O‘zbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlarining chet el valutasidagi mablag‘larining g‘azna ijrosi tartibi e'lon qilindi.
Vazirlar Mahkamasining muhokama uchun joylashtirilgan qarori loyihasiga ko‘ra:
budjet tashkilotlarining, budjet mablag‘lari oluvchilarning hamda davlat maqsadli jamg‘armalarining chet el valutasidagi operatsiyalari ijrosi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi tomonidan g‘azna ijrosi yo‘li bilan amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi tomonidan budjet tashkilotlari, budjet mablag‘lari oluvchilar hamda davlat maqsadli jamg‘armalari uchun chet el valutasida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari ochiladi;
budjet tashkilotlari va davlat maqsadli jamg‘armalari tomonidan tijorat banklarida chet el valutasidagi bank hisob raqamlarini ochilishi taqiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlarining chet el valutasidagi mablag‘larining g‘azna ijrosi tartibi to‘g‘risidagi nizomda aytilishicha, har bir chet el valutasi bo‘yicha alohida yagona g‘azna hisobvarag‘i (YaG‘H)lar ochiladi.
Budjet tizimi budjetlarining chet el valutasidagi mablag‘lariga G‘aznachilik tomonidan YaG‘Hdan foydalangan holda xizmat ko‘rsatish chet el valutasidagi mablag‘larini kirim qilish, to‘lovlarni amalga oshirish, hisobini yuritish (valuta operatsiyalar) orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki axborot tizimlari o‘rtasida elektron raqamli imzo qo‘llanilgan holda axborot almashiniladi.
Qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan chet el valutasida to‘lanadigan to‘lovlarni qabul qilish uchun belgilangan tartibda tushumlar bo‘yicha chet el valutasidagi shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarini (ShG‘H) ochish va yopish G‘aznachilik tomonidan amalga oshiriladi.
Buyurtmachilarning chet el valutasidagi tushumlari (mablag‘lari) YaG‘Hga kirim qilinadi hamda ularning ShG‘Hlarida aks ettiriladi.
Buyurtmachilarning xarajatlari (to‘lovlari) ShG‘Hlari qoldiqlari doirasida YaG‘Hdan G‘aznachilik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan axborot tizimida amalga oshiriladi.
Moliya vazirligining chet el valutasidagi operatsiyalarining hisobi valuta turlari bo‘yicha G‘aznachilik tomonidan ochiladigan alohida ShG‘Hlarida yuritiladi.
Moliya vazirligining chet el valutasidagi operatsiyalari G‘aznachilik tomonidan amalga oshiriladi.
Moliya vazirligining chet el valutasi yoki milliy valutasidagi mablag‘larini milliy valutaga yoki chet el valutasiga konvertatsiya qilish hamda to‘lovlarni amalga oshirish G‘aznachilik tomonidan Markaziy bankka taqdim etiladigan buyurtma va to‘lov topshiriqnomalar asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati kafolati ostida xalqaro moliyaviy institutlar hamda chet el hukumatlar moliya tashkilotlarining qarz va kredit mablag‘larini jalb qilgan tashkilotlar qarz mablag‘larni qaytarish jadvali asosida mablag‘larni G‘aznachilikning tegishli YaG‘Higa o‘tkazib beradi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatlari bajarilishini ta'minlash maqsadida jalb qilingan xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari qarzlari va kreditlarining qaytarilishi bo‘yicha to‘lovlar G‘aznachilik tomonidan chet el valutasidagi YaG‘Hdagi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Moliya vazirligining ShG‘Hlardagi bo‘sh turgan mablag‘lardan samarali foydalanish maqsadida chet el valuta mablag‘lari G‘aznachilik tomonidan Markaziy bankka depozitga joylashtirilishi mumkin.
Markaziy bank tomonidan depozitga qabul qilingan Moliya vazirligining chet el valutasidagi mablag‘lari va ularning qoldiqlari bo‘yicha to‘liq ma'lumot vazirlikning yozma murojaatiga asosan taqdim etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan xorijiy moliya institutlaridan jalb qilingan chet el valutadagi qarz mablag‘lari, shuningdek Moliya vazirligining ShG‘Hlardagi vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘lar G‘aznachilik tomonidan quyidagi yo‘nalishlarga:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq maqsadli ssudalar berishga;
tijorat banklariga chet el valutasidagi kredit liniyalarini tijorat banklari orqali ajratilishiga;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati kafolati ostida xalqaro moliyaviy institutlar hamda chet el hukumatlar moliya tashkilotlarining qarzlarini qoplashga ajratiladi.
Budjet tizimi budjetlarning ShG‘Hlarini yuritish uchun tegishli valuta turlari bo‘yicha axborot tizimida G‘aznachilik tomonidan:
buyurtmachilarga ShG‘Hlar ochish muvofiq shakldagi arizaga;
buyurtmachilarning ShG‘Hlarni yopish muvofiq shakldagi arizaga asosan amalga oshiriladi.
ShG‘Hlardan to‘lovlarni amalga oshirish uchun buyurtmachi G‘aznachilik yoki uning tegishli hududiy boshqarmalariga belgilangan tartibda tasdiqlangan shakl bo‘yicha imzolar namunalari va muhr izi kartochkasini taqdim etadi.
Buyurtmachi chet el valutacini sotib olish uchun muvofiq shaklda, chet el valutasini sotish uchun muvofiq shaklda G‘aznachilik va uning hududiy boshqarmalariga buyurtma taqdim etadi.
Buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan buyurtma G‘aznachilik yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan tekshiriladi hamda xatoliklar aniqlanmaganda, elektron shakldagi buyurtmanoma G‘aznachilik tomonidan shakllantiriladi.
Bunda G‘aznachilik chet el valutasini xarid qilish uchun buyurtmanomani elektron raqamli imzodan foydalangan holda bir bank ish kunida Markaziy bank tomonidan tasdiqlangan shakl bo‘yicha ekspert guruhi tomonidan ko‘rib chiqilganidan so‘ng, Markaziy bankka yuboradi.
G‘aznachilik tomonidan yuborilgan buyurtmanoma Markaziy bank uchun banklararo savdo sessiyasida chet el valutasini xarid qilish uchun asos bo‘lib hisoblanadi.
Buyurtmalar ijro qilinganidan so‘ng G‘aznachilik va uning hududiy boshqarmalari uning bir nusxasini ShG‘Hidan muvofiq shakl bo‘yicha ko‘chirma bilan birga buyurtmachiga taqdim etadi.
G‘aznachilik Markaziy bank tomonidan qaytarilgan buyurtmalarda xatoliklar aniqlangan hollarda xatoliklar aniqlangan kundan keyingi bank ish kunidan kechiktirmasdan, elektron shaklda yuborilgan hollarda esa shu kunning o‘zida kamchiliklarni asoslantirgan holda to‘g‘rilash uchun mazkur buyurtmani unga ilova qilingan ko‘chirma nusxasi bilan birga buyurtmachiga qaytaradi.
G‘aznachilik tomonidan taqdim qilingan chet el valutasini sotib olish va sotish bo‘yicha buyurtmanomalar Markaziy bank ekspert guruhi tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.
G‘aznachilikda chet el valutasini xarid qilish buyurtmanomalarini ko‘rib chiqish uchun ekspert guruhi tuziladi. Ushbu ekspert guruhning tarkibi va ishlash reglamenti Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
G‘aznachilik tomonidan Moliya vazirligining chet el valutasidagi operatsiyalarini amalga oshirishda chet el valutacini sotib olish va sotish uchun elektron shakldagi buyurtmanomani shakllantirib elektron raqamli imzodan foydalangan holda Markaziy bankka yuboradi.
Maxsus valuta hisobvaraqlariga qo‘shib qo‘yilgan mablag‘lar qat'iyan maqsadli ravishda tuzilgan shartnomalarga muvofiq sarflanadi.