Qishloq xo‘jaligi ekinlarining yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan mahalliy navlari qayta tiklanadi

O‘zbekiston 09:30 / 12.12.2019 4007

Qishloq xo‘jaligi ekinlarining yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan mahalliy navlarini qayta tiklash va ular asosida organik urug‘chilikni tashkil etish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda yo‘qolib ketayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining mahalliy navlarini tiklash, saqlash va organik urug‘chiligini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

oliy va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda yo‘qolib ketayotgan qishloq xo‘jalik ekinlarining mahalliy navlarini aniqlash va yig‘ish bo‘yicha ilmiy ekspeditsiyalarni tashkil etsin hamda ilmiy ekspeditsiya xarajatlarini Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta'minoti” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishini nazarda tutadi;

yo‘qolib ketayotgan qishloq xo‘jalik ekinlarining mahalliy navlarini “Qishloq xo‘jaligi ekinlari genetik resurslari Genbanki”da saqlashni tashkil etadi;

yo‘qolib ketayotgan qishloq xo‘jalik ekinlarining mahalliy navlarini ekin turlari bo‘yicha tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalarida tiklab original urug‘chiligini tashkil etadi;

tiklangan mahalliy navlarni Davlat nav sinash komissiyasida sinovlardan o‘tkazib, o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etiladigan qishloq xo‘jaligi ekinlari Davlat reyestriga kiritadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda:

yo‘qolib ketayotgan g‘o‘za, don va dukkakli, moyli, ozuqabop, sabzavot, poliz, meva va uzum ekinlarining mahalliy navlarini hosildorligi va sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, iqlim o‘zgarishlari, qurg‘oqchilik va sho‘rga moslashgan nav namunalarini tanlash hamda original urug‘chiligini rivojlantirilishini;

yo‘qolib ketayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining mahalliy navlari genofondini o‘rganish va undan samarali foydalanishini;

ekin turlari bo‘yicha organik mahsulot hamda urug‘chiligi va ko‘chatchiligi tashkil qilinishini;

organik mahsulot va urug‘larni yetishtirishda zamonaviy biopreparat va organik o‘g‘itlarni yaratish hamda qo‘llash bo‘yicha dolzarb davlat ilmiy-texnik dasturlar loyihalari yuzasidan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlarining e'lon qilish hamda grantlar hisobiga moliyalashtirilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020 yildan boshlab “Fan” sohasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida yo‘qolib ketayotgan qishloq xo‘jalik ekinlarining mahalliy navlarini tiklash, saqlash va organik urug‘chiligini tashkil etish uchun zarur mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ajratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda 2020 yil iyun oyiga qadar “Qishloq xo‘jaligi ekinlari va urug‘liklarini parvarishlash va mahsulot yetishtirish bo‘yicha 2021-2025 yillar uchun namunaviy texnologik kartalar”ni ishlab chiqadi.

Ko‘proq yangiliklar: