AQSh diplomatlari uchun xavf tug‘dirgan operatsiyalarda qatnashgani va AQShning Bag‘doddagi elchixonasiga amalga oshirilgan hujumda qo‘li borligi sabab amalga oshirilganini ma'lum qildi. 

Ko‘proq yangiliklar: