Jamshid Qo‘chqorov: «Millionlab yoshlarimiz ishchi kasblar malakasiga ega emas»

O‘zbekiston 16:56 / 16.12.2019 8693

«Yoshlarni mehnat bozorida talabgir kasblarga o‘qitish prezident tomonidan alohida vazifa qilib qo‘yilgan. Shu maqsadni amalga oshirish, jahon tajribasidan foydalangan holda, World Skills International assotsiatsiyasiga qo‘shilishga qaror qildik.

2019 yil 13 mayda «Mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlarni kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 394-sonli qarori qabul qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ishchi kasblarni yanada rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Davlat budjetidan tegishli mablag‘lar ajratildi.  Ushbu uyushmaga qo‘shilish orqali sifatli va malakali ishchi qatlamiga ega bo‘lamiz va bu sohada barqaror tizimni yo‘lga qo‘yishga erishamiz.

Mamlakatimizda millionlab yoshlar ishchi kasblar malakasiga ega emas. Afsuski, mehnat an'analari yo‘qolib ketdi. Zamon shiddat bilan o‘zgarib ketyapti. Shunga monand malakali ishchi kadrlarga muhtojmiz. Hukumat yoshlarni kasbga o‘qitish bo‘yicha katta resurs sarflamoqda. Chempionat orqali yoshlar ongida ma'lum bilimga ega bo‘lgan qadr har yerda o‘z ishini topib ketishi va yuqori maoshga ega bo‘lishi g‘oyasi shakllanishini xohlardik. Hech qanday malakaga ega bo‘lmasdan Rossiya va boshqa xorij davlatlariga borgandan ko‘ra shu yerda talabgir ishchi bo‘lish afzaldir», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bundan avvalroq Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Erkin Muhitdinov O‘zbekiston fuqarolariga 85ta davlatda ishlash huquqini beruvchi malaka pasporti berilishi mumkinligi haqida gapirgani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: