Birja: 8 kilogrammdan ortiq oltin sotildi

Iqtisodiyot 08:23 / 25.12.2019 18500

2019 yil 16 – 20 dekabr kunlari "O‘zRTXB" AJda o‘tkazilgan birja savdo natijalariga ko‘ra birja bozorining bir qator tovar segmentlarida narxlar dinamikasi turli yo‘nalishlar bo‘yicha shakllandi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida 4079,8 tonna AI-91 rusumli benzin birja savdolariga qo‘yildi va shundan 3404,6 tonnasi sotildi. So‘nggi savdo haftasida AI-91 rusumli benzini bo‘yicha shakllangan birja kotirovkasi avvalgi haftaga nisbatan 0,5 foizga pasayib, bir tonnasi uchun 6241,7 ming so‘mni tashkil etdi.

O‘tgan haftada suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchilari birja savdolari orqali 12,7 mlrd so‘mlik 4740,0 tonna suyultirilgan gaz sotishdi. Gazning birjada shakllangan narxi oldingi haftaga nisbatan 1,6% ga pasayib, bir tonna uchun 2688,0 ming so‘mni tashkil etdi.

Qimmatbaho metallar bozorida narxlar o‘sib bormoqda. Savdo yakunlariga ko‘ra O‘zRTXB da qariyb 3,8 mlrd so‘mlik 8 kilogrammdan ortiq Au-1 markali oltin sotilgan. Birja savdolarida sotuvchi sifatida “Olmaliq KMK” AJ ishtirok etdi. Birja kotirovkasi so‘nggi savdo yakunlariga nisbatan 1 foizga ko‘payib, 1 gr oltin uchun 453,1 ming so‘mni tashkil qilgan.

Paxta tolasi bozorida yuqori darajadagi talab saqlanmoqda. O‘tgan hafta 1 nav 4 tip (oliy 2019)dagi paxta tolasi bo‘yicha narxlar 4,9 foizga o‘sib, bir tonna uchun 14,6 mln so‘mni tashkil etdi. Paxta tolasini boshqa navlarining narxlari o‘rtacha 10,9 mln so‘mdan 14,5 mln so‘mgacha bo‘ldi.

1-navli bug‘doy unining birja bozorida muvozanat holat qayd etilmoqda. So‘nggi savdo haftasida 30,6 ming tonna 1-navli un birja savdolariga qo‘yildi va shundan qariyb 68 mln so‘mlik 29,3 ming tonnasi sotilgan. 1-navli un bo‘yicha shakllangan birja kotirovkasi avvalgi haftaga nisbatan deyarli o‘zgarmadi va bir tonnasi uchun 2217,2 ming so‘mni tashkil etdi.

Ko‘proq yangiliklar: