Milliy gvardiya to‘g‘risidagi qonun senatorlar tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi

O‘zbekiston 11:12 / 13.12.2019 10063

2019 yil 13 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Senat axborot xizmatiga ko‘ra, unda Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi muhokamasiga kiritilgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. 

Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi va “Ba'zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini muhokama qildi.

Ta'kidlanganidek, “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi Qonun Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning uzviy davomidir. 

“Qisqa vaqt ichida Milliy gvardiya mamlakat xavfsizligini ta'minlash tizimida muhim bo‘g‘inga aylanib, Qurolli Kuchlarning boshqa tarkibiy qismlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatdi. Shu jihatdan ushbu Qonun mazkur tuzilmaning huquqiy maqomi, vazifalari, huquqlari, majburiyatlari, xizmatni o‘tash tartibi, harbiy xizmatchi va xodimlarning huquqiy hamda ijtimoiy himoyasi kabi masalalarni qamrab oladi”, - deyiladi xabarda.

Shuningdek, Qonunda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etish, qonuniylik, yagonalik va mustaqillik Milliy gvardiya faoliyatining asosiy prinsiplari sifatida belgilanmoqda. Qayd etilganidek, Qonun Milliy gvardiya faoliyati huquqiy asoslarini takomillashtirishga, amaldagi qonun hujjatlari va yurtimizda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarga uyg‘unlashishiga xizmat qilishi aytiladi.

Surxondaryo viloyati Termiz tumanining chegarasini o‘zgartirish, Termiz shahrining chegarasini kengaytirish hamda ularning chegaralarini tasdiqlash - majlisda ko‘rib chiqilgan yana bir masala bo‘ldi. Uning ijobiy hal etilishi hududda istiqomat qilayotgan aholining turmush farovonligini yanada yaxshilashga, mahalliy boshqaruv tizimini takomillashtirishga va mazkur hududlar uchun o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib tasdiqlanadigan mahalliy dasturlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishning muhim omillaridan bo‘lishi majlisda alohida qayd etildi.

Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi. 

Ko‘proq yangiliklar: