Tahdid, ko‘z yosh va bayram - general Sulaymoniyning o‘limi qanday reaksiya berdi?

Jahon 19:10 / 03.01.2020 95352

2 yanvardan 3 yanvarga o‘tar kechasi Bag‘dodda eronlik mashhur general Qosim Sulaymoniy o‘ldirildi. U shaxsan Donald Trampning topshirig‘i bilan amalga oshirilgan operatsiya natijasida halok bo‘ldi.

Pentagon bu harakat Qosim Sulaymoniy AQSh diplomatlari uchun xavf tug‘dirgan operatsiyalarda qatnashgani va AQShning Bag‘doddagi elchixonasiga amalga oshirilgan hujumda qo‘li borligi sabab amalga oshirilganini ma'lum qildi. Xo‘sh, Eronda oyatulloh Ali Xominaiydan keyingi ikkinchi odam deb qaraladigan qo‘mondonning o‘limi qanday reaksiya berdi?

Tahdid

Eron oliy yetakchisi oyatulloh Ali Xominaiy Iroqda halok bo‘lgan general Sulaymoniy shahid bo‘lganini tasdiqladi: «Yillar davomida qilgan ishlari uchun shahidlik unga mukofot bo‘ldi. U ketgan bo‘lsa-da, uning yo‘li to‘xtab qolgani yo‘q. Bugun iflos qo‘llari qonga bo‘yalgan jinoyatchilarni qo‘rqinchli qasos kutmoqda».

Bu hodisadan so‘ng Eronda Xavfsizlik kengashi navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazgan. Bundan tashqari, mamlakatda 3 kunlik motam e'lon qilindi.

Bayram

AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo general Sulaymoniy o‘ldirilganidan so‘ng tvitterdagi sahifasida xursandchilikdan yugurayotgan iroqliklar tasvirlangan videoni joyladi. Videoda tonggi soat 04:00da iroqliklar mamlakat bayrog‘ini ko‘tarib, ko‘chada yugurib yurganini ko‘rish mumkin. Pompeo bu videoga shunday izoh yozgan: «Iroqliklar ozodlikdan, general Sulaymoniy endi yo‘qligidan xursand bo‘lib raqsga tushmoqda».

Pompeoning bu posti ostida juda ko‘p izohlar qoldirilgan va unda o‘zining iroqlik, eronlik ekanini aytgan foydalanuvchilar generalning o‘limidan xursand ekanini yozgan. Ammo bunday mazmundagi izohlar ingliz tilida yozilgani sabab ular haqiqiy eronlik yoki iroqliklar bo‘lmasligi ham mumkin.

Ko‘z yosh

Atta Kenare/AFP via Getty Images

Eronda juda katta obro‘ga ega bo‘lgan Qosim Sulaymoniyning o‘limini eronliklar chuqur qayg‘u bilan kutib olishdi. Mamlakatda 3 kun motam e'lon qilindi. Ijtimoiy tarmoqda Sulaymoniyni madh etgan ko‘plab postlar, qo‘shiqlar, suratlar joylandi. Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) kotibi generalning o‘limi haqidagi xabar e'lon qilingan vaqtda jonli efirda yig‘lab yubordi.

Internet foydalanuvchilari Sulaymoniyning bolalar bilan uchrashgani, rahmdil odam ekani tasvirlangan videolarni joylashmoqda.

3 yanvar kuni qora kiyim kiygan minglab eronliklar Sulaymoniyning suratini ko‘tarib ko‘chalarga chiqishdi.

© REUTERS / West Asia News Agency/Nazanin Tabatabaee

Butun mamlakatdagi masjidlarda juma ibodatidan so‘ng general Sulaymoniy haqida ma'ruzalar o‘qildi. Odamlar «sardor shahid bo‘lgani»ni aytib kuylashmoqda. Sulaymoniyni Eronda sardor deb atashardi.

Hadik

Amerikalik senator Kris Merfi Pentagon o‘tkazgan bu operatsiyadan hadikda ekanini ma'lum qildi.

«Eronning ikkinchi raqamli odamini kongress ruxsatisiz yo‘q qilish keng miqyosli mintaqaviy urush boshlanishiga sabab bo‘lmaydimi?», deydi u.

AQSh prezidentligiga nomzod Jo Bayden bu voqea haqida o‘z munosabatini bildirar ekan, Tramp administratsiyasi operatsiya olib kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni bartaraf etishga qodir emasligini aytdi.

«Hech bir amerikalik Sulaymoniyning o‘limi uchun aza tutmaydi. U ko‘plab amerikalik askarlar va mintaqadagi odamlarga qilgan zulmi, terrorni qo‘llab-quvvatlagani uchun bunga loyiq edi. Prezident administratsiyasi bu ish Eronni tiyib qo‘yish uchun qilinganini aytmoqda, ammo bu operatsiya teskari effekt berishi ehtimoli yuqori. Prezident Tramp hozir cho‘g‘ning ichiga dinamit tashladi. Bu ishlar Yaqin Sharqdagi muvozanatga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Umid qilaman, administratsiya bu ish olib keladigan oqibatlar va ularni bartaraf etishni ham o‘ylagan, ammo uzoq vaqt hech qanday intizomga rioya qilmagan administratsiya bunga qodir emas deb qo‘rqaman», deya yozdi Bayden.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha vakili Federiko Mogerini Iroqdagi voqealardan xavotir bildirdi.

«Yaqin Sharqda juda xavfli holat. Umid qilamanki, aql-idrok bilan harakat qiladiganlar vaziyatni o‘z qo‘liga olib, katta qarama-qarshilikning oldini olishadi», degan Mogerini tvitterdagi sahifasida.

Dunyoning ko‘plab siyosatchilari bu borada fikr bildirishga shoshmayapti. Ayniqsa, Amerikada bu katta voqelik haqida fikr bildiradiganlar ko‘p emas. Shu bois, keling, o‘zimiz biroz mulohaza qilib ko‘rsak. Tramp juda jiddiy qarorni qabul qildi. Bu qanchalik yaxshi yoki yomon qaror bo‘lganini esa vaqt ko‘rsatadi. Ammo bir narsa aniq — Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi Usama bin Lodin yoki al-Bag‘dodiyni o‘ldirish bilan bir xil emas. Chunki ular butun dunyo tomonidan terrorchilik tashkilotlari deb tan olingan guruh rahbarlari edi, Sulaymoniy esa butun boshli mamlakatning ikkinchi raqamli odami, birinchi raqamli harbiy qo‘mondon. Uning o‘ldirilishi Eron tomonidan terakt sifatida qabul qilindi va buni tushunish mumkin.

Buni Saddam Husaynning o‘ldirilishiga ham o‘xshatib bo‘lmaydi. Saddam sud qilinib o‘limga hukm qilingandi, Sulaymoniyni o‘ldirish qarori esa bir kishi tomonidan qabul qilindi. Bu voqea AQShda yana Trampga qarshi harakatlarni boshlab yuborishi mumkin. Quyi palata allaqachon e'lon qilgan impichment Trampning bu maslahatlashmay qabul qilgan va AQShning Yaqin Sharqdagi pozitsiyasiga, kerak bo‘lsa mamlakatning yaxlitligiga salbiy ta'sir qilishi kutilayotgan qarori sabab yuqori palatada ham tasdiqlanishi hech gap emas...

O‘tkir Jalolxonov

Ko‘proq yangiliklar: