O‘zLiDeP raisi: «Sitilar masalasi madaniy meros obektlari hisobiga bo‘lmasligi kerak»

O‘zbekiston 17:16 / 16.12.2019 7151

O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining «Zarafshon» zali Media hall’ida «Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar» munozara klubining navbatdagi tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda siyosiy partiyalar debati o‘tkazilmoqda. Tadbirda tarixiy madaniy merosni asrab-avaylash, O‘zbekistonning xalqaro imiji, turizmni rivojlantirish, bag‘rikenglik g‘oyasini targ‘ib qilish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

Tadbir davomida siyosiy partiyalar yetakchilariga qurilayotgan sitilar bo‘yicha savol berildi.

O‘zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Haitovning so‘zlariga ko‘ra, sitilar masalasi madaniy meros obektlar hisobiga bo‘lmasligi kerak. 

«Biz mehmondo‘st xalqmiz, shirin ovqatimiz, suvimiz, buyuk tariximiz bor. Biz tashqi turistlar ko‘p keladigan davlatga aylanamiz», - dedi u.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi Narimon Umarovning aytishicha, poytaxtda joylashgan Eski shahardagi barcha binolarni saqlab qolish lozim. 

«U yerda 200 yil oldin qurilgan uylar bilan nima bo‘ladi? Toshkent shahar kelajagi, kerak bo‘lsa, shahardan biroz chetda qurilsin», - deydi N. Umarov.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov har bir yangi obekt xalqimiz ehtiyojlaridan kelib chiqib qurilishi kerakligini aytib o‘tdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi lideri Ulug‘bek Inoyatovga ko‘ra, tarixiy obektlarni asrash kerak. 

«Lekin zamonaviylik nuqtai nazaridan xalq, chet ellik sayyohlar uchun qulay bo‘lgan obektlarni ham qurish kerak», - deya aytib o‘tdi U. Inoyatov. 

O‘zbekiston ekologik partiyasi yetakchisi Boriy Alixonov aytishicha, sitilar ham kerak. 

«Lekin xorijga borsak, tarixiy obidalar bilan tanishish uchun boramiz. Tarixiy obidalarni saqlashni maqsad qilib qo‘yganmiz», - deydi B. Alixonov. 

Ko‘proq yangiliklar: