Karlos Gon Yaponiyadan Livanga qochib ketdi

Jahon 13:30 / 31.12.2019 21726

«Men odil sudlovdan emas, balki adolatsizlik va siyosiy ta'qibdan qochmoqdaman», deya Nissan’ning sobiq rahbarining so‘zlarini keltiradi Reuters.

Gon Yaponiya sud-huquq tizimini inson huquqlari asoslariga rioya qilmaslikda ayblagan va «u yerda asirlikda yashamoqchi emasligi»ni bildirgan.

Gon OAVda o‘zining Livandaligi haqida tarqalgan xabarlarni tasdiqlagan. Gonning ta'kidlashicha, qochish unga matbuot bilan muloqot qilishga imkoniyat beradi.

Hozircha u Yaponiyadan qanday qilib chiqib ketgani ma'lum emas.

NHK nashri Livan hukumatidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, Gon Livanga boshqa nom ostida kelgan bo‘lishi mumkin.

Ayni vaqtda 65 yoshda bo‘lgan Gon Braziliyada, kelib chiqishiga ko‘ra livanlik bo‘lgan oilada tug‘ilgan. U Bayrutda o‘sgan, keyin o‘qish uchun Fransiyaga yo‘l olgan. Gonda Fransiya, Braziliya va Livan fuqaroligi bor.

Gon ishi
Renault va Nissan kompaniyalarining sobiq rahbari o‘tgan yilning 19 noyabrida moliyaviy qonunchilikni buzishda ayblanib qo‘lga olingandi.

Tergov talqiniga ko‘ra, Gon 2010 yildan 2018 yilga qadar bo‘lgan vaqt davomida Nissan direktorlar kengashi raisi sifatida olgan mukofotlari hajmini yashirgan (80 million dollar) va daromadining katta qismini deklaratsiya qilmagan bo‘lishi mumkin.

Gon 108 kunni qamoqda o‘tkazdi, 2019 yilning 6 martida esa 9 mln dollar miqdoridagi garov puli evaziga ozod qilingan va uy qamog‘iga jo‘natilgan edi.

Ammo Gon bir oy o‘tib yana hibsga olindi - bu safar unga Nissan konserni mablag‘larini qonunga xilof ravishda talon-toroj qilganlik ayblovi qo‘yildi. Tergovchilarning fikricha, u shaxsiy maqsadlari va xususiy investitsiyalarga sarflash orqali kompaniyaga 1,85 mlrd iyen (21 mln dollar atrofida) zarar yetkazgan bo‘lishi mumkin.

Yapon nashrlarining yozishicha, garov evaziga ozod qilingan shaxs ikkinchi marta qamoqqa olinishi - Yaponiya prokuraturasi uchun kamdan-kam kuzatiladigan holatdir.

Himoyachilar yana bir marta garov puli to‘lashdi - 500 mln iyen (4,5 mln dollar) va Gon yana uy qamog‘iga o‘tkazildi.

Gon o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmagan va kompaniya top-menejmentidagi «xoinlik va intrigalar» qurboni bo‘lganini aytgan.

Unga Yaponiyadan chiqib ketish tugul, Tokiodagi kvartirasini tark etish va hattoki ruxsatsiz rafiqasi bilan uchrashish ham taqiqlab qo‘yilgandi.

Tokio okrug sudida Goning uy qamog‘ida saqlanish shartlari o‘zgarmagani va u Yaponiyani tark etishga ruxsat olmagani ma'lum qilingan.

Gon ustidan sud jarayoni 2020 yil bahorda boshlanishi kerak edi.

Ko‘proq yangiliklar: