O‘zbekistonning turizm borasidagi yutuq va kamchiliklari muhokama qilindi

O‘zbekiston 09:20 / 13.12.2019 5583

12 dekabr kuni «Turizm va mehmondo‘stlik ta'limidagi xalqaro standartlar, turizmning rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning turizm sohasini rivojlantirishda manfaatdor tomonlar: mehmonxonalar, sayyohlik agentliklari, turizm bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi London biznes oliy maktabi va xorijiy ekspertlar ishtirok etishdi. Davra suhbatida O‘zbekistonning turistik salohiyati hamda turizm ta'limiga olib kirish kerak bo‘lgan yangi tendensiyalar xususida so‘z yuritildi.

Saymon Kliver O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish borasidagi muammolarni sanab o‘tdi.

Saymon Kliver

«Turizm gullab-yashanashi uchun bu sohada xizmat ko‘rsatuvchi personal ingliz tilini a'lo darajada bilishi lozim. Zero, ingliz tili butun dunyoning asosiy muloqot tiliga aylangan. Shuningdek, mehmonxonalarning xalqaro standartlarga javob berishi, menejyerlarning yuqori salohiyatli mahalliy aholi vakillaridan bo‘lishini ta'minlash kerak. Yaxshi bir mehmonxonani chet eldan kelgan menejyer boshqarsa g‘alati-ku, mahalliy yoshlar o‘rtasida ham bu ishni qoyilmaqom uddalaydiganlar topiladi.

Yana bir narsaga diqqatni qaratmoqchiman. O‘zbek oshxonasi juda rang-barang va ajoyib. Ammo oshpazlar mahalliy oshxonadan tashqari chet el taomlari borasida ham mahoratli bo‘lishi lozim. Chunki sayyohning ta'bi turlicha bo‘lishi mumkin», deya Saymon Kliverning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, yo‘llarning sifati, transport xizmatlarining a'lo darajada bo‘lishi, qatnov yo‘llari bo‘yida kerakli infratuzilma ─ do‘kon, ovqatlanish shoxobchalari, hojatxona kabilarning talab darajasida bo‘lishi ham turizm salohiyatida hal qiluvchi omillardan sanaladi.

«To‘g‘ri, bu ishlarni amalga oshirish anchagina mehnat va mablag‘ni talab etadi. Lekin agar bular o‘z o‘rnida bo‘lsa, kutilganidan ham ko‘ra ko‘proq natija va daromad olib kelishi mumkin», deya qo‘shimcha qildi u.

Toshkentdagi London biznes oliy maktabi akademik direktori Slavomir Vroblevski O‘zbekistonda turizm rivoji uchun nimaga diqqat qaratish xususida o‘z fikrlarini bildirdi.

Slavomir Vroblevski

«Statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonga sayyohlar eng ko‘p Xitoydan tashrif buyurishadi. Xo‘sh, shunday ekan, xitoylik mehmonlar uchun maxsus xizmatlar, dasturlar mavjudmi? Xitoy tilida bironta ma'lumotnoma chiqarilganmi? Katta ehtimol bilan yo‘q. Vaholanki, potensial auditoriyaning qiziqishlariga mos bo‘lgan xizmatlarni yaratish lozim.

Yana bir narsani inobatga olish kerak ─ odamlar biror davlatga faqatgina dam olish uchun borishmaydi. Ish yuzasidan ham kelishi mumkin. Bunday biznes turizmi mavsumiy emas, yil davomida mavjud bo‘ladi. Shuning uchun biznes turizmi uchun ham kerakli muhitni yaratish kerak», deydi Slavomir Vroblevski.

Ko‘proq yangiliklar: