O‘zLiDeP vakili: «Kam ta'minlangan oilalar uchun beriladigan nafaqalar ko‘p odamlarni yalqov qilib qo‘ymoqda»

O‘zbekiston 14:07 / 16.12.2019 30022

Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazida Xalqaro press-klub sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda siyosiy partiyalar, OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi bo‘lim mudiri Baxtiyor Ruhiddinovning aytishicha, kam ta'minlangan oilalar uchun beriladigan nafaqalar ko‘p odamlarni yalqov qilib qo‘ymoqda.

«Kam ta'minlangan oilalar uchun beriladigan nafaqalar ko‘p odamlarni yalqov qilib qo‘ymoqda. Men kam ta'minlanganman deb, hech ish qilmasdan hayot kechiraveradi», - dedi Baxtiyor Ruhiddinov.

Shuningdek, u partiyaning saylovoldi dasturi haqida gapirib o‘tdi

«Har bir oila tadbirkor» davlat dasturini jadallashtirish va eng asosiysi, xalqimiz uchun yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratish - O‘zLiDePning qo‘ygan asosiy vazifalaridan biri.

O‘zbekistonni dunyoning eng rivojlangan 50 ta mamlakat qatorlariga qo‘shish bizning asosiy maqsadlarimizdan biri. Investitsiya miqdorini oshirish saylovoldi dasturimizga kirgan 5 ta muhim vazifalarimizdan biri», - deydi B. Ruhiddinov.

Eslatib o‘tamiz, kam ta'minlangan oilalarga tayinlanadigan ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamning quyidagi turlari mavjud:

14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa;

bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa;

kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam.

Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam 6 oy muddatga, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa esa 12 oyga tayinlanadi, biroq bola ikki yoshga to‘lgan oydan keyingi oyga o‘tmasligi kerak.

Bundan oldin, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov o‘zini hurmat qilgan odam 50 dollarni iqtisod qilish uchun yonib ketishi aniq bo‘lib turgan avtobusga o‘tirib, 50 daraja sovuqda yo‘lga chiqmasligi haqida aytib o‘tgandi.

Ko‘proq yangiliklar: