Adliya vaziri: «O‘zbekiston investitsion erkinlik bo‘yicha 100 balldan 10 ball olgan»

O‘zbekiston 22:37 / 14.12.2019 12411

O‘zbekiston qonun ustuvorligi bo‘yicha xalqaro reytingda 126 davlat orasida 94-o‘rinni egallaydi. Davlat boshqaruvi sifati indeksida qonun ustuvorligi prinsipi bo‘yicha 212 davlat kiritilgan ro‘yxatda esa 182-o‘rinni egallab turibdi.

Bu haqda adliya vaziri Ruslanbek Davletov Senatning 25-yalpi majlisida bergan axborotida ma'lum qildi. 

«O‘zbekiston investitsion erkinlik bo‘yicha 100 balldan 10 ball olgan. Mulk huquqi kafolati bo‘yicha reytingda 100 balldan 34,3 ball olib, 180 mamlakat orasida 103-o‘rinni egallab turibmiz», ─ deydi Adliya vaziri.

 

Ruslanbek Davletov O‘zbekistondagi norma ijodkorligi tizimi va undagi kamchiliklar xususida gapirar ekan, 2019 yilda qonunchilik qarshisiga chiqqan chaqiriqlarni sanab o‘tdi.  

«2019 yil qonunchilik nuqtai nazaridan juda murakkab bo‘ldi. Tizim uchun bir qancha chaqiriqlar yuzaga chiqib, ahvolni ko‘rsatdi.

1. «Snos» masalasida katta muammolar bo‘ldi. Yil boshida biz ikki oy aksiya o‘tkazib, vaziyatni o‘rgangan edik. 30 mlrd so‘mlik kompensatsiya bo‘yicha murojaat qilganmiz. 52 nafar mansabdor javobgarlikka tortilgan. Keyin bilsak, bu aysbergning uchi ekan. Prezident aralashuvidan keyingina bu muammolar tugadi. Endi tartib o‘zgardi, sahifani yangilash kerak.  

2. Xususiylashtirilgan mulklarni davlat mulkiga qaytarish avj oldi. Yigirma yil oldin xususiylashtirilgan, 90-yillardan beri bir necha marotaba o‘zgargan mulkni davlatga qaytarishga urinish ko‘payib ketdi. Bu davlat imijiga salbiy ta'sir qiladi», ─ deydi Ruslanbek Davletov.

Ko‘proq yangiliklar: