Turkiyadagi o‘zbekistonliklar saylovda muddatidan avval ovoz berishni boshlashdi

O‘zbekiston 21:25 / 14.12.2019 4016

Turkiyada O‘zbekiston fuqarolari Oliy Majlis qonunchilik palatasi saylovida muddatidan oldin ovoz berishni boshladi. Bu haqda O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi xabar bermoqda.

Saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston fuqarolari zich yashaydigan Turkiyaning turli hududlarida sayyor saylov jarayoni ham tashkil etildi. Ilk manzil ko‘p sonli o‘zbekistonlik talabalar yashaydigan Karabuk shahri bo‘ldi. 14 dekabr kuni ertalab soat 8:00 da (Toshkent vaqti bilan soat 10:00) Karabuk universiteti ijtimoiy-ma'naviy tadbirlar markazida O‘zbekiston madhiyasi yangrab, 3-saylov uchastkasining sayyor saylovi ochildi.

Saylov o‘tkazilgan xonada davlat ramzlari o‘rnatilgan hamda yashirin ovoz berish uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Fuqarolarimiz deputatlikka nomzodlarning tarjimai hollari hamda dasturlari bilan tanishib, o‘zlari ma'qul deb topgan nomzodga ovoz berdilar. Saylov bayramona ruhda tashkil etilib, saylovchilarga milliy o‘zbekcha palov tortiq etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining qaroriga ko‘ra, Turkiya hududida 2 ta – Anqaradagi elchixona va Istanbuldagi bosh konsulxonada saylov uchastkalari tuzilib, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi 148-Shayxontoxur saylov okrugiga biriktirildi.

Elchixona ma'lumotiga ko‘ra, bugun Karabuk shahrida bo‘lgani kabi 15 dekabrda Kastamonu, 17 dekabrda Kunya hamda 18 dekabrda Karaman viloyatlarida ham sayyor saylovlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: