Koreya Respublikasining Sedjong shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Koreya Respublikasining Davlat boshqaruvi va xavfsizligi Vazirligi o‘rtasida Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha hamkorlikdagi Markaz ochilishiga oid Kelishuv imzolandi.
Imzolangan hujjatga ko‘ra, Koreya tomoni O‘zbekiston Respublikasining elektron hukumatini rivojlantirish uchun 2 million dollar miqdorida beg‘araz yordam ko‘rsatadi.
Koreya elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasidagi uchta yuqori malakali xodimni Markazda 3 yil davomida doimiy ravishda ishlash uchun yuboradigan bo‘ldi.
Toshkentda Markazning rasmiy ochilish marosimi 2020 yil yanvar oyi oxiriga rejalashtirilgan.
Shuningdek, 18 dekabr kuni Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligida diplomatik vakolatxonalar uchun Koreyaning raqamli hukumati yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda Agentlik direktori o‘rinbosari Pak Vyacheslav boshchiligidagi agentlik delegatsiyasi faxriy mehmonlar sifatida ishtirok etishdi.
Tadbirda davlat idoralari va xususiy kompaniyalar vakillaridan tashqari, Ozarbayjon, Belarus, Tunis, Turkiya va boshqa mamlakatlarning Favqulodda va Muxtor elchilari, shuningdek 20 dan ortiq diplomatik vakolatxonalar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi diplomatlari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Respublikasi nomidan spiker sifatida Agentlik qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi direktorining maslahatchisi Ruslan Sultonov ishtirok etdi.
Ma'lumot uchun: Koreya raqamli hukumati yig‘ilishi har yili Koreya Respublikasidagi hamkor davlatlarining diplomatik vakillari uchun o‘tkaziladi.