«Ish izlab xorijga ketgan yoshlar taqdiri haqida barcha darajadagi rahbarlar jiddiy bosh qotiryaptimi?» - Prezident

O‘zbekiston 21:00 / 27.12.2019 27291

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda zamonaviy tadbirkorlik loyihalarini ommalashtirish, buning uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish zarurligi haqida gapirdi.

«Yoshlarni doimiy band qilish, ularni ish bilan ta'minlash dunyodagi barcha davlatlarda dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Respublikamizda ham har yili kamida 600 mingdan ziyod bitiruvchilar mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Lekin, ularning aksariyati ish izlab yurgani bu borada amalga oshirayotgan ishlarimiz hali yetarli emasligidan dalolatdir.

Shu o‘rinda, haqli savol tug‘iladi. Ish izlab xorijga ketgan yoshlarimizning taqdiri haqida barcha darajadagi rahbarlar jiddiy bosh qotiryaptimi? Afsuski, ayrim joylarda mutasaddilar yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga aksincha, ularga to‘siq bo‘lmoqda, ular ishiga xalaqit qilmoqda.

Bu sohadagi ishlarimizning samarasini oshirish maqsadida Toshkent shahrida tashkil etilgan «Ishga marhamat» markazini namuna sifatida qolgan barcha hududlarda ham barpo etish choralarini ko‘rishimiz kerak.

Bundan tashqari, butun dunyoda yoshlar orasida tobora ommalashib borayotgan tadbirkorlik faoliyatini innovatsion tarzda yo‘lga qo‘yish, yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «startap» loyihalari salmog‘ini oshirish lozim.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 2020 yilda 20ta eng yaxshi «startap» loyihalarini joriy etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishi kerak.

Umuman olganda, bu kabi zamonaviy tadbirkorlik loyihalarini ommalashtirish, buning uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishimiz zarur. Shuning uchun, ilg‘or davlatlar tajribasi asosida «Startap to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yoshlar Ittifoqi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Mehnat vazirligi, «Ishga marhamat» markazini qolgan hududlarda tashkil etish hamda «startap» loyihalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir oy muddatda «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishi bo‘yicha topshiriq berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: