Amerikalik yoshlar nega ko‘proq Shvetsiyada o‘qishni xohlaydi?

Light 21:38 / 13.12.2019 9144

AQShga o‘qish uchun borish – dunyoning ko‘plab davlatlaridagi yoshlarning orzusi. Lekin Amerikaning o‘zidagi ko‘plab talabalar Shvetsiyada ta'lim olishni afzal ko‘rishyapti.

Nima uchun, degan savolga TheLocal.de saytidagi maqolada javob berib o‘tilgan.

Narxlar arzonroq

AQShda bakalavr diplomini olish sizga o‘rtacha 100 ming dollarga tushishi mumkin. Magistraturada o‘qish narxi esa taxminan 30 mingdan 120 ming dollargacha.

Shvetsiyada tahsil olish esa nisbatan arzonroq. Boz ustiga, bu yerda xalqaro talabalar uchun stipendiyalar ham bor (AQShda stipendiya berilmaydi). Stipendiyalar odatda o‘qish to‘lovlarini 50 foizgacha kamaytiradi.

Yanada mustaqil hayot

Shvetsiya va AQSh ta'lim tizimi o‘rtasidagi asosiy farq shundaki, skandinavlar yurtida universitetlar talabalarning ijtimoiy hayotiga ko‘proq ahamiyat qaratadi. Talabalar uchun bo‘sh vaqtlarida har xil ekskursiyalar tashkil etib turiladi.

Bundan tashqari, Shvetsiya universitetlarida o‘quv dasturidan qat'i nazar har doim mustaqil fikrlashga e'tibor qaratiladi.

Global ta'lim

Shved universitetlarining ustunlik taraflaridan yana biri – har bir muammoga global tarzda yondashishdir.

Amerikaning ko‘plab OTMlarida o‘quv dasturlari mamlakat manfaatidan kelib chiqib yaratiladi, Shvetsiyada esa umuminsoniy qadriyatlar va globalizm asosida ta'lim beriladi.

Stress kamroq

Albatta, universitetda o‘qish istirohat bog‘ida mazza qilib yurish degani emas. Shvetsiyada ham shunday, lekin bu yerdagi ta'lim tizimida stress darajasi pastroq.

Misol uchun, talaba va professor munosabatlarida rasmiyatchilik kamroq. O‘quv yilining taqsimlanishi ham talabalarga bosimni kamaytiradi.

«AQShda o‘quv yilining ma'lum qismida kuniga beshtalab dars soatlari bo‘lishi odamni charchatadi. Shvetsiyada esa muddatlar yaxshiroq taqsimlab chiqilgan, buning natijasida talaba bir vaqtda bitta narsaga diqqat qarata oladi», – deydi Ohayo shtatidan bo‘lgan talaba Adam Grachek.

Yevropa uchun zinapoya

Shvetsiya universitetlarida ta'lim olish Yevropada yashash va ishlash imkoniyatlari eshigini ochib beradi.

Amerikadan farqli o‘laroq, Shvetsiyada 25 kunlik mehnat ta'tilini olish mumkin. Qolaversa, bu yerda farzand ko‘rgan ota-onaga haq to‘lanadigan, umumiy 480 kunlik ta'til beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: