Moskvada Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf madrasasi borligini bilasizmi? Kun.uz’da eksklyuziv suhbat

Jamiyat 10:08 / 29.12.2019 61283

Islom dini tinchlik va omonlik, insonni komillikka yetaklovchi din. Ammo, ba'zida ayrim shaxslar tomonidan bu dinga nisbatan g‘arazli bo‘htonlar bo‘lib turadi. Bundan tashqari, dunyoning turli mamlakatlarida sodir etiladigan turli xurujlar, qurolli hujumlarni ushbu din bilan bog‘lash holatlari uchraydi. Qolaversa, hozirgi kunda Islomga e'tiqod qiluvchilar orasida ham turli fikrlilar, har xil g‘oyalarga ergashuvchilar bor. Tabiiy, bunday holatda ularga Islom dini va uning ta'limotlarini to‘g‘ri yetkazish juda muhim hisoblanadi.

Zamonamizning diniy olimlaridan biri Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh Islom dini ta'limotlarini shogirdlari va mo‘'min-musulmonlarga o‘rgatar ekan, Ahli sunna va jamoa e'tiqodini keng yoyish, unga rioya qilishni o‘z dasturul-amaliga aylantirgan edi. 

Rossiyada bo‘lib turgan Kun.uz muxbirlari Moskva shahrida tashkil etilgan Shayx nomidagi madrasada bo‘ldi va uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi hamda Shayx hazratlarining shogirdlaridan biri – madrasa mudarrisi Risqulbek domla Karimbekov bilan suhbat qildi.

-        Assalomu alaykum. Domla, hozir biz Moskva shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomida tashkil etilgan va siz mudarrislik qilayotgan madrasada bo‘lib turibmiz. Mazkur madrasa tashkil etish g‘oyasi qachon va qanday paydo bo‘ldi?

Shayx hazratlari hayotlik vaqtlarida Moskvada «Dorunnashr» va «Hilolnashr» deb nomlangan nashriyotlarimiz bor edi. U kishining tashabbuslari bilan kitoblari rus tiliga tarjima qilinib, Rossiyadagi rusiyzabon o‘quvchilarga taqdim etilar edi. U kishi vafotlaridan so‘ng, «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi ma'naviy-ma'rifiy uy» deb nomlanuvchi tashkilot ochdik. Mazkur tashkilot huzurida bir madrasa tashkil etishga qaror qildik. Bu Hazratning ishlarini davom ettirib kelayotgan Ismoil Muhammad Sodiq va ulug‘larimiz bilan maslahatlashib amalga oshirildi.

-        Ushbu madrasada necha kishi tahsil olmoqda, Islom dini ta'limotlarini o‘rganmoqda?

Risqulbek domla Karimbekov

Madrasamiz ikki qismga bo‘linadi. Birinchisi, erkaklar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 50ga yaqin talabamiz bor. Ikkinchisi, Moskva shahrining boshqa hududida bo‘lib, ayollarga Islom ta'limotlarini o‘rgatadi. U yerda 3ta guruhimiz bo‘lib, o‘zbek, qirg‘iz va rus tillarida ilm berish yo‘lga qo‘yilgan. Ayollar madrasasida 100ga yaqin ayollar o‘z ona tillarida diniy ta'lim olish imkoniyatlari barpo qilingan.

-        Ta'lim berish jarayonida qanday qo‘llanmalardan foydalaniladi? Umuman bu jarayon qanday tashkil etilgan?

Ta'lim berishda asosan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kitoblaridan foydalaniladi. Masalan, «Aqiyda» darsida hazratning «Sunniy aqiydalar» kitobi, u kishi tarjima qilgan «Aqiydatut-Taxoviya» kitoblari qo‘llansa, «Hadis» darsida «Hadis va Hayot» kitobidan foydalanilsa, umuman, barcha darslarda Shayx kitoblari qo‘llanadi.

-        Sir emas, bugungi kunning eng katta muammosi bu yoshlarimizning ilmsizlik tufaylidir, turli diniy oqimlarga qo‘shilib ketishidir. Shayx hazratlari ham umri mobaynida diniy ilmsizlikka barham berish yo‘lida faoliyat yuritib, turli noto‘g‘ri aqiydadagi diniy oqimlarning kirdikorlarini fosh etib keldilar. Madrasadagi kutubxonada ham u kishining tarjimalari bo‘lmish Ochiq xat kitobi turibdi. Madrasa yoshlardagi shu boradagi anglashilmovchiliklarga qarshi kurashish borasida qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

Bizning faoliyatimizning yana biri – madrasadan tashqari, Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar bilan shug‘ullanamiz. Ya'ni, ularning ijtimoiy moslashuvi, Rossiyadagi hayotga moslashuvi Shayx hazratlarining kitoblari asosida yo‘lga qo‘yilgan. Qolaversa, u kishining «Ochiq xat», «Vasatiya», «Din nasihatdir», «Ixtiloflar kitobi» kabi asarlari Rossiyaning rasmiy idoralari bilan kelishilgan holda qamoqxonalardagi masjidlarga qo‘yilib kelinmoqda.

Bundan tashqari, Hazrat bizga juda katta ilmiy meros qoldirib ketganlar, biz ularni qozoq, qirg‘iz, rus tillariga o‘girish orqali yoshlarning turli diniy oqimlarga kirib ketmasligi yo‘lida ishlar olib boryapmiz.

-        Talaba ustoz ko‘rmasa, ayniqsa, diniy ilm olishda noto‘g‘ri xulosalarga kelib qolishi mumkin. Mana siz talabalarga ustozlik qilyapsiz. Buning o‘ziga xos qiyinchiliklari bormi, ustoz qanaqa bo‘lishi kerak?

Ustoz bo‘lishning asosiy sharti, aytgan narsasiga o‘zi amal qilsa, shogirdlar uning hayotga tatbiq etilishini ko‘rishsa, ularga ilm berish mana shunda deb o‘ylayman. Chunki, agarda, ustoz o‘zi aytgan narsasiga o‘zi amal qilmay turgan bo‘lsa, ilm yuqishi oson bo‘lmaydi. Shuning uchun, har bir ustoz shogirdlariga nafaqat nazariy ilm berish, balki kundalik hayotda o‘zi aytgan narsalarga amal qilishni ko‘rsatib bersa, samarali bo‘ladi, deb o‘ylayman.

-        Kelgusidagi reja-maqsadlar haqida so‘z yuritsangiz?

Talabalar sonini ko‘paytirish, Shayx hazratlarining kitoblaridan ko‘proq vatandoshlarimizga ta'lim berish. Markaziy Osiyodan kelgan har bir migrant Islom dini vakili hisoblanadi. Bu yerdagi mahalliy aholi ularning odob-axloqi, yurish-turishini ko‘rib, Islom diniga, mehnat muhojiri qaysi mamlakatdan kelgan bo‘lsa, o‘sha davlatga baho beradi.  

Bundan tashqari, kitob do‘konlarimiz ham bor. Ikkinchi maqsadimiz, Hazratning kitoblarini migrantlarga ko‘proq tarqatish niyatimiz ham bor. Chunki, bu kitoblarni o‘qib-o‘rganish orqali, ularning axloqlari yanada yaxshi bo‘ladi, degan umidimiz ham bor.

Ma'lumot o‘rnida, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kitoblarini Moskva shahridagi masjidlarda, xususan, shaharning bosh jome masjidida joylashgan «Barakat» do‘konida, erkaklar va ayollar madrasalarida xarid qilish imkoni mavjud.

Ayollar madrasasi manzili: g. Moskva, ul. Koshtoyansa, d. 20, k. 3. Metro Yugo-Zapadnaya.

Erkaklar madrasasi manzili: g. Moskva, ul. 1-ya Novaya, d. 8A, metro Salarevo, +79037213949

Kitob do‘koni manzili: Moskovskaya oblast, gorod Balashixa, mkr 1 maya, dom 17

Intervyuning to‘liq namunasi bilan videolavhada tanishishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: