Bugun, 24 dekabr kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan «Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda innovatsion g‘oyalarni va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash» mavzusida brifing o‘tkazildi. Unda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, vazirning xalqaro maslahatchisi Yerbol Suleymenov hamda boshqarma boshlig‘i Jamoliddin Boboxonov yig‘ilganlarga mavzu yuzasidan ma'lumot berishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 iyuldagi PQ-3855-son qaroriga muvofiq 43ta innovatsion ishlanmalarga qo‘shimcha ravishda 69ta ishlanma tijoratlashtirish uchun saralab olingan va tijoratlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Vazirlik mutasaddilarining ma'lumotiga ko‘ra, bugungi kunda 102ta innovatsion ishlanmalar tijoratlashtirilmoqda. Olib borilgan ishlar natijasida umumiy qiymati 35,4 mlrd so‘m miqdorida mahsulot ishlab chiqarildi va 29,57 mlrd so‘mlik mahsulot realizatsiya qilingan.
Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan hozirga qadar «start-up» loyihalarni o‘z-o‘zini qoplash asosida moliyalashtirish uchun ikki marta tanlov o‘tkazilgan. Tanlov natijalariga ko‘ra, jami 32ta loyiha saralab olinib, ularga 29,2 mlrd so‘m pul mablag‘lari yo‘naltirilgan.
Birinchi tanlovga jami 172ta loyihalar taqdim etilgan. Tanlov natijalariga ko‘ra Ilmiy-texnik kengash qaroriga asosan jami 16ta loyihani moliyalashtirishga 13,9 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Ikkinchi tanlov bo‘yicha esa jami 136ta loyiha onlayn ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Tanlov natijalariga ko‘ra 16ta qiymati 15,3 mlrd so‘mlik «start-up» loyihalar moliyalashtirishga tavsiya etildi.
Innovatsion rivojlanish vazirining xalqaro maslahatchisi Suleymenov Yerbolning so‘zlariga ko‘ra, bu ishlarni davom ettirish maqsadida vazirlik Jahon banki bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha konsepsiya loyihasini tayyorlamoqda. Jahon banki Direktorlar kengashi tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng 2020 yilda mazkur loyihani moliyalashtirish uchun taxminan 50 mln AQSh dollari miqdorida pul mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha amaliy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, tadqiqotlarning sifat va dolzarblik jihatdan yuqori darajada bo‘lishiga xizmat qiladi. Bunda ilmiy tadqiqot ishlari texnik jihatdan mukammal va tijoratlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi talab etiladi. Ya'ni ilm-fan va sanoat hamkorligini o‘zida mujassam etuvchi ishlanmalarga alohida e'tibor qaratiladi.
Loyiha doirasida o‘zbekistonlik olimlar va yosh tadqiqotchilar ishtirokida xalqaro standartlarga javob beradigan amaliy tadqiqotlarni moliyalashtirish uchun grantlar, shuningdek, talaba va olimlar uchun xorijda o‘qish yoki tadqiqot olib borish uchun stipendiyalar taqdim etilishi rejalashtirilgan. Tanlovlarda ishtirok etish uchun yuboriladigan arizalar tadqiqotning ilmiy qiymati, dolzarbligi, yetakchi xalqaro ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish salohiyati va imkoniyatlariga e'tibor qaratiladi.