Ishdagi ishq va milliardlik zararlar: 2019 yilda qaysi kompaniyalar rahbarlari lavozimini tark etdi?

Light 02:22 / 24.12.2019 52600

Hozirda Amerikadagi yirik kompaniyalar bosh direktorlarining qariyb 40 foizi o‘z lavozimida bir yildan besh yilgacha ishlamoqda. 2019 yilning 11 oyi ichida 1480 nafar rahbar lavozimini tark etdi. Forbes dunyoning yirik kompaniyalaridagi eng shov-shuvli iste'folarni tanlab oldi.

Geysha Uilyams, PG&E rahbari

Foto: Getty Images

Geysha Uilyams kompaniyada atigi 22 oy ishlaganidan so‘ng 13 yanvar kuni iste'foga chiqdi. Bunga energetika kompaniyasi keyingi ikki yildagi 17 ta yirik o‘rmon yong‘ini bilan bog‘liq 30 mlrd dollarlik jarimaga tortilishi ehtimoli sabab bo‘ldi.

 

Spenser Raskoff, Zillow rahbari

Foto: Getty Images

Spenser Raskoff Zillow tashkil etilganidan 15 yil o‘tib, 21 fevralda iste'foga chiqdi. Ko‘chmas mulk sotuviga ixtisoslashgan platforma uylar sotuvi to‘g‘risidagi e'lonlar o‘rniga uylarni qayta sotish to‘g‘risidagi e'lonlarni chop etishga uringandan keyin uning aksiyalari bahosi keskin – o‘tgan yilgiga nisbatan 25 foizdan ortiqroqqa tushib ketdi.

 

Timoti Sloun, Wells Fargo rahbari

Foto: Getty Images

Wells Fargo rahbarligiga tayinlanganidan uch yildan kamroq vaqt o‘tganidan so‘ng Timoti Sloun kutilmaganda 28 mart kuni lavozimini tark etdi. Kompaniyada 31 yil ishlagan Sloun bajarib bo‘lmas vazifaga duch keldi. Federal organlar xodimlar sotuv bo‘yicha rejani bajarish uchun besh yil davomida mijozlar roziligisiz 565 mingta kredit kartaga ariza berishgani va 1,5 millionta bank hisob raqamlarini ochishganini aniqlaganidan so‘ng kompaniya obro‘si tiklab bo‘lmaydigan ahvolga keldi.

 

Bernardo Xis, Kraft Heinz rahbari

Foto: Getty Images

22 aprelda olti yildan buyon Kraft Heinz bosh direktori bo‘lib ishlab kelayotgan Bernardo Xis lavozimidan bo‘shatilganidan xabardor qilindi. Buning sababi, oziq-ovqat giganti iste'molchilarning o‘zgarib borayotgan talablarini qondirishi borgan sari qiyin bo‘lmoqda. O‘tgan yili kompaniya aksiyalari 45 foizga tushib ketdi.

 

Stiven Temares, Bed, Bath & Beyond rahbari

Foto: Getty Images

Bed, Bath & Beyond  bosh direktorligi kursisida 16 yil o‘tirgan Stiven Tamares investorlarning bir necha oylik bosimlaridan so‘ng 13 may kuni lavozimini tark etdi. Keyingi yillarda reteyler Amazon va Walmart kompaniyalari bilan raqobatlashishga urinmoqda, ammo 2015 yildan beri uning aksiyalari 80 foizga tushib ketdi.

 

Stiv Nelson, UnitedHealthcare rahbari

Foto: UnitedHealthcare

28 iyunda UnitedHealthcare bosh direktori Stiv Nelson iste'foga chiqishini e'lon qildi. U kompaniyada 15 yil ishladi, shundan so‘nggi ikki yilini rahbarlik kursisida o‘tkazdi.

 

Born Kos, Norwegian Air rahbari

Foto: Getty Images

Born Kos 11 iyulda, Norwegian Air aviakompaniyasiga asos solganidan 26 yil o‘tgach tark etdi. Sobiq qiruvchi-uchuvchi Norwegian Air’ni Yevropadagi eng yirik budjet aviatashuvchilaridan biriga aylantirdi, ammo har nening nihoyasi bor: kompaniyaning qarzlari 380 mln dollarni tashkil etadi.

 

Jon Flint, HSBC rahbari

Foto: Getty Images

Jon Flint HSBC rahbari lavozimiga tayinlanganida direktorlar kengashi uni ishonchli nomzod deb hisoblagandi, ammo bir yarim yildan keyin, 5 avgustda u lavozimidan bo‘shatildi. Direktorlar kengashi raisi Mark Taker o‘zgarib borayotgan global muhitning yangi imkoniyatlaridan foydalanish uchun bankka o‘zgarishlar kerakligini aytdi.

 

Adam Noymann, WeWork rahbari

Foto: Getty Images

Birjaga chiqishga tayyorgarlik WeWork bosh direktori Adam Noymann uchun intihoning ibtidosi bo‘ldi. Chunki AQSh nazorat organlariga topshirilgan S-1 shaklida 2016 yildan buyon ko‘rilayotgan milliardlab dollarlik zararlar aks etgandi. Shuningdek, Noymann We so‘zini savdo belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgani va o‘z kompaniyasiga 5,9 mlrd dollarga sotgani ma'lum bo‘ldi. 24 sentyabrda Noymann 9 yil avval o‘zi asos solgan kompaniyani tark etishga majbur bo‘ldi.

 

Kevin Plank, Under Armour rahbari

Foto: Getty Images

Kevin Plank 22 oktabr kuni 2019 yil oxirida Under Armour bosh direktorligini tark etishini e'lon qildi. U kompaniyaga 1996 yilda asos solgan bo‘lib, uni 5 mlrd dollarlik brendga aylantirdi. Ammo keyingi vaqtlarda o‘sish sekinlashdi va 2017 yilda Under Armour ilk bor choraklik zarar to‘g‘risida ma'lum qildi.  

 

Stiv Isterbruk, McDonald's rahbari

Foto: Getty Images

Ichki surishtiruv natijasida Stiv Isterbruk korporativ axloq kodeksini buzgani aniqlanganidan so‘ng u McDonald’s bosh direktorligidan bo‘shatildi. U xodimalardan biri bilan ishqiy aloqa o‘rnatgani ma'lum bo‘ldi. Isterbruk kompaniyaga 2015 yildan beri rahbarlik qilib kelayotgan, Uber Eats va DoorDash bilan hamkorlik kelishuviga erishgan hamda kompaniya aksiyalari qiymatini ikki baravarga oshirgandi.

 

Larri Peyj, Alphabet rahbari

Foto: Getty Images

3 dekabrda e'lon qilingan ochiq xatida Alphabet (Google kompaniyasi egasi) ijrochi direktori Larri Peyj va kompaniya prezidenti Sergey Brin ketishlari haqida e'lon qilishdi. «Agarda kompaniya inson bo‘lganida, u 21 yoshga to‘lgan va uyini tark etishi kerak bo‘lardi. Endi faxrli ota-onalar o‘rnini egallashimiz vaqti keldi», — deb yozdi ular.

Ko‘proq yangiliklar: