Boxing Day boshlanmoqda: Birinchi kundayoq peshqadamlar to‘qnashuvi

Sport 12:18 / 26.12.2019 30008

Bu kunda futbol o‘ynash Angliyada odat tusiga kirgan, har yilning so‘nggi haftasiga APL bir emas, bir nechta tur o‘yinlarini sig‘dirib, muxlislarga o‘ziga xos bayram sovg‘a qiladi.

BOXING EMAS, BOX
Boxing Day tushunchasi futbol olamida ba'zan biroz noto‘g‘ri tushuniladi. Yilning so‘nggi o‘n kunligida Angliyada bir necha tur o‘tkazilishini e'tiborga olib, ko‘pchilikda, bu termin haqida biroz noto‘g‘ri fikr shakllangan. 

Aslida bu terminning ildizi Boxing, ya'ni «boks» emas, «The Box» ya'ni «quti» ma'nosini anglatadi. Tarixda Christmas (25 dekabr) bayramining ertasida zodagonlar o‘z xizmatkorlariga dam olish imkonini berishgan va ularga qutida sovg‘a ulashilgan. Bu kunning alohida bayramga aylanishi aynan o‘sha odatga asoslanadi, keyinchalik, bu kunda inglizlar bir-birlariga qutilarda sovg‘a berishga odatlanishdi. 

Bir necha sport turlarida, xususan futbolda ham 26 dekabrda futbol o‘yinlarini o‘tkazish urfga kirdi va har yili bu sanada haftaning qaysi kuni bo‘lishidan qat'i nazar tur o‘yinlari o‘tkaziladigan bo‘ldi. Shuning uchun ham, ko‘pincha chempionatning 18-19 turlariga to‘g‘ri keladigan bu kunga alohida e'tibor beriladigan bo‘ldi va alohida hisob-kitoblar yuritilishi muxlislar uchun qiziqdir. 

Albatta, birato‘la o‘sha so‘nggi o‘n kunlikni e'tiborga olib, «Boksing Dey»ni umumiy qilib, 3-4 tur deb tushunilishi u qadar zarar emas. Filologiyada ham butunni qism bilan ifodalash qoidalari bor, masalan. Tahlilchilar, jurnalistlar ketma-ket o‘tkaziladigan mana shu turlarni umumiy ma'noda mana shu atama bilan nomlashlari tushunish uchun ham, bu kunlarning o‘ziga xosligi nuqtayi nazaridan ham u qadar noto‘g‘ri tuyulmaydi.   

FUTBOL BILAN TeNGDOSh BOXING DAY
Yana bir qiziq tarafi - futboldagi Boxing Day tushunchasi, qaysidir ma'noda futbol o‘yini bilan ham tengdoshdir. 1860 yilning aynan 26 dekabrida futbol tarixida ilk futbol uchrashuvi sifatida qayd etish mumkin bo‘lgan o‘yin bo‘lib o‘tgandi. 

1855 yilda «Sheffild» kriket jamoasi a'zolari futbol to‘garagini tashkil qilishadi, biroz o‘tib esa, futbol tarixidagi ilk futbol klubi – FK «Sheffild»ga asos solinadi. Avvaliga jamoa a'zolari faqat o‘zaro o‘ynab yurishadi. Doim qandaydir asosda futbolchilar ikkiga bo‘linar, goh bo‘ydoqlarga qarshi uylanganlar, goh malla sochlilarga qarshi qora sochlilar kuch sinashishardi.

1860 yilning sentyabrida Sheffild yaqinida yana bir futbol klubi «Hallam» tashkil etiladi. Jamoalar Christmas bayramining ertasiga o‘zaro o‘yin o‘tkazishni kelishadi. Shu tariqa, futbol tarixidagi eng ko‘hna derbi – Rules derbisi tashkil topadi. Uchrashuvda tajribaliroq «Sheffild» futbolchilari 2:0 hisobida g‘alaba qozonishgandi. 

O‘sha o‘yin bo‘lib o‘tgan «Sandigeyt Graund» stadioni hali ham mavjud. Jamoalar esa, Angliyaning sakkizinchi va o‘ninchi divizionlarda ishtirokini davom ettirib kelmoqda. Bundan uch yil oldin kubok o‘yinida bu jamoalar o‘zaro to‘qnash kelishdi va muxlislar kelajakda yana bunday o‘yinlar bo‘lishidan umidvor. Angliyada futbolning tubi naqadar chuqur ekanini his qilib borasan kishi...

UNUTILMAS O‘YINLAR
Avvallari, mana shu bayram kunlari muxlislarning u shahardan bunisiga safar qilib yurmasliklarini e'tiborga olib, tashkilotchilar bu kunga derbi o‘yinlarni belgilashga harakat qilishardi. 

Ayniqsa, 1979 yilda Angliyaning uchinchi divizionida bo‘lib o‘tgan «Sheffild Uensdey» va «Sheffild Yunayted» o‘rtasidagi o‘yin tarixga kirgan. O‘yinga 49 ming muxlis tashrif buyurgandi – bu uchinchi divizion uchun haligacha rekord ko‘rsatkich bo‘lib qolmoqda. 

1963 yilda bo‘lib o‘tgan Boxing Day esa, boshqa tarafdan yodda qolgan. O‘sha kuni o‘tkazilgan 10 uchrashuvda jami bo‘lib 66 gol urilgandi. O‘sha kuni futbol ishqibozlari 3ta poker, 3ta het-trik, 8ta dubl va 4ta qizil kartochka guvohi bo‘lishadi. «Fulhem» «Ipsvich»ni 10:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan, «Vest Hem» – «Blekbyorn» o‘yini esa 8:2 hisobida mehmonlar foydasiga hal bo‘lgan, «Byornli» «Manchester Yunayted» ustidan 6:1 hisobida g‘alaba qozongan.

ROSTAN HAM HAL QILUVChI BOSQIChMI?
Mavsum boshida qaysi jamoa har qancha ustunligini namoyish qilmasin, autsayderlar har qanday og‘ir ahvolga tushib qolishmasin, jurnalistlar va tahlilchilar «hammasi Boksing dey»larda hal bo‘ladi, deyishni yaxshi ko‘radilar. 

Umuman olganda, bu o‘yinlarning boshqa turlardan alohida farqlanib turadigan jihati yo‘q. Top-klublar boshqa turlarda ham ochko yo‘qotishadi, faqat aynan shu kunlardagi yo‘qotishlarga alohida tus beriladi, xolos.

Aksincha, agar top-klublar bu turlarga strategik yondasha olishsa, boshqa klublarga nisbatan ustunroq holatda bo‘lishlari mumkinligini aytish kerakdir, balki. Chunki yuqorida aytilganidek, 10 kunda 4 tur o‘tkaziladi. Tarkibning boyligi va zaxira o‘yinchilarining saviyasi jihatidan yaxshiroq imkoniyatga ega bo‘lgan top-klublar bu o‘yinlarda rotatsiyani ko‘paytirishlari va shu orqali tarkibdagi charchoqni 11 emas, 20 futbolchiga bo‘lib yuborishlari mumkin.

O‘rtamiyona va autsayderlar esa bunday qila olishmaydi. Ularda 2-3 futbolchining zaxirada qoldirilishi yoki maydonga tusha olmasligi o‘yin sifatiga keskin ta'sir qilishini ko‘rish mumkin. 

Boshqa tarafdan, aynan shu jihat ularga qo‘l ham keladi. Chunki, bu faktorni hamma biladi va ko‘pchilik ulardan mana shu turlarni yo‘qotishsiz o‘tkazishni kutmaydi ham. Bosim nuqtayi nazaridan katta klublar ehtiyotkor yondashishlari kerakligi ham haq gap.

BIZNI KUTAYoTGAN O‘YINLAR

Demak, bugun APLda 19-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tsa, kelasi chorshanbada 21-tur boshlanayotgan bo‘ladi. Ya'ni olti kunda jamoalar uch martadan maydonga tushishga majbur. 3 yanvargacha deyarli har kuni kamida bitta o‘yin ko‘rish imkoniyatiga egamiz. Yurgen Klopp bu holatni «jinoyat» deb aytadi, Joze Mourino, Pep Gvardiola kabi mutaxassislar ko‘p yillardan beri yozg‘irishadi, lekin inglizlarga farqi yo‘q – ularga shou kerak va o‘tkinchi murabbiylarning fikri salkam ikki asrlik an'anani o‘zgartira olmasligini hamma yaxshi biladi.

Bu yilgi Boxing Day soat 17:30da «Tottenhem» – «Brayton» to‘qnashuvi bilan boshlanadi. Qizig‘i, roppa-rosa ikki yil oldin ham, londonliklar ayni shu vaqtda bayramni boshlab berishgan va o‘shanda Londonda «Sauthempton» mehmon bo‘lgandi. Mourino shogirdlari uchun bugungi o‘yinning ahamiyati katta - birinchi davrada «Brayton» o‘z maydonida 3:0 hisobida ustun kelgandi.

Soat 20:00da birdaniga 6 o‘yin boshlanadi. «Chelsi» «Sauthempton»ni qabul qilsa, «Arsenal» «Bornmut» mehmoni bo‘ladi. Soat 22:30da «Manchester Yunayted» «Nyukasl»ni qabul qiladi. Bu oqshom nihoyat Sulsher shogirdlari autsayder jamoani ham yuta olishlarini namoyish qilishlari kerak. Bu jamoalar o‘rtasidagi unutilmas «boksing dey» dueli hali ham APL muxlislarining yodida bo‘lsa kerak. Fergyusonning oxirgi mavsumida bo‘lib o‘tgan o‘yinda «MYu» 4:3 hisobida irodali g‘alabaga erishgandi. O‘sha o‘yin ham turnir durdonalari safidan joy olganiga shubha yo‘q.

Kun «Liverpul» – «Lester» o‘yini bilan nihoyasiga yetadi. Bu uchrashuvga ortiqcha ta'rif ham shart emas. Turnir jadvalining yuqori uchligida joylashgan juftlik. Bu o‘yin ertaga o‘tar kechasi, soat 01:00da boshlanadi. 

Ertaga, 27 dekabrdan 28 dekabrga o‘tar kechasi «Manchester Siti» Vulverhemptonga safar qiladi va birinchi davradagi mag‘lubiyat alamini olishga urinib ko‘radi.

Yakshanba kuni soat 19:00da esa, bizni 20-tur doirasidagi London derbisi kutib turibdi – «Arsenal» – «Chelsi».

Ayni vaqtda APL turnir jadvali quyidagicha ko‘rinishda:

19-TUR
26 dekabr, 17:00

«Tottenhem» – «Brayton»
20:00
«Bornmut» – «Arsenal»
«Aston Villa» – «Norvich»
«Chelsi» – «Sauthempton»
«Kristal Pelas» – «Vest Hem»
«Everton» – «Byornli»
«Sheffild» – «Uotford»
22:30
«Manchester Yunayted» – «Nyukasl»
01:00
«Lester» – «Liverpul»
27 dekabr, 00:45
«Vulverhempton» – «Manchester Yunayted»

20-TUR
28 dekabr, 17:30

«Brayton» –«Bornmut»
20:00
«Nyukasl» – «Everton»
«Sauthempton» – «Kristal Pelas»
«Uotford» – «Aston Villa»
22:30
«Norvich» – «Tottenhem»
«Vest Hem» – «Lester»
00:45
«Byornli» – «Manchester Yunayted»
29 dekabr, 19:00
«Arsenal» – «Chelsi»
21:30
«Liverpul» – «Vulverhempton»
23:00
«Manchester Siti» – «Sheffild»

21-TUR
1 yanvar, 17:30

«Brayton» – «Chelsi»
«Byornli» – «Aston Villa»
20:00
«Nyukasl» – «Lester»
«Sauthempton» – «Tottenhem»
«Uotford» – «Vulverhempton»
22:30
«Manchester Siti» – «Everton»
«Norvich» – «Kristal Pelas»
«Vest Hem» – «Bornmut»
01:00
«Arsenal» – «Manchester Yunayted»
2 yanvar, 01:00
«Liverpul» – «Sheffild»

Qahramon Aslanov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: