Mahalliy budjet bo‘yicha prognozlar bajarilmasa nima bo‘ladi? Moliya vazirligi rasmiysi bilan suhbat

Iqtisodiyot 16:41 / 14.12.2019 13056

Joriy yilning 9 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 2020 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu O‘zbekiston tarixida ilk marta: ya'ni, davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari axborotlar batafsil bayon etilgan holda ilg‘or standartlarga muvofiq tayyorlangan qonun bilan tasdiqlandi.

Shu qonun haqida yanada ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lish va qator savollarga javob olish maqsadida Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sherzod Muhamedov bilan suhbatlashdik.

2020 yilda mahalliy budjetlar, tumanlar va shaharlar budjetlari daromadlari qanday shakllantiriladi?

— Ushbu qonun bilan budjet tizimiga kiritilayotgan asosiy o‘zgartirishlardan biri bu mahalliy budjetlar vakolatlari o‘zgarishidir. 2020 yildan boshlab mahalliy budjetlarga o‘zlarining budjetlarini tuzishda, shakllantirishda va tasdiqlashda to‘liq mustaqillik berilmoqda. Endilikda ular o‘z budjetlarini mustaqil ravishda shakllantiradi va tasdiqlaydi. Misol uchun, ushbu qonunga muvofiq, mahalliy budjetlarning daromad va xarajatlari faqat ma'lumot uchungina ko‘rsatib o‘tilgan. Ularga qoldiriladigan soliq turlari esa qonun bilan alohida tasdiqlangan. Ya'ni qaysi soliq turi, qancha miqdorda qaysi hududda qoldiriladi? Mahalliy budjetlar, mahalliy hokimliklar tomonidan endilikda ushbu qoldirilgan soliqlardan kelib chiqqan holda o‘zlarining budjetlari mustaqil shakllantiriladi va respublika budjetidan ajratilgan transfertlarni qo‘shgan holda budjetlari balanslashgan holda tasdiqlanadi. Misol uchun, 2019 yilda ham mahalliy budjetlar faqatgina respublika budjetidan, ya'ni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori bilan tasdiqlangan mablag‘larni shunchaki rasmiyatchilik uchun qayta tasdiqlagan, xolos. Endilikda esa ushbu mexanizm yo‘qolib, ular o‘zlari qancha daromad shakllantirsa, shunga mos ravishda xarajatlarni ham rejalashtirishlari mumkin bo‘ladi.

— Tasdiqlangan budjet mablag‘lari yetmagan hollarda qanday yo‘l tutiladi? Mahalliy budjetlarga.

To‘g‘ri, bo‘lishi mumkin. Masalan, bugungi kunda birlamchi xarajatlari va investitsiya xarajatlari Moliya vazirligi tomonidan prognoz qilingan va ularga yetarli darajada soliq turlari qoldirib berilgan. Mahalliy budjetlarga shunday vakolatlar berilmoqdaki, ushbu soliqlarni agar endilikda bizning prognozlardan boshqacharoq tarzda prognoz qilsalar, ular o‘zlarining daromadlarini oshirishlari mumkin bo‘ladi. Shunga mos ravishda xarajatlarni ham oshirishlari mumkin bo‘ladi. Lekin bu yerda bir narsani unutmaslik lozimki, ushbu prognoz qilingan daromadlar kelgusida tushmasligi mumkin. Agar ushbu daromadlar mahalliy budjetlarga kelib tushmasa, ya'ni Moliya vazirligi tomonidan qilingan prognozlardan ortiqcha miqdorda rejalashtirilgan mablag‘lar mahalliy budjetlarga kelib tushmasa, ular shunga mos ravishda o‘z xarajatlarini ham qisqartirishlari kerak bo‘ladi. Aksincha Moliya vazirligi tomonidan prognoz qilingan ko‘rsatkichlar ham tushmasa-chi? Unda nima bo‘ladi? Agar mahalliy budjetlarga bizning prognozlarimiz bajarilmasa, ya'ni ularga yetarli darajada daromadlar kelib tushmasa, ular xarajatlarni qisqartirishga harakat qiladi.

Agar xarajatlarni qisqartirish imkoniyatlari bo‘lmasa, Moliya vazirligi va Vazirlar Mahkamasiga qo‘shimcha transfertlar ajratilishini so‘rab murojaat qiladi. Shunga mos ravishda kelgusida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qo‘shimcha transfertlar miqdori ajratilishi ko‘rib chiqiladi.

— Qonun loyihasi muhokamalari davomida ko‘p ko‘tarilgan masalalardan biri davlat dasturlari, ya'ni «Obod qishloq», «Yoshlar – kelajagimiz» kabi davlat dasturlariga budjetdan mablag‘ yetmayotgani masalasi ham ko‘tarilgandi. Bu ham kelasi yil budjet mablag‘larida o‘z aksini topganmi, ya'ni kelasi yil budjet mablag‘larida rejaga kiritilganmi?

Albatta. Yetishmayotgan mablag‘larning aksariyat sababini ko‘radigan bo‘lsak, ushbu mablag‘lar joriy yil davomida qo‘shimcha amalga oshirilgan ishlar hisobiga kelib chiqmoqda. Ya'ni investitsiya dasturi. Masalan, «Obod qishloq», «Obod mahalla» turli dasturlar bo‘yicha qurilishi kerak bo‘lgan, qilinadigan ishlar har yili investitsiya dasturiga muvofiq alohida tasdiqlanadi. Ushbu tasdiqlangan mablag‘lar doirasida Moliya vazirligi tomonidan joriy yilda ham zarur mablag‘lar ajratilgan va bunga qo‘shimcha ravishda daromadlarning rejadan orttirib bajarilgan qismi hisobidan ham qo‘shimcha 5 trln so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. Biroq qo‘shimcha qurilish ishlari va kapital qo‘yilmalarga xarajatlar miqdorini manbasi mavjud bo‘lmagan holda oshirilishi natijasida ushbu kreditor qarzdorliklar vujudga kelmoqda. Ushbu yuzaga kelayotgan kreditor qarzdorliklar birinchi navbatda mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanishi zarur bo‘ladi. Ya'ni ushbu mablag‘lar mahalliy hokimliklarning qo‘shimcha amalga oshirilgan ishlari, qo‘shimcha ravishda investitsiya dasturiga kiritilgan obektlar, loyihalar bo‘lib hisoblanib, bugungi kunda endilikda ushbu mablag‘larni qoplash mahalliy budjetlarning daromadlar rejasidan orttirib bajarilgan mablag‘lari hisobiga birinchi navbatda amalga oshirilishi taklif etiladi.

— 2020 yilda umumta'lim maktablari hamda maktabgacha ta'lim muassasalarining birinchi va ikkinchi guruh xarajatlari respublika budjetidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan. Avvallari mahalliy budjetlardan moliyalashtirilgan ushbu xarajatlar nima uchun respublika budjetiga o‘tkazildi?

Maktabgacha ta'lim muassasalari va umumta'lim maktablari birinchi va ikkinchi guruh xarajatlariga keladigan bo‘lsak, mahalliy budjetlarning aksariyat xarajatlari umumta'lim maktablari va maktabgacha ta'lim muassasalarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlariga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda bizga ko‘plab murojaatlar kelib tushdiki, tuman shaharlarda umumta'lim maktablari va maktabgacha ta'lim muassasalarida ish haqlarini o‘z vaqtida olmasliklari va ish haqlarini olish muddatlarining kechikishi to‘g‘risida ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlardan tashqari, endilikda Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan o‘zlarining tashkilotlari siyosatini mustaqil yuritishlari va xodimlar ish haqlarini o‘z vaqtida olishlarini ta'minlash maqsadida ushbu xarajatlar tuman, shahar budjetlaridan respublika budjetiga o‘tkazilmoqda.

— Budjetni amalga oshirishda budjet jarayonining shaffofligini ta'minlash choralari ko‘rilganmi va u qanday amalga oshiriladi?

Ushbu qonunga muvofiq, budjet jarayoni shaffofligini, ochiqligini ta'minlash, ochiqligini yanada rivojlantirish maqsadida bir qator me'yorlar kiritilgan. Bugungi kunda Moliya vazirligi huzurida openbudget.uz portali ishlamoqda. Ushbu axborot portali orqali siz davlat budjetiga taalluqli ma'lumotlarni olishingiz mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, 2018 yildan boshlab «Fuqarolar uchun budjet» axborot nashrini chop etib kelmoqdamiz. Xususan, joriy yilning noyabr oyida 2020 yil davlat budjeti loyihasi yuzasidan fuqarolar uchun axborot nashri ham chop etilgan. Endilikda mahalliy budjetlarning hisobdorliklarini oshirish bo‘yicha ham ular o‘zlarining amalga oshirgan xarajatlari va har bir hududiy budjet mablag‘lari taqsimlovchilariga ajratilgan mablag‘lar, ular tomonidan kelgusida amalga oshiriladigan xarajatlar va uning natijalarini mahalliy hokimliklar va o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida doimiy ravishda e'lon qilib borishlari lozim bo‘ladi.

Bundan tashqari, respublika budjetidan mablag‘ oluvchi vazirlik va idoralar endilikda Oliy Majlis palatalari oldida respublika budjetidan ajratilgan mablag‘larning ishlatilishi to‘g‘risida hisobot berishlari lozim bo‘ladi. Ya'ni ushbu mablag‘lar qaysi maqsadlarga ishlatildi, buning natijasida nimalarga erishildi, qaysi dasturlar moliyalashtirildi. Bu kabi o‘zlarining sohalariga tegishli bo‘lgan ma'lumotlari Oliy Majlis palatalariga taqdim etishlari va hisobot berishlari zarur bo‘ladi. Barcha vazirlik va idoralarning birdaniga hisobotlarini eshitish imkoniyati mavjud emas. Bu ko‘p vaqtni o‘z ichiga oladi. Bu chorak yakuni bo‘yicha ma'lum bir grafik tuzilib, ushbu grafikka muvofiq har chorakda ma'lum bir vazirlik va idoralarning hisobotlari eshitib boriladi.

Davlat boji to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasi vaqtida ayrim bojlarning 90 foizi turli vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalariga kelib tushayotgani aytildi. Kelasi yildan ularni ham to‘liq budjetga yo‘naltirish mo‘ljallanmoqda. Bu o‘sha vazirliklardagi xodimlarning oylik ish haqiga qanday ta'sir ko‘rsatadi?

Davlat budjetiga kelib tushishi kerak bo‘lgan bojlarning 90 foizi degan fikrga biroz qo‘shilolmayman, lekin bu kabi holatlar bor. Ushbu holatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarda senatorlar va deputatlar tomonidan ham ko‘tarildi. Kelgusi yilda ushbu mablag‘larni to‘liq davlat budjetiga tushirish rejalashtirilgan. Nega? Xalqaro ekspertlarning ta'kidlashicha, bu kabi holat hech qaysi davlatda mavjud emas. Barcha davlatlarda vazirlik va idoralar faqat budjetdan mablag‘ olib, o‘z funksiya va vazifalarini bajaradi. Bizda esa bu kabi holatlar bugungi kunda mavjud. Budjet ma'lumotlari, budjetimizni xalqaro tajribaga moslashtirish maqsadida ushbu mablag‘larni davlat budjeti bilan qamrab olish va davlat budjetidan keyingina ularga zarur mablag‘larni ajratib berish mexanizmi joriy etilishi kutilmoqda. Bu ularning ish haqlari va boshqa xarajatlari kamayishiga olib keladi deb o‘ylamayman. Bugungi kunda ular amalga oshirayotgan xarajatlarini saqlab qolish va faqatgina davlat budjeti orqali amalga oshirilishi mexanizmi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Budjet vakolatlari taqsimlanishi budjetni amalga oshirishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklariga ham katta mas'uliyat yuklaydi. Joylardagi rahbarlarda iqtisod, moliya, budjetni boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida Moliya vazirligi qanday ishlarni amalga oshirishi rejalashtirilgan?

— Mahalliy hokimliklar o‘z budjetlarini mustaqil ravishda shakllantirsa, kelgusida ular budjet tashkilotlarining ish haqlari va kommunal to‘lovlarning to‘lanishiga ham bevosita javobgar hisoblanadi. Misol uchun, biror budjet tashkilotiga ish haqi kam rejalashtirilgan bo‘lsa, yilning oxiriga borib ish haqi yetmay qolishi mumkin. Buning natijasida ma'lum bir xodimlar ish haqini o‘z vaqtida ololmaydi. Bunday holatlarda esa kelgusida mahalliy budjetlar tomonidan Moliya vazirligiga qo‘shimcha mablag‘ so‘rab, murojaat etish mexanizmi endilikda bekor bo‘lmoqda. Ya'ni mahalliy hokimliklar o‘z budjetlarini mustaqil shakllantirganlarida birinchi navbatda ish haqi, unga tenglashtirilgan to‘lovlar, kommunal to‘lovlar, oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa birinchi darajali xarajatlar uchun mablag‘larni rejalashtirishlari zarur bo‘ladi. Undan so‘ng esa dasturlar va boshqa xarajatlarni rejalashtirishlari lozim bo‘ladi.

Siz yuqorida aytgan holatlar, ya'ni ish haqlari o‘z vaqtida to‘lanmasligi holatlari yuzaga kelmasligi uchun mahalliy budjetni boshqaruvchi rahbarlarga, ya'ni mahalliy hokimliklarga muayyan ko‘nikmalar kerak bo‘ladi. Bu borada ham ular bilan ishlar olib boriladimi?

Bu borada ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 28 noyabr kuni Bosh vazir o‘rinbosari va Moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Anvarovich rahbarligida barcha tuman, viloyatlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, soliq organlari rahbarlari ishtirokida videoselektor bo‘lib o‘tdi. Ularga ushbu qonun bilan amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar to‘liq tushuntirib berildi. Bundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya boshqarmalari boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari hamda ushbu xarajatlarni taqsimlash bilan shug‘ullanadigan mas'ul xodimlar Moliya vazirligi huzuridagi o‘quv markaziga chaqirtirilib, bir kun davomida to‘liq tushuntirish ishlari va seminarlar o‘tkazildi. Ushbu seminarlardan so‘ng, Moliya vaziri o‘rinbosarlari boshchiligida ishchi guruhlar tashkil etilib, joriy yilning 5-7 dekabr kunlari barcha hududlarda o‘quv seminarlari tashkil etildi. Barcha hududlardagi deputatlarimiz va xalq deputatlari, moliya, soliq, hokimlik vakillari hamda bevosita budjet tashkilotlarining o‘zlari ishtirok etgan holda ushbu yangiliklar, o‘zgarishlarni barchaga to‘liq tushuntirishga harakat qilindi va tushuntirish ishlari amalga oshirildi. Kelgusida ham bu ishlarni davom ettirish rejalashtirilgan.

Shu o‘rinda bir narsani ta'kidlab o‘tmoqchi edimki, endilikda davlat budjetining xarajatlariga o‘zgartirish kiritish tartibi ham birmuncha o‘zgaradi.

Mahalliy budjetlar misolida ko‘radigan bo‘lsak. Endilikda mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari faqatgina xalq deputatlari kengashlarining ruxsati bilan, ularning qarorlariga muvofiq yo‘naltiriladi. Ya'ni xalq deputatlari biror tadbirni amalga oshirishni lozim deb topsalar, qo‘shimcha mablag‘lar ushbu maqsadlarga yo‘naltirilishi va mahalliy tuman, shahar budjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizi fuqarolar tomonidan bildirilgan tadbirlarga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yilgan. Joriy yil davomida tuman, shahar budjetlarining kamida 10 foizi fuqarolar tomonidan bildirilgan tadbirlarga yo‘naltirish mexanizmi ishladi. Ko‘rishimiz mumkinki, birinchi chorak natijalariga ko‘ra ko‘rsatkichlar unchalik yaxshi bo‘lmagan bo‘lsada, bugungi kunda, ya'ni ikkinchi va uchinchi choraklarga ko‘ra mamlakatimiz fuqarolari ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishmoqda va o‘zlarini tadbirlarini bildirishmoqda.

Tadbirlar tugaganidan so‘ng bizga qo‘ng‘iroqlar ham bo‘lmoqda. Ma'lum bir tadbirga ovoz bergan edim, lekin bu tadbir bo‘lmasdan, boshqa bir tadbirga mablag‘lar ajratildi degan murojaatlar bo‘lmoqda. Buning sababini o‘rganib ko‘radigan bo‘lsak, bu fuqaromizdan tashqari ko‘pchilik fuqarolar boshqa tadbirni tanlaganliklari. Buning natijasida tuman va shaharlarda tashkil etilgan ishchi guruhlar, shuning uchun boshqa bir tadbirga mablag‘ni yo‘naltirilganlik holatlari aniqlandi. Fuqarolarga tushuntirish berildiki, kelgusida ham bu kabi tadbirlarda faol ishtirok eting. Kelgusida ular tomonidan bildirilgan ovozlari ko‘pchilikni tashkil qilsa, ularning tadbirlari ham amalga oshirilishi to‘g‘risida tushunchalar berildi.

Yana bir narsani ta'kidlamoqchi edimki, bu kabi respublika budjetidan mablag‘ ajratiladigan tashkilotlarning ham qo‘shimcha mablag‘lar ajratish yoki ularning tasdiqlangan xarajatlariga o‘zgartirish kiritish tartibi ham endilikda joriy yilga nisbatan birmuncha farq qiladi. Misol uchun, ma'lum bir vazirlikdan ikkinchi bir vazirlikka mablag‘ini olib berish tartibi aniq belgilandi va jami respublika budjeti xarajatlariga o‘zgartirish tartibi aniq belgilandi. Ya'ni bir vazirlikdan ikkinchi vazirlikka xarajatlarni o‘tkazish jami tasdiqlangan xarajatlarning 10 foizigacha Vazirlar Mahkamasi tomonidan, 10 foizdan yuqorisi esa Oliy Majlis palatalari tomonidan ushbu o‘zgartirishlar kiritiladi. Respublika budjetining tasdiqlangan xarajatlariga o‘zgartirish kiritish esa 3 foizgacha, ya'ni 5-ilovaga muvofiq respublika budjeti 100 trln 800 mlrd so‘m miqdorida belgilangan. Ushbu mablag‘ning 3 foizigacha, ya'ni 3 trln so‘mgacha prezident qarorlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlariga muvofiq, qo‘shimcha mablag‘lar mavjud bo‘lganda oshirish imkoniyati mavjud. Undan oshgan qismini esa Oliy Majlis palatalariga kiritgan holda ushbu qonunga o‘zgartirish kiritish orqali amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: