Xalqaro mehnat tashkilotining «Ijtimoiy ta'minotning minimal me'yorlari to‘g‘risida»gi 102-sonli Konvensiyasiga muvofiq, yoshga doir pensiyani tayinlash uchun talab etiladigan eng kam ish staji 15 yil qilib belgilangan. Bu haqda 18 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lumot berildi.
Dunyoning ko‘plab davlatlari, shu jumladan MDH davlatlarida talab etilgan eng kam ish staji 10–15 yil darajasiga yetkazilgan.
Jumaladan, mazkur ko‘rsatkich Rossiya va Armanistonda 10 yil, Ozarboyjonda 12 yil, Belarusda 17 yil etib belgilangan. O‘zbekistonda yoshga doir pensiyani tayinlash uchun eng kam ish staji 7 yilni tashkil etishi lozim.
Tadbirda 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan pensionerlarning ijtimoiy jihatdan yanada qo‘llab-quvvatlanishi hamda pensiya ta'minoti tizimida adolatlilik prinsiplarini joriy etish bo‘yicha aniq manzilli tadbirlar amalga oshirilgani qayd etib o‘tildi.
Mazkur yo‘nalishda xalqaro tamoyil va standartlarni joriy etish maqsadida joriy yilning 1 yanvaridan boshlab barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalar to‘liq miqdorda to‘lanishi hamda pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori o‘n barobargacha oshirilgani ta'kidlandi.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan band bo‘lib, pensiya tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan onalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning 1 martidan boshlab, ular pensiya yoshiga yetganlarida pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmasalar ham yoshga doir nafaqaga chiqish huquqi beriladi. O‘tgan davrda 3 mingga yaqin ayollarga yoshga doir nafaqalar tayinlanib, 5 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lar to‘langan.
Anjumanda sohaga oid statistik ma'lumotlar ham taqdim etildi.
Unga ko‘ra, 2019 yil yakuniga qadar 339 ming nafarga yaqin fuqarolarga yangi pensiya va nafaqa tayinlanishi hamda jami pensiya va nafaqa oluvchilar soni 3,7 million nafarni tashkil etishi kutilyapti.
Fuqarolarga yangi nafaqa va pensiya tayinlanishi ko‘rsatkichi 2018 va 2017 yilda mos ravishda 298 ming va 225 ming nafarni, 2011 yilda esa 139 ming nafarni tashkil etgan. 2011 yilga nisbatan 2019 yildagi o‘sish 2,4 baravarni tashkil etyapti.